Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Air India Boeing 787 halokati bo‘yicha dastlabki hisobotni e’lon qildi
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oyida 260 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Air India samolyoti halokatga uchrashidan biroz oldin uchuvchilar kabinasida g‘ayritabiiy vaziyat yuzaga kelgan: bortda dvigatel yoqilg‘isini uzish tugmalari deyarli bir vaqtning o‘zida ishga tushib, dvigatellarga yoqilg‘i yetib borishi to‘xtagan.

Halokat joyi. Foto: EPA
Hindiston hukumati Air India aviakompaniyasining Ahmadobod shahridan Londonga parvoz qilgan va havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay qulagan Boeing 787 Dreamliner samolyoti halokati bo‘yicha tergovning dastlabki xulosalarini e’lon qildi.
Hisobotda aytilishicha, samolyot darhol tortish kuchini yo‘qotib, pastlay boshlagan, uchuvchilar esa dvigatellarga yoqilg‘i uzatish tumbleri o‘chirib qo‘yilgani haqida gaplashishgan.
Halokat va unga oid rasmiy ma’lumotlar bir oy davomida e’lon qilinmagani turli taxminlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Mutaxassislarning forumlarida (ularda amaldagi va sobiq uchuvchilar hamda aviatsiya muhandislari ishtirok etadi) quyidagi versiyalar muhokama qilingan:
- Uchuvchilar tasodifan (balki shassini yig‘aman deb) samolyot qanotidagi ortqanotcha (zakrilka) va oldqanotcha (peredkrilka)larni uchishdagi 5 pozitsiyadan 0 pozitsiyaga – ya’ni, kruiz parvozi uchun mo‘ljallangan holatga – o‘tkazib yuborgan bo‘lishi mumkin. Ortqanotchalar past tezlikda (uchish va qo‘nish paytida) qanot ko‘taruvchi kuchni oshirish uchun ishlatiladi. Qanot yuzasi qisqarishi past tezlikda ko‘taruvchi kuchni kamaytirib, samolyot qulashiga olib kelgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblashdi ushbu versiya mualliflari.
- Noma’lum sabablarga ko‘ra har ikki dvigatel ishdan chiqqan. Bu juda kam uchraydigan holat bo‘lib, muhokamalarda bunday nosozlikning ehtimoliy sabablari keltirildi – dvigatelga katta qushlar galasi urilishi (eng keng tarqalgan sabab), yoyilg‘ining suv, bug‘ yoki boshqa modda bilan ifloslanishi kabi omillar nazarda tutildi.
- Dvigatellarni boshqaruvchi mustaqil raqamli tizim (FADEC – Full Authority Digital Engine Control) noto‘g‘ri ishlagan, natijada dvigatellar o‘chirilgan bo‘lishi mumkin.
- Pilotlar tomonidan yonilg‘i yetkazib berishning qasddan yoki hatto yovuz maqsadda o‘chirilishi.
BBC muxbiri Teo Leggetning xabar berishicha, tergov ekipajning harakatlariga qaratilgan.
Hindistonning Aviatsiya hodisalarini tekshirish byurosining 15 sahifali hisobotida aytilishicha, ikkala yoqilg‘i uzgichi ham parvozdan ko‘p o‘tmay «run» (ya’ni «ish») holatidan «cut-off«» (ya’ni «o‘chirilgan») holatiga keltirilgan.
Odatda bu tumblerlar samolyot yerda bo‘lganda dvigatellarni ishga tushirish va to‘xtatish uchun ishlatiladi. Dvigatellarga yoqilg‘i berish to‘sib qo‘yilgani sababli, ular torta olmay qoladi.
Dvigatellar samolyotning barcha tizimlariga elektr energiyasi va gidravlik bosim yetkazib beradi. Biroq zaxira tizimlar ham bor va ular muvaffaqiyatli ishga tushgan: laynerning kompyuter tizimlari algoritm bo‘yicha avval favqulodda turbina (RAT – havo oqimida aylanib, shoshilinch energiya ishlab chiqaradigan «vint»)ni, keyin esa yordamchi kuch qurilmasini yoqqan. Bu tizim elektr bilan to‘liq ta’minlaydi, ammo parvozni davom ettirish uchun tortuvchi kuch bermaydi.
Hisobot mualliflari yozishicha, nosozlik ma’lum bo‘lganidan bir necha soniya o‘tib uchuvchilardan biri ikkinchisiga shunday deb murojaat qilgan: «Nega dvigatellarni o‘chirding?» Ikkinchisi javob bergan: «Men bunday qilmadim».
Hisobotda uchuvchilardan kim savol bergani va kim javob qaytarganiga aniqlik kiritilmagan. Samolyotni ikkinchi uchuvchi boshqargan, komandir esa nazoratchi uchuvchi (pilot monitoring) vazifasini bajargan.
Bu suhbatdan keyin dvigatellardan biriga yoqilg‘i berish tugmasi yana «run» holatiga o‘tgan. To‘rt soniyadan so‘ng ikkinchisi ham «yoqilgan».
Keyingi bir necha soniyada avtomatik boshqaruv tizimi (FADEC) dvigatellarni ketma-ket qayta ishga tushirishga uringan. Hisobotda aytilishicha, samolyot qulayotganida birinchisi aylanishni boshlagan, ikkinchisi esa ulgurmagan. Past aylanishda ishlayotgan yagona dvigatelning intiluvchi kuchi pasayishni to‘xtatish uchun yetarli bo‘lmagan.
Hisobot muhim yoqilg‘i uzgichlarining joylashuvi bo‘yicha yangi savollarni qo‘yadi, biroq Boeing va samolyot dvigatellari ishlab chiqaruvchisi halokat uchun hech qanday yaqqol javobgar emasligi taxmin qilinmoqda, deb ta’kidlaydi Reuters.
Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, ular ishni davom ettirmoqda, shuning uchun halokat sabablari haqida yakuniy xulosalar chiqarishga hali erta.
«Tekshiruvning ushbu bosqichida biz B787-8 (ya’ni Boeing 787 Dreamliner samolyoti) va/yoki GE GEnx-1B dvigatellari operatorlari va ishlab chiqaruvchilariga hech qanday harakatlarni tavsiya eta olmaymiz. Bu samolyot yoki uning dvigatellarida jiddiy nosozliklar aniqlanmaganini anglatadi», – deyiladi tekshiruvda.
Kapitan Sumit Sabharval va ikkinchi uchuvchi Klayv Kundar boshqaruvidagi Londonning Getvik aeroportiga AI171 reysini amalga oshirgan samolyot 12 iyun, payshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:39 da Hindiston g‘arbidagi Ahmadobod shahridan havoga ko‘tarilgandi.
Layner havoga ko‘tarilganidan 40 soniyadan kamroq vaqt o‘tgach qulagan.
260 kishi, jumladan, bortdagi 241 kishi (bir yo‘lovchi tirik qolishga muvaffaq bo‘lgan), shuningdek, yerdagi odamlar halok bo‘lgan.
Air India samolyotining komandiri 56 yoshli Sumit Sabharval bo‘lib, u jami 15 638 soat parvoz qilgan, Hindiston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, u Air India kompaniyasi instruktori ham edi. Ikkinchi uchuvchi 32 yoshli Klayv Kunder bo‘lib, u jami 3 403 soat parvoz qilgandi.
Dastlabki hisobotda qanday qilib tumblerlar parvoz paytida «cut-off» holatiga o‘tishi mumkinligi tushuntirilmagan. Aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha amerikalik ekspertlar ta’kidlashicha, uchuvchi tasodifan yoqilg‘i ta’minoti qayta ulagichlarini almashtira olmagan, deb yozadi Reuters.
«Cut-off» holatiga o‘tish bir zumda dvigatellarni o‘chiradi. Ko‘pincha bunday almashtirishga samolyot qo‘ngandan keyin, shuningdek, ba’zi favqulodda vaziyatlarda – masalan, dvigatelda yong‘in chiqanda qo‘l uriladi.
Amerikalik ekspert Entoni Brikhausning fikricha, asosiy savol nima uchun pereklyuchatellar bu tarzda almashtirilganida: «Ular o‘z-o‘zidan siljiganmi yoki uchuvchilarning xohishi bilanmi? Agar ular uchuvchining xohishi bilan almashtirilgan bo‘lsa, nima uchun?»
Air India aviakompaniyasi Hindiston rasmiylari bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qilib, boshqa izoh berishdan bosh tortgan. Boeing va aviadvigatellar ishlab chiqaruvchi GE Aerospace so‘rovlarga javob bermagan.