Sport | 15:04 / 05.06.2025
24428
8 daqiqa o‘qiladi

«Sensiz men bo‘lmasdim...» – futbolimizdagi eng muhim kun

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi 5 iyun oqshomida o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqishi mumkin. Buning uchun BAAga qarshi safar o‘yinida mag‘lubiyatga uchramaslik yetarli.

Foto: Tribuna.uz

Shoshma... men seni tanidim. Qayerdadir ko‘rganman, balki yomg‘ir yoqqanda bir soyabon ostida futbol tomosha qilgandirmiz? Balki chipta olayotib ro‘baru kelganmiz yo mendan stadion qayerdaligini so‘ragansan-u, yo‘lning qolganini birga bosib o‘tganmiz. Balkim qo‘shnimsan, hamshahar, qarindosh, vatandosh...

...balki sen mening o‘zimdirsan. Mening yoshligim...

Qayerga ketayotganingni ham bilaman. Qo‘lingda bayroq, yangicha hayajon. Axir mustaqil bo‘lding, endi sening ham o‘z jamoang bor, endi dunyoga hayqirishing, bir jamoaga, bir yurtga mansub ekaning haqida jar solishing mumkin.

Ishonch ham katta. Axir yaqinda mana shu yigitlar Xirosimada Osiyoning zo‘rlarini yer tishlatmadimi? Demak, biz kuchlimiz, Osiyo cho‘t emas, hali dunyoga chiqamiz, mundialda o‘ynaymiz. O‘zbekning kimligini hamma ko‘radi, tan oladi, ehhe...

Qayoqda... Senga qattiq ta’sir qilmasligi uchun oldindan aytib qo‘yay – unday bo‘lmaydi. Ilk urinish katta dars bo‘ladi. Koreyslar Toshkentga kelib ketma-ket gol urayotganda hammasini tushunasan – uzoq bir yo‘lning boshidamiz. Yo‘q, kibr bilan emas, katta mehnat bilan sodir bo‘lar ekan hammasi. Kelasi safar boshqacha bo‘ladi.

Kelasi safarlar yana necha marta takrorlanishini bilsang, balki futboldan ko‘ngling sovib ketarmidi? So‘nggi daqiqalarda Xitoy darvozasiga Shirshov gol urib, muxlislar tomon talpinganida, panjara tomon yugurgan ham o‘zingsan. Xursandchiliging hatto o‘rningga qaytguncha ham cho‘zilmagani, boshqa o‘yin natijasi bizni mana shu stadionda qoldirib ketganini bilganingdagi holat... na hammaga qo‘shilib sevinishni, na bu gol juda kech urilgani uchun achinishni bilasan. Yana bitta dars bo‘ldi – chetdan har qancha yordam chaqirishing mumkin, foydasi yo‘q. Mag‘lubiyatlar faqat bizniki ekan, demak g‘alabaga ham faqat o‘zimiz erishishimiz shart. Boshqa yo‘l bo‘lmaydi.

Keyingi dars hammasi maydonda hal bo‘lishi kerakligini anglaganingda ro‘y berdi. Biz Bahrayndan kuchli edik axir. Biz doim Bahrayndan kuchli bo‘lganmiz, shunday emasmi? Avvaliga yaponiyalik hakam Yoshida xato qiladi, keyin buni tuzatish uchun yozgan xatimiz o‘zimizga choh qaziydi...

Muxlis zoti qiziq ekan. Barchasidan ko‘ngli sovib, boshqa qaytib kelmaslikni qasam ichgan stadioniga qaytaveradi. Bu safar boshqacha bo‘lar?

Keyingi safarlar yanada alamli bo‘lsa bo‘ldiki, ko‘ngildagi yara bitmadi. Qatarga beshinchi golni yig‘lab nishonladik, qaniydi yana ikki daqiqa bo‘lsa-yu, yana ikki gol urib mundialga chiqsak. Eronni safarda yutdik, Koreya bilan o‘yinda bir gol yetmadi, axir bunchalik yaqin masofadan qaytish naqadar og‘ir.

Ana, ko‘rinib turibdi, bir gol urish kifoya... nahotki shu qadar omadsizmiz? Avstraliyaning bo‘yi balandroq, koreyslar tezroq yuguradi, yaponlarda yulduzlar ko‘p, arablar har safar oxirida urib ketadi. Nahotki, biz hech qachon eng kuchlilar safida bo‘la olmaymiz? Nahotki birgina gollik masofa shu qadar uzoq?

Hammasini tashlab, haqiqiy futbolni Yevropadan izlagan davrlaring bo‘ldi. Kimdir «Real», kimdir «Barselona»... Messi, Ronaldu... Hammasi zo‘r, mana haqiqiy futbol, biznikilar esa, to‘p tepishni bilmaydi. O‘zbek futbolining o‘zi to‘p kabi tepkilangan, barcha sahnalarda kulgi ostida qolgan paytlarda qarsak chalib kularding-u, g‘ashing kelardi.

Haliyam futbolga qiziqib yuribsanmi? Ehe, biznikilar odam bo‘lmaydi. Senga tentakka qaragandek boqishardi, esingdami?

Axir nimadir kam... nimadir yetishmaydi. Ular bilmaydiki, o‘z jamoang bo‘lmasa, futboling kemtik bo‘lishini... Axir ular bilmaydiki, sen yutganingda ko‘chaga chiqib, jilmaygan yuzlarni ko‘rishni istashing, mag‘lubiyatlarda hamdard kerakligini... Muxlislik bahslashish, kimdir bilan dushman bo‘lish, kimnidir mazax qilish emas, birga quvonish, birga yig‘lash, birga yurish ham ekanini. Yo‘q, bu futbol emas, undan kattaroq.

Bu jamoadan boshqa yana nima xalqni bunchalik birlashtira oladi? Shomurodov «Roma» libosida maydonga chiqqanda butun O‘zbekiston Rimga aylanmadimi? Abduqodirning parvozi chog‘ida butun O‘zbekiston uning qarindoshiga, qo‘shnisiga aylanmadimi? Ularning har birini, xatolari va yomon davrlari bilan qo‘shib yaxshi ko‘radigan faqat biz emasmi?

Esingdami, Yaponiyaning tarixida ilk bor mundialga chiqishi haqida rolik ko‘rganding. So‘nggi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida, atigi yigirma soniya qolganda urilgan gol hal qilgandi hammasini. Adashmasam, atigi ikkita yo‘llanma berilardi Osiyoga. Yaponlar jinni bo‘lib qolgan. Shu qadarki, shundan buyon hech qachon bu masalani so‘nggi daqiqalargacha olib qo‘yishni istamadilar. Borib-borib sen ham agar O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqib qolsa, bundan ham badtar bo‘lishini tasavvur qilganding...

Bilasanmi, aslida unaqa bo‘lmas ekan. Go‘yoki katta voqea, o‘zbek futboli paydo bo‘libdiki, sodir bo‘ladigan eng asosiy voqea, ammo hayajon kam. Ishonch ko‘proq. Bunday ishonch masalan, Qatarga oltita urishimiz kerak bo‘lganda ham, koreyslarga yagona gol bizni chempionatga olib borishi kerak bo‘lgan pallada ham yo‘q edi.

Shunday bo‘lar ekan, qachonki jamoa jahon chempionatiga loyiq bo‘lsa, asta-sekin sen ham ko‘nikib qolganingni bilmay qolarkansan... Avval futbolchilar kuchli jamoalarda o‘ynay boshlaydi, olimpiadada o‘ynaladi va hokazo. Biz ularni tanqid qilib, hujumkor o‘ynashini kutib, o‘yinlardan ko‘ngil to‘lmay, nolib turib ochko to‘plab, chempionatga chiqib qo‘yar ekanmiz.

Mundialga chiqish o‘ylaganingdan sal boshqacha, bu bir mo‘jiza yoki osmondan tuhfa emas, loyiq bo‘lganingda beriladigan baho bo‘lar ekan, Eronni Eronda yutish mumkinligiga ishongan paytingda, jamoangni dunyoning eng yaxshilari bilan ham maydonda tasavvur qila oladigan darajaga yetganingda... Bu xuddi mashaqqatli yo‘lni bosib, manzil ko‘ringan paytdagi hissiyot, o‘sha mashaqqatlar ostidagi xayoliy tuyg‘u emas. Aytib bera olmayman senga, tushun.

Mana, ostonada turibman. Bir g‘alabalik masofadan mundial ko‘rinib turibdi. Osonmi? Bugungi g‘alabaga kechagi mag‘lubiyatlar, kechagi alamlar poydevor qo‘ygan emasmi? Shomurodov Shkvirinning, Shatskixning gollarini ko‘rib ulg‘aygani rost-ku? Abduqodir Anzurga havas qilgandir, Odil Odil akasining qanoti ostida shu darajaga kelmadimi? Yusupovning seyvlarida Ignatiydan ulush bordir... Timur Kapadze bugun shogirdlarini bahsga chorlar ekan, o‘z tanasidan o‘tkazgan necha yillik dardni taktika doskasiga to‘kib solar... Agar Mirjalol Qosimov Ummonga, Qatarga jarimadan gollar urmaganida, bugungi Fayzullayevning gollari bo‘lmasmidi...

Senchi? Kimdir taslim bo‘lmasdan mana shu og‘ir yo‘lni bosib o‘tishi shart edi va sen buni bajarding.

Sening qadamlaring bo‘lmaganida men bu ostonaga yetib kelmasdim, sen bo‘lmasang men ham bo‘lmasdim...     

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid