Jamiyat | 09:25 / 05.06.2025
6092
4 daqiqa o‘qiladi

Yer maydonlarini 500 ming dollardan ortiq mablag‘ga sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Hududlarda yer maydonlarini jami 500 ming AQSh dollaridan ortiq mablag‘ga noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi.

Foto: Videodan kadr

Xiva shahrida bog‘dorchilik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari MChJning 19,9 gektar yer maydonini go‘yoki 30 gektar ekanini aytib, uni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 120 ming AQSh dollari hamda 80 sotix qismida ko‘p qavatli turar joy binosi qurishga ruxsat olib berish uchun 60 ming AQSh dollari, jami 180 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda MChJ rahbari talab qilingan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Boshqa holatda esa Kadastr agentligining Qo‘qon shahar bo‘limi yetakchi inspektori dehqonchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikka 2024 yilda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan 5,8 gektar sug‘oriladigan yer maydoni ajratilishida va unda yengil tipdagi issiqxona tashkil etishi bo‘yicha tegishli qaror chiqarilishida yordam berganini ro‘kach qilib, ushbu masalani hal etishda ko‘maklashgan mansabdor tanishlariga pul mablag‘lari berishi kerakligini aytib, fermer xo‘jalikning ish yurituvchisidan 150 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda kadastr inspektori ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi. 

Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda Angren shahrida yashovchi, muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs shahar hududida joylashgan hamda bog‘dorchilikka mo‘ljallangan 18 sotix yer maydonini va unga tutash bo‘lgan Ohangaron o‘rmon xo‘jaligi fondiga qarashli 2 gektar yer maydonini 100 ming AQSh dollariga sotishini hamda 21 ming AQSh dollari evaziga kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytadi. 

Lekin, so‘ralgan 121 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. 

Bu kabi qonunbuzilish holati Surxondaryo viloyatida ham qayd etilib, “To‘palang-Qoratog‘” Irrigatsiya tizimlari boshqarmasining To‘palang gidrouzeli bo‘limi xodimi Sariosiyo tumani hududidan kesib o‘tuvchi daryo va kanal muhofaza yer maydoni bo‘lgan 32 sotix yerni 73 500 AQSh dollari evaziga shaxsiy mulk sifatida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, 70 ming AQSh dollari va 39 mln so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi. 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid