Xatolar ulg‘aytirgan jamoa. O‘zbekistonning mundial sari uzoq yo‘li haqida

Foto: Getty Images
2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etadigan 48 jamoadan hozircha faqat 10 tasining nomi ma’lum. Shundan uchtasi mezbonlar, biri esa O‘zbekiston.
O‘zbekiston milliy jamoasi nihoyat, sakkizinchi urinishda ishonchli tarzda, muddatidan oldin yo‘llanmani naqd qildi. Bungacha esa har safar alamli tugagan yettita urinish bo‘lgandi.
Quyida o‘sha yillarni yodga olamiz.
JCh-1998
Bosh murabbiylar: Rustam Mirsodiqov/Ubirajara Veyga da Silva
Natija: Ikkinchi bosqich, guruhda 4-o‘rin
1991 yilda mustaqillikka erishgan O‘zbekiston 1994 yil AQSh maydonlarida o‘tkazilgan jahon chempionati saralashida ishtirok etishga ulgurmagan.
Shu tufayli birinchi urinish 1998 yil Fransiya mezbonlik qilgan mundial saralashiga to‘g‘ri keladi. 1994 yilda Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan, safida Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin, Nikolay Shirshov, Shuhrat Maqsudov, No‘’mon Hasanov, Ravshan Bozorov, Oleg Shatskix, Sergey Lebedev, Andrey Fyodorov, Dilmurod Nazarov kabi futbolchilarni jamlagan milliy jamoa o‘shanda qit’a grandlaridan biri maqomiga da’vo qilardi. 1997 yil mayida boshlangan saralash bosqichi avvaliga O‘zbekiston uchun ko‘tarinki ruhda o‘tadi. Birinchi bosqichda Yaman, Indoneziya va Kamboja kabi raqiblarga hech qanday imkoniyat qoldirilmaydi, ayniqsa Kamboja bilan o‘yinlarning ikkisida ham yirik hisobdagi g‘alabalar (6:0, 4:1) qayd etiladi.
Ammo ikkinchi bosqichda jamoaning haqiqiy darajasi ko‘rinib qoladi: Yaponiyaga safarda (3:6), Janubiy Koreyaga uyda (1:5) yirik hisoblarda mag‘lub bo‘linadi, BAA ham Toshkentdan g‘alaba (2:3) bilan qaytadi. Yakunda 3 o‘yinda durang o‘ynagan va faqat Qozog‘iston bilan uy o‘yinida g‘alabaga erishgan jamoa guruhda to‘rtinchi o‘rinda qolib ketadi.
Holbuki, o‘sha vaqtlarda Osiyoga JCh uchun 2,5 ta yo‘llanma taqdim etilgandi va guruhdagi ikkinchi o‘rin ham yo‘llanmani kafolatlamasdi.
JCh-2002
Bosh murabbiylar: Vladimir Salkov, Leonid Ostroushko
Natija: Ikkinchi bosqich, guruhda 3-o‘rin
Osiyo grandlari Yaponiya va Janubiy Koreya mezbonlik tufayli saralash o‘yinlaridan ozod etilgan va bu qit’aning boshqa jamoalari uchun yaxshi imkoniyat hosil qilgandi.
Bu saralash sikli O‘zbekiston fuqaroligi berilgan rossiyaliklar Vladimir Maminov, Oleg Pashinin, Aleksey Polyakov, Ruslan Agalarov, bolgarlar Aleksey Dionisiyev va Georgiy Georgiyev kabi futbolchilarning o‘yinlari, Maminovning Xitoy Taybey darvozasiga maydonning ikkinchi qismida turib chalqancha uslubda urgan goli bilan yodda qolgan.
Ammo xorijliklarni naturallashtirish ham ish bermaydi. O‘zbekiston bu safar ham birinchi bosqichni kuchli o‘tkazadi, bu safar Kamboja o‘rniga Xitoy Taybey jamoasi darvozasiga bearmon gol uriladi (7:0, 4:0), Turkmaniston va Iordaniya ham ortda qoldiriladi.
Ammo yana ikkinchi bosqichdagi raqiblar jiddiy muammo tug‘diradi. Agar mundial yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmasa o‘zini Buyuk Xitoy devoridan tashlashini aytgan serbiyalik mutaxassis Bora Milutinovich xitoyliklar bilan guruhda birinchi o‘rinni egallaydi. BAAga qarshi safarda ham, uyda ham yutqazgan O‘zbekiston esa uchinchi o‘rinda qolib ketadi.
JCh-2006
Bosh murabbiylar: Yurgen Gyode, Ravshan Haydarov, Robert Hafton
Natija: Ikkinchi bosqich, guruhda 3-o‘rin, pley-off
Uchinchi urinishda O‘zbekiston mundial yo‘llanmasiga juda yaqin kelgandi. Ammo tarkibda Jeparov, Geynrix, Nesterov, Bikmayev, Ashurmatov, Koshelev, Soliyev kabi yangi yetakchilar paydo bo‘lgan jamoa ham Germaniya yashil maydonlaridagi turnirga bora olmaydi.
Jamoa bu safar ham dastlabki bosqichdan osonlik bilan o‘tadi – Iroq, Falastin va yana bir bor Xitoy Taybey ortda qoldiriladi.
Ammo yakuniy bosqichdagi ikki to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreya o‘ziniki qiladi. O‘zbekiston asosiy raqiblarga qarshi o‘yinlarda bittadan ochko olish bilan kifoyalanadi va faqat so‘nggi turda Kuvaytga qarshi 2005 yil 17 avgustida Toshkentda kechgan tarixiy o‘yindagi g‘alaba evaziga mundial yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ladi. Angliyalik mutaxassis Bob Hafton boshqaruvi davriga to‘g‘ri kelgan o‘sha o‘yinning birinchi bo‘limi davomida arablar ikkita gol urishgan, o‘yinning qolgan qismida esa jamoa iroda ko‘rsatib, g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira olgandi.
Lekin O‘zbekistonni oldinda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar kutayotgandi.
Guruhda uchinchi o‘rinni egallagan jamoani Bahraynga qarshi o‘tish o‘yinlari kutayotgandi.
Toshkentda kechgan birinchi o‘yin startidayoq Mirjalol Qosimov hisobni ochadi. Barchasi ko‘ngildagidek ketayotgandi, ammo shundan keyin g‘alati voqealar sodir bo‘ladi: 38-daqiqada Shatskix to‘pni bo‘sh darvoza tomon yo‘llaydi, raqib himoyachisi esa uni qo‘li bilan to‘sib qoladi. Yaponiyalik bosh hakam Tosimitsu Yoshida penalti belgilaydi, ammo arablar futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatmaydi. Jeparov penaltini aniq ijro etadi, hakamlar esa navbatdagi xatoga yo‘l qo‘yadi. To‘p tepilayotganida O‘zbekiston vakillaridan biri jarima maydoni ichiga kirib ketgani qayd etiladi va bahraynliklar foydasiga erkin zarba beriladi. Holbuki, futbol qoidalariga ko‘ra, bunday holatda penalti takroran tepilishi kerak bo‘lardi.
O‘yinda hisob o‘zgarmay qoladi, ya’ni O‘zbekiston minimal hisobda bo‘lsa ham g‘alabaga erishadi.
Ammo O‘FF FIFAga rasmiy shikoyat yuborib, birinchi bellashuv uchun texnik mag‘lubiyat yozish va javob uchrashuviga yevropalik hakamlarni tayinlashni so‘raydi. Ammo FIFA texnik mag‘lubiyat yozish emas, o‘yinni qaytadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Yakunda O‘zbekiston Toshkentdagi takroriy o‘yinda 1:1, safarda 0:0 hisoblarida durang o‘ynaydi va Bahrayn safardagi gol qoidasi bo‘yicha o‘tish o‘yinlaridagi ishtirokini davom ettiradi (yakuniy bosqichda Trinidad va Tobagoga yutqazadi).
JCh-2010
Bosh murabbiylar: Mirjalol Qosimov, Vadim Abramov
Natija: Ikkinchi bosqich, guruhda 5-o‘rin
Bu vaqtga kelib Osiyodan turnirga yo‘llanma olish qiyinlashgan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va Eron kabi doimiy favoritlar qatoriga Avstraliya ham qo‘shilgandi.
O‘zbekiston odatdagidek birinchi bosqichni ajoyib o‘tkazadi, hatto Saudiya Arabistoni Toshkentda yirik hisobda mag‘lub etiladi (3:0).
Ammo yakuniy bosqichda har qachongidan ko‘ra muvaffaqiyatsiz ishtirok etiladi hamda Avstraliya, Yaponiya, Bahrayn va Qatar jamoalari bilan bir guruhda so‘nggi o‘rin egallanadi. Sakkiz o‘yindan faqat bittasida - Qatar bilan Toshkentdagi o‘yinda g‘alaba qozoniladi (4:0), Yaponiya bilan safarda durang qayd etiladi (1:1), qolgan barcha o‘yinlarda mag‘lubiyat alami totiladi, muxlislar uchun ayniqsa Bahraynga qarshi har ikki o‘yinda 13 raqamli futbolkadagi Mahmud Abdulrahmon jarima zarbalaridan urgan gollar alamli bo‘ladi.
JCh-2014
Bosh murabbiy: Mirjalol Qosimov
Natija: ikkinchi bosqich, guruhda 3-o‘rin, pley-off
O‘zbekiston 2011 yilda Osiyo kubogida juda kuchli ishtirok etib, Osiyoning grand jamolari qatoriga qaytgandi. Xuddi shu davrda boshlangan navbatdagi saralashning birinchi bosqichida esa Yaponiya bilan o‘yinlarda 4 ochko olinadi, o‘shanda Yaponiya bilan o‘yinlardagi yagona g‘alabaga erishilgan, Tokiodagi o‘yinda Aleksandr Shadrin g‘alaba golini urgandi.
Odil Ahmedov, Timur Kapadze, Server Jeparov, Aziz Haydarov, Aleksandr Geynrix, Jasur Hasanov, Sanjar Tursunov, Ulug‘bek Baqoyev kabi futbolchilar o‘z faoliyatining cho‘qqisida bo‘lgan davrlar edi.
Mirjalol Qosimov boshchiligidagi jamoa ikkinchi bosqichni ham munosib o‘tkazadi, Eron Tehronda mag‘lub etiladi, Janubiy Koreya bilan Toshkentda durang qayd etiladi va oxirgi turga qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun imkoniyat saqlab turiladi.
Ammo Janubiy Koreyaga qarshi safar o‘yinida Akmal Shorahmedov urgan avtogol yakunda qimmatga tushadi, so‘nggi turda Qatar 5:1 hisobida mag‘lub etilishi ham foyda bermaydi, Janubiy Koreya o‘z uyida Eronga yutqazib beradi va ushbu ikki jamoa Braziliyadagi mundialga yo‘l oladi, amalda O‘zbekistonga bitta gol yetmay qoladi.
Shundan keyin O‘zbekiston o‘tish o‘yinlarida Iordaniyaga qarshi ikki o‘yin o‘tkazadi, ikki o‘yinda ham bir xilda 1:1 hisobi qayd etiladi, Toshkentda chiroq o‘chib qolgan o‘yinda penaltilar seriyasida arablarning qo‘li baland keladi (Iordaniya ham yakuniy bosqichda Urugvay to‘sig‘idan o‘tolmaydi).
JCh-2018
Bosh murabbiy: Samvel Babayan
Natija: ikkinchi bosqich, guruhda 4-o‘rin
Ahmedov, Jeparov va Geynrix hali ham milliy jamoada o‘ynayotgan, shu bilan birga, Rashidov, Sergeyev, Shomurodov kabi yangi nomlar paydo bo‘lgan davr.
Kutilganidek, birinchi bosqichdan osonlik bilan o‘tiladi: KXDR, Filippin, Bahrayn va Yaman kabi jamoalar bilan bir guruhda 21 ochko to‘planadi.
Ikkinchi bosqichda yana Eron va Janubiy Koreya bilan bir guruhdan joy olinadi. O‘zbekiston saralashni Suriya va Qatar ustidan g‘alabalar bilan boshlaydi, ammo Eronga ikki o‘yinda ham, Koreya, Xitoy va Suriyaga safar o‘yinlarida yutqazadi. Oxirgi tur arafasida uchinchi o‘rinda turgan jamoa Koreya bilan Toshkentda durang qayd etadi, futbolchilar, jumladan, Anzur Ismoilov bu natijadan keyin pley-off bosqichiga tayyorlanayotgandi. Ammo parallel uchrashuvda Eron Suriyadan qo‘shimcha daqiqalarda gol o‘tkazib yuboradi va ushbu jamoani pley-offga olib o‘tadi (qo‘shimcha yo‘llanma uchun o‘yinlarda Avstraliya Suriyadan ustun keladi).
JCh-2022
Bosh murabbiy: Ektor Kuper, Vadim Abramov
Natija: birinchi bosqich, guruhda 2-o‘rin
Milliy jamoa tarixidagi eng muvaffaqiyatsiz saralash bosqichi. Bu safar jamoa birinchi bosqichdan ham o‘ta olmadi. Saudiya Arabistoni, Falastin, Singapur va Yaman jamoalari bilan bir guruhda 15 ochko bilan ikkinchi o‘rin egallandi, ammo guruhlardan biridagi KXDR saralash turnirini tark etishi ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi.
FIFA barcha guruhlardagi so‘nggi 5-o‘rinni egallagan jamoalar bilan natijalar bekor qilinishi haqida qaror chiqaradi, natijada O‘zbekistonning Yaman bilan o‘yindagi natijalari (5:0, 1:0) bekor qilinadi va jamoa ochkolari soni 9 taga tushib qoladi. Bu esa guruhlardagi ikkinchi o‘rinlar o‘rtasidagi eng yomon natijalardan biri bo‘ladi va O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor yakuniy bosqichga chiqa olmaydi.
Bu saralash bosqichi Falastinga qarshi safardagi mag‘lubiyatdan keyin Ektor Kuper iste’foga chiqarib yuborilgani, futbolchilar o‘sha o‘yinni murabbiyni ketkazish uchun sabotaj qilgani haqida mish-mishlar tarqalgani, saralashlar tarixidagi eng yomon natijadan keyin jamoa yetakchisi Odil Ahmedov butsalarini mixga ilgani bilan yodda qolgan.
JCh-2026
Bosh murabbiylar: Srechko Katanets, Timur Kapadze
Natija: Muddatidan oldin yo‘llanma
O‘zbekiston bu inqirozdan kuchli bo‘lib qaytdi. Oldingi saralash erta tark etilgach, darhol tajribali mutaxassis Srechko Katanets jamoa boshqaruviga olib kelindi. U jamoada birinchi navbatda himoya chizig‘ini mustahkamladi, uning talabi bilan Shvetsiya, AQSh, Meksika, Boliviya, Venesuela kabi nomdor raqiblarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkillashtirildi va yangi avlod futbolchilari katta tajriba to‘pladi.
Ushbu mutaxassis boshqaruvi davrida 20 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etildi. Xususan, JCh-2026 saralashida Eronga qarshi ketma-ket uch o‘yinda yutqazilmadi.
JCh saralashining birinchi bosqichida Eron bilan bir xil ochko to‘plandi. Yakuniy bosqichda yana Eron, shuningdek Osiyo kubogining amaldagi g‘olibi Qatar hamda azaldan saralash bosqichlarida O‘zbekistonga jiddiy muammo tug‘dirib keladigan BAA raqib bo‘ldi.
O‘zbekiston hal qiluvchi bosqichda KXDR va Qirg‘iziston kabi guruh autsayderlaridan maksimal ochko (12) oldi, BAAga qarshi Toshkentdagi o‘yinda muhim g‘alabaga erishdi.
Qatar bilan safardagi o‘yinda ham 0:2 hisobidan chiqib keta olishdi va ikki gol urishdi, yakunda g‘alabaga erishish ham mumkin edi, ammo omad yuz o‘girib, so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborildi.
Srechko Katanets salomatligidagi muammo tufayli ishni davom ettira olmadi, uning o‘rnini egallagan sobiq futbolchi Timur Kapadze esa ishni oxiriga yetkazib qo‘ydi.
Jamoa Ozmun, Torimiy kabi yulduzlarga ega Eronga qarshi ikki o‘yinda ham yutqazmadi, futbolchilar Tehrondagi durangdan xafa bo‘lishdi, ular bu o‘yinda g‘alabaga haqliroq ekanini his qilib turishgandi.
Shundan keyin BAAga qarshi safar o‘yinida durang qoniqtirardi va yakunda kerakli hisob bilan mundial yo‘llanmasi hal qilindi. Bu o‘yinda jamoa natijaga qarab ham o‘ynay olishini namoyish etdi. Bu esa kuchli jamoalarga xos sifatdir.
Shunday ekan, bu avloddan yanada kattaroq natijalar kutsa bo‘ladi, bu jamoaga ishonsa bo‘ladi.
Mavzuga oid

11:35
Hali Falastinda ham imkon bor. Osiyo saralashidagi intrigalar

10:40
JCh saralashi: Italiya yirik hisobda yutqazdi, Belgiyada ham muvaffaqiyatsiz start

22:02 / 04.06.2025
Hammasi o‘z qo‘limizda, ertaga g‘alaba qozonishimiz shart – Timur Kapadze

10:07 / 30.05.2025