Jamiyat | 18:40 / 29.07.2025
21284
9 daqiqa o‘qiladi

Bloger Farhod Mannopovning o‘limiga olib kelgan operatsiyani amalga oshirgan shifokor sudda oqlandi

Apellyatsiya sudi blogerning o‘limiga faqat anesteziolog-shifokor aybdor degan xulosaga kelgan. Sud hujjatida yozilishicha, u aynan operatsiya jarayonida ma’lum muddat telefonda suhbatlashib o‘tirgan va Farhod Mannopovning tana harorati ko‘tarilganini o‘z vaqtida aniqlamagan.

Bloger Farhod Mannopovni o‘limi oldidan operatsiya qilgan LOR shifokori apellyatsiya instansiya sudi tomonidan oqlandi. Birinchi instansiya sudi unga 2 yil tibbiyot sohasida LOR shifokori vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagandi.

Blogerning o‘limi

Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, Farhod Mannopovni “Star Med Center” xususiy klinikasida operatsiya qilishda qatnashgan anesteziolog (ism-sharifi tahririyatga ma’lum) telefonda suhbatlashib o‘tirgan. Ya’ni u aynan operatsiya vaqtida bemorning umumiy holatini nazorat qilib turish o‘rniga boshqa shaxslar bilan soat 14:54 da 122 soniya, soat 15:19 da esa 71 soniya operatsiya jarayonlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha suhbatlashib o‘tirgan. Buning oqibatida anesteziolog Farhod Mannopovning tana harorati ko‘tarilganini o‘z vaqtida aniqlamagan. Soat 15:40 da bemorning barmog‘ida bo‘lgan pulsometr ishlamay qolganiga gumon qilib, uni boshqa barmog‘iga qo‘ygan vaqtida Mannopovning tana harorati 38,7 darajaga ko‘tarilib ketganini kech bilgan. Bunga qadar tana harorati ko‘tarilib borgan bemor organizmida narkoz berilgani sabab metobolik o‘zgarishlar vujudga kelgan. Buning oqibatida Farhod Mannopovning yuragi birinchi marta soat 16:30 da to‘xtab qolgan va u koma holatiga tushgan.

Shifokor yo‘l qo‘yilgan kamchilikni turli dori vositalarini betartib qo‘llash orqali to‘g‘rilashga harakat qilgan. Ammo ular keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlarni hisobga olmagan. Oqibatda Farhod Mannopovning yuragi ikkinchi marta soat 17:10 da, uchinchi marta soat 17:53 da to‘xtab qolgan. Shundan so‘ng u chuqur komatoz holatga tushgan va o‘ziga kelmasdan, o‘tkir yurak-qon tomir nafas, buyrak va jigar yetishmovchiligi, DVS sindromi, o‘pka va miya shishi bilan 2023 yil 5 mart kuni soat 3:20 da shu klinikada vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining 2023 yil 30 martdagi xulosasiga ko‘ra, Farhod Mannopovning o‘limi organizmning og‘ir darajali anafilaktik shok oqibatida yuz bergan.

Taxmin ostidagi novokain

LOR shifokori dastlabki sud hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan. U blogerni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazgan bo‘lsa-da, sud bunga e’tibor qaratmaganini, sud jarayonida aybi yo‘qligi o‘z isbotini topganini, biroq asossiz ravishda ayblanganini aytib, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

Sudda qo‘shimcha guvoh sifatida so‘ralgan Mudofaa vazirligi MHKG otolaringologiya bo‘limi boshlig‘i – bosh otolaringolog uning ish faoliyatida operatsiya jarayonida bemorning tana harorati 40 yoki 43 darajaga chiqqan holat biror marta bo‘lmaganini ma’lum qilgan.

Bu LOR shifokor tomonidan yo‘l qo‘yilgan nuqson deya olmayman. Sababi bizga taqdim qilingan hujjatlar to‘liq bo‘lmagan. Bemor LORning aybi bilan o‘lgan deb hisoblamayman. Fikrimcha, aynan rinoplastika vaqtida LOR shifokorining aybi bilan bemorning tana harorati ko‘tarilib ketishi amaliyotda uchramagan. Qanaqadir tashqi ta’sirda anafilaktik shok bo‘lishi moyilroq. Anafilaktik shok organizmga tashqaridan tushgan yot narsaga organizmning kuchli reaksiyasi hisoblanadi. Yot narsa dori moddalari bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin aynan qaysidir dorini ajratib aytolmayman”, degan u.

Yana bir qo‘shimcha guvoh – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Sud-tibbiy ekspertiza markazi sud-tibbiy ekspertiza bo‘linmasi davlat sud-eksperti shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan harakatlarda xato-kamchiliklar aniqlamaganini ma’lum qilgan.

Apellyatsiya instansiyasida taqdim qilingan qo‘shimcha hujjatlar asosida o‘lim sababi aniqlandi. Ya’ni taqdim etilgan tibbiy hujjatlar, kasallik tarixi, birlamchi va komission sud-tibbiy ekspertizalar, mutaxassislar bergan ma’lumotlar, jinoyat ishi materiallari va ma’lumotlarga ko‘ra Farhod Mannopovning o‘limi sababi – jarrohlik amaliyoti jarayonida dori vositasiga medikamentoz allergik reaksiya natijasida rivojlangan anafilaktik shok bo‘lgan. Bu klinik holatda marhumning burun shilliq qavatlariga inʼeksiya orqali yuborilgan novokain mahalliy anestetik dori vositasi etiologik omil sifatida ishtirok etgani ehtimoldan xoli emas.

Novokain eng ko‘p allergiya beradigan dori vositasiga kiradi. Tibbiy hujjatlar o‘rganilganda Farhod Mannopovda allergik kasallik mavjud deb ko‘rsatilgan. Lekin taqdim etilgan hujjatlarda bemor o‘zida allergik reaksiyalarni inkor qilgani tasdiqlangan. Novokaindan tashqari boshqa olgan dori vositalarda ham allergiya bo‘lishi mumkin. Lekin novokain tarkibida allergiya keltirib chiqarish foizi ko‘proq”, degan ekspert.

U ekspert sifatida LOR vrachning biror bir xatosini topa olmaganini aytib o‘tgan.

Sudda qo‘shimcha guvoh tariqasida so‘ralgan Ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy amaliy markazi shifokor allergologi ham o‘lim sababini dori vositasiga allergik reaksiya oqibatida rivojlangan anafilaktik shok deb belgilaganini ma’lum qilgan.

Apellyatsiya sudi

Apellyatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi LOR shifokorni ayblashda ayrim o‘rinlarda taxminiy va asoslantirmagan xulosaga kelgan, deb hisoblagan.

Jumladan, sudlov hay’ati tergov va sudning LOR shifokori Farhod Mannopovni zudlik bilan jarrohlik amaliyotini tezlashtirishga ko‘ndirgani haqidagi taxmin bilan kelishmagan.

“Chunki jinoyat ishi hujjatlarida shifokor bemorni zudlik bilan jarrohlik amaliyotini tezlashtirishga ko‘ndirgan holati mavjud emas. Shifokorda bunga ehtiyoj yoki manfaat bo‘lmagan. Aksincha, ishda aniqlangan holatga ko‘ra, Farhod Mannopov burun sohasidagi jarrohlik amaliyotini tezroq o‘tkazishni aynan o‘zi so‘ragan va buning uchun chet elga uchish maqsadida olingan aviachiptani ham topshirgan. Farhod Mannopov va uning sherigi LOR shifokorni reklama qilish sharti bilan 4 400 dollarlik rinoseptoplastika jarrohlik amaliyotini bepul o‘tkazishga kelishgan” deya keltiriladi sud hukmida.

Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan 2023 yil 16 martdagi va 2023 yil 15 maydagi xizmat tekshiruvida shifokor bemorga nisbatan burun sohasini davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish jarayonida o‘limga olib kelishiga sabab bo‘ladigan xatoliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlanmagan.

Bundan tashqari, sud hujjatida bemorning anesteziya va intensiv terapiya paytidagi funksional holatini monitoring qilib borishga anesteziolog-reanimatolog shifokor mas’ulligi, LOR shifokorning ushbu holatlarga aloqasi hamda aralashishga vakolati yo‘qligi keltirib o‘tilgan.

Sudda qo‘shimcha guvoh tariqasida so‘roq qilingan Ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari ham operatsiya qilinayotgan jarayonda bemorning umumiy holatiga anesteziolog javobgar bo‘lishini, LOR shifokor esa bevosita xirurgiyaga taalluqli qismiga javobgar hisoblanishini aytib o‘tgan.

Shu va boshqa asoslardan kelib chiqib, Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi hukmi bilan dastlabki sud hukmining LOR shifokorga oid qismi bekor qilingan. U qilmishida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sabab aybsiz deb topilib oqlangan hamda jinoyat ishining unga oid qismi tugatilgan.

Nima bo‘lgandi?

“Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 2023 yil 5 mart kuni 27 yoshida vafot etgan edi. U basseynda suzayotib boshi va burnidan jarohat olgan, shu sabab burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentdagi “Star Med Center” xususiy klinikasiga murojaat qilgan, ammo operatsiya jarayonida koma holatiga tushib, o‘ziga kelmagan.

Jinoyat ishi 2023 yil sentabr oyida sudga oshirilgan edi. 2023 yil oktyabrida marhumning yaqinlari iltimosi bilan sud jarayonning OAVda yoritilishini taqiqlagandi.

Mavzuga oid