Jahon | 15:20
5385
3 daqiqa o‘qiladi

«Tramp aralashmaguncha bizda muammo yo‘q edi». Kaliforniya gubernatori Los-Anjyelesdan harbiylarni chaqirib olishni talab qildi

Gevin Nyusom Milliy gvardiyaning 2000 askari Los Anjyelesga joylashtirilishini «suverenitetni buzish» va «keskinlikni alanga oldirish» deb atadi.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom tartibsizliklar tufayli AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan qabul qilingan Milliy gvardiya bo‘linmalarini Los-Anjyelesga yuborish to‘g‘risidagi qarorni rasman bekor qilishni talab qildi.

9 iyunga o‘tar kechasi Nyusom X ijtimoiy tarmog‘ida Pentagon rahbari Pit Hegsetga murojaati nusxasini e’lon qildi, unda u, xususan, agar vaziyat tashqi kuchlar bosqini yoki davlat hokimiyatiga tahdid soladigan tartibsizliklarga taalluqli bo‘lmasa, faqat shtat gubernatori federal hokimiyatga Milliy gvardiyani kiritish so‘rovi bilan murojaat qilishi mumkinligini aytgan.

Kaliforniya gubernatori Milliy gvardiya bo‘linmalarining Los-Anjyelesga kiritilishi «vaziyatni jiddiy keskinlashtirishi» mumkinligini ta’kidlagan va bu bekor qilinishini talab qilgan.

«Tramp aralashmaguncha bizda muammo yo‘q edi. Bu shtat suverenitetining jiddiy buzilishi – keskinlikni qo‘zg‘atish va resurslar aslida kerak bo‘lgan joydan chiqib ketishi», – deya qayd etgan Nyusom.

MSNBC telekanaliga bergan intervyusida Nyusom Kaliforniya rasmiylari dushanba kuni Los-Anjyelesda Milliy gvardiyaning kiritilishiga sudda e’tiroz bildirishini aytdi. Trampning bu qarorini Nyusom «noqonuniy, axloqsiz va konstitutsiyaga zid» deb atadi, deb yozadi CNN. Gubernator bu qaror vaziyatni normallashtirishga yordam bermay, faqat «olovga moy quyishi»ni ta’kidlagan.

Los-Anjyeles janubidagi Paramount shahrida 6 iyun kuni kechqurun migrantlarga qarshi reydlardan so‘ng tartibsizliklar boshlandi, natijada o‘nlab odamlar qo‘lga olindi. Reydlarga qarshi namoyishchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Tartibsizliklar 7 iyun kuni ham davom etdi. Namoyishchilar chegara patruli mashinalariga tosh uloqtirgan. Bunga javoban huquq-tartibot idoralari xodimlari rezina o‘qlardan foydalangan. Tramp Los-Anjyelesga Milliy gvardiyaning ikki ming nafar askarini yuborayotganini ma’lum qildi. AQSh prezidenti ma’muriyati noqonuniy muhojirlarga qarshi kurash bilan shug‘ullangan huquq-tartibot idoralari xodimlariga hujum qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. Kaliforniya gubernatori esa zo‘ravonlik ishlatmaslikka chaqirdi va shtat huquq-tartibot idoralari vaziyatni o‘zlari hal qila olishini ta’kidladi.

Mavzuga oid