Jamiyat | 23:40 / 10.06.2025
19823
5 daqiqa o‘qiladi

300 ming dollar vasvasasi yoxud qotillik bilan tugagan sheriklik - suddan reportaj

Toshkentda ikki tadbirkor o‘rtasidagi hamkorlik kelishmovchilikka aylandi, ulardan biri 300 ming dollarni qaytarishni istamay, sherigidan qutulishga qaror qildi.10 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida mazkur ish yuzasidan hukm o‘qildi. Kun.uz muxbiri suddan reportaj tayyorladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi 2023 yil 2 fevralda davlat ro‘yxatidan o‘tgan “Furnitura producs universal” MChJning yagona ta’sischisi hisoblanadi. U 2023 yil kuzida tadbirkor Nodir Rahimjonov bilan tanishib, uning ishonchiga kirgan. Sudlanuvchi o‘zining kompaniyasi faoliyatini yuritishni taklif qilib, jabrlanuvchidan 1 yil davomida 300 ming dollar pul olgan. Mebel ishlab chiqaruvchi tadbirkor hamkoriga har oyda o‘zaro tadbirkorlikdan tushgan foyda sifatida ma’lum miqdorda pul berib kelgan. Ammo jabrlanuvchi oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 300 ming dollarni qaytarishni talab qilgan. Lekin sudlanuvchi va’dasini bajarmay, pul mablag‘ini o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Shundan so‘ng u o‘zining tanishi, sudlanuvchi Ahmedov bilan birga Rahimjonovni o‘ldirish rejasini tuzgan. Sudlanuvchi qotillik evaziga sherigining sud qaroriga asosan tayinlangan jami 37 mln so‘mlik zarar qarzini yopib berishni va’da qilgan.

Sudlanuvchilar 2024 yil 16 dekabr kuni soat 22:00 da pullarni qaytarish bahonasi bilan Rahimjonovni Shayxontohur tumani Toshkent halqa aylanma yo‘li ko‘chasiga chaqirgan. Uchrashuv sudlanuvchining BYD mashinasida bo‘lgan. Jabrlanuvchi mashinaning old yon, Ahmedov esa orqa o‘rindig‘iga o‘tirgan. Sudlanuvchi pullarni tanishlari olib kelayotganini aytib, jabrlanuvchini shu kuni soat 23:30 larda Olmazor tumani Shifokorlar ko‘chasida joylashgan Urologiya markazi oldiga olib borgan. Bu vaqtda Rahimjonov uxlab qolgan. Keyin sudlanuvchi mashinani ichkaridan qulflab, jabrlanuvchining ikkala qo‘lini mahkam ushlab olgan. Uning sherigi Ahmedov esa sim bilan Rahimjonovni bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Shundan so‘ng marhumning 15 mln so‘mlik kurtkasini, iPhone 15 Pro, iPhone SE Black telefon apparatlarini hamda 500 AQSh dollarini talon-toroj qilgan. Ahmedov sherigining topshirig‘iga asosan marhumga tegishli Malibu-2 avtomobilini Toshkent halqa aylanma yo‘li ko‘chasidagi avtoturargohdan olib, Shifokorlar-2 ko‘chasi, 1A-uy oldiga tashlab kelgan. So‘ngra ular jinoyat izlarini yashirish maqsadida Rahimjonovning murdasini Matizʼga ortib, Toshkent tumanidagi qurilishi tugallanmagan uylarning orqa tomoniga tashlab ketishgan. Sud ishiga raislik qilgan Akmal Mirzaxonov sudlanuvchilarga so‘nggi so‘z berdi. Jalilov advokati bergan qo‘lyozmani o‘qib eshittirdi.

“Men qilib qo‘ygan ishimdan, ya’ni Rahimjonovni o‘z vaqtida shifoxonaga olib bormaganimdan afsusdaman. Sababi Ahmedov meni qo‘rqitgani, u ishga yordam berganimdan afsusdaman. Mening uni o‘ldirishda aybim yo‘qligini inobatga olishingizni, menga yengillik berishingizni so‘rayman. Bo‘lib o‘tgan ishdan chin ko‘ngildan pushaymonman. O‘z vaqtida xabar bermaganimga iqrorman. Mening oilaviy sharoitimni, 3 nafar farzandim borligini, yagona boquvchi ekanimni inobatga olib, yengilroq jazo berishingizni so‘rayman”, – deydi sudlanuvchi.

Marhumni bo‘g‘ib o‘ldirgan sudlanuvchi Ahmedov bu ishda Jalilovning aybi yo‘qligini aytib, suddan yengillik so‘radi.

“Men 97-moddaga iqrorman. Qilib qo‘ygan ishimdan afsusdaman. Bu ishda Jalilovning aybi yo‘q. Men o‘zim qilganman. Onadan so‘kib qo‘ygani uchun shu ish bo‘lib ketdi. Oila a’zolaridan ham uzr so‘rayman”, - dedi u.

Mahkama ishi davomida sudya Mirzaxonov Ahmedovdan yozib berilgan narsani o‘qimaslikni so‘radi. Sudyaga ko‘ra, sudlanuvchining advokati toshturmaga kirib chiqqandan keyin ko‘rsatuvlarini o‘zgartirgan. Mirzaxonov tomonlarni eshitib, hukm o‘qidi. Unga ko‘ra, har ikkala sudlanuvchiga ham 20 yil qamoq jazosi berildi. Ular tayinlangan jazoning 3 yilini turmada o‘taydigan bo‘ldi. Qolgan qismi umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattiriladi. Shuningdek, BYD va Matiz avtomobillarini qonuniy egasiga qaytarish, sudlanuvchi Jalilovdan fuqaroviy da’vogar Rahimjonov foydasiga yetkazilgan moddiy zarar 80 ming AQSh dollari (o‘zbek so‘mida 1 mlrd 22 mln 180 ming so‘m) undirish belgilandi.

Mavzuga oid