Iqtisodiyot | 14:22 / 10.06.2025
1327
2 daqiqa o‘qiladi

Baykalortida o‘zbek meva-sabzavotlarini qabul qiluvchi markaz tashkil etiladi

O‘zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Baykalorti o‘lkasi hukumati raisi o‘rinbosari Buyanto Batomunkuev bilan uchrashdi.

Foto: "Dunyo" AA

Unda, shuningdek, Baykalorti o‘lkasining iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat vazirliklari, infratuzilmaviy rejalashtirish sohalari rahbarlari va ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi.

Tomonlar agrosanoat majmui, ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

O‘zbekistondan Baykalorti o‘lkasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish, mamlakatga yirik va mayda shoxli chorva mollari eksportini ko‘paytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

O‘lkada kuniga 50 tagacha o‘zbek meva-sabzavotlari yuklangan yuk mashinalarini qabul qiluvchi transport-logistika markazini tashkil etish tashabbusi uchrashuvning asosiy mavzusi bo‘ldi. 

Shuningdek, Baykalorti o‘lkasining qishloq xo‘jaligi va chorvachilik majmualarida ishlash uchun O‘zbekistondan malakali mutaxassislar, xususan veterinarlar, mexanizatorlar, payvandchilarni jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Madaniy-gumanitar sohada hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Chita shahrida O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar va turli festivallarni o‘tkazish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. 

Muloqot yakunida hududlararo to‘g‘ridan to‘g‘ri sheriklikni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish, yurtimizdagi investitsiyaviy qo‘shma loyihalar bilan bevosita tanishish maqsadida Baykalorti o‘lkasi ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga biznes-missiyani uyushtirish yuzasidan ahdlashib olindi.

Mavzuga oid