O‘zbekiston | 16:26 / 02.06.2025
7918
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qanday qilib yirik meva importchisiga aylandi?

So‘nggi 3 yilda O‘zbekistonning meva importi 4 barobardan ko‘proqqa oshdi. EastFruit'ga ko‘ra, bu – import bojlarining olib tashlanishi ortidan banan, mandarin va quritilgan xurmo kabi ekzotik tovarlar O‘zbekiston aholisining dasturxonidan tobora ko‘proq joy ola boshlagani bilan bog‘liq. Bundan tashqari, olma importi 3 yilda 17 barobarga oshgani e’tiborli.

O‘zbekiston yirik meva eksportchilari qatorida bo‘la turib, ayni shu yo‘nalishda boshqa mamlakatlar uchun jozibali bozorga aylanib bormoqda. EastFruit portali O‘zbekistonga meva importi keskin o‘sib borayotganiga e’tibor qaratdi.

“O‘zbekistonning meva eksporti barqaror o‘sishda davom etayotgan bo‘lsa-da, importi shunchalik tez o‘smoqdaki, bu voqelik butun manzarani o‘zgartirib yubormoqda. Bu shunchaki kichik siljish emas – bu kutilmagan va muhim o‘zgarishdir”, – deyiladi tahliliy materialda.

Qayd etilishicha, 2021 yildan 2024 yilgacha O‘zbekistonning meva eksporti 93 foizga – 341 mln dollardan 658 mln dollargacha o‘sgan. Eksportning o‘sishi uzum, quritilgan mevalar va o‘rik kabi an’anaviy yo‘nalishlarda kuchli bo‘lmoqda – O‘zbekistonning bu mahsulotlariga ko‘plab xorijiy bozorlarda qiziqish bor. Ayniqsa, gilos eksporti alohida ajralib turadi: eksport qiymati 20 mln dollardan 50 mln dollargacha oshgan, ya’ni 150 foizga.

Ammo qizig‘i shundaki, ayni shu davr mobaynida meva importi 60 mln dollardan 250 mln dollargacha oshgan. Bu 317 foizlik ulkan o‘sishni anglatadi va dunyodagi eng tez o‘sayotgan ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Eksport deyarli ikki barobar oshgan bo‘lsa, import to‘rt barobardan ko‘proqqa o‘sgan. Bu – banan, sitrus mevalar (ayniqsa mandarin va apelsin) hamda yangi olmalarga talab katta ekani bilan bog‘liq.

E’tiborlisi, 2021 yildan 2024 yilgacha eng tez o‘sgan import – ekzotik mevalar emas, balki olma. Olma importi atigi 3 yilda 17 barobarga oshib, 2024 yilda 85 mln dollardan oshdi. Banan importi esa uch barobarga ko‘tarilib, birinchi marta 100 mln dollardan oshdi. Mandarin importi banannikidan ham tezroq o‘sdi – 3 yilda 4 barobarga oshib, 2024 yilda 95 mln dollarga yetdi va deyarli banan importi hajmiga tenglashdi.

Tez o‘sayotgan boshqa toifalar qatorida apelsin (5 barobar ko‘payib, 25 mln dollarga yetgan), nok, kivi va xurmo bor.

EastFruit'ga ko‘ra, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan Misr va Marokash eksportchilari uchun O‘zbekistonda tashkil etilgan savdo missiyasi allaqachon ijobiy natijalar bera boshlagan ko‘rinadi.

Importga bunday ko‘lamdagi ehtiyoj qanday paydo bo‘ldi?

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonning meva importidagi kutilmagan o‘sishiga bir necha omillar turtki bermoqda. O‘zbekistonlik iste’molchilar tobora ko‘proq banan va sitrus mevalar kabi ekzotik mevalarni izlayapti – bu global tendensiyalar va aholining oshib borayotgan daromadlarini aks ettiradi.

“Yangi mevalarni yil davomida iste’mol qilish O‘zbekistonda asta-sekin odatga aylanmoqda va mavsumiy iste’mol o‘rnini egallamoqda. Bu esa o‘z navbatida ilgari qishda yangi mevalar o‘rnini bosgan quritilgan mevalarga talabning pasayishiga olib kelyapti. Bu esa quritilgan mevalar eksportining oshishiga hissa qo‘shmoqda”, – deydi FAO Investitsiyalar markazi iqtisodchisi Andriy Yarmak.

Bunday tez o‘sish avvalo O‘zbekiston hukumati mevalar uchun import bojini nollashtirib qo‘ygani bilan bog‘liq. Rasmiy jihatdan bu imtiyoz vaqtinchalik deb belgilangan, lekin bir necha yildan beri imtiyoz muddati uzaytirib kelinyapti.

Importning o‘sishi savdogarlar, fermerlar va oddiy odamlar uchun nimani anglatadi?

Bu faqat raqam emas – bu o‘yin qoidalarini o‘zgartiruvchi voqea, deya yozadi EastFruit.

Meva savdosi bilan shug‘ullanuvchilar uchun 250 mln dollarlik O‘zbekiston bozori – oltin imkoniyatdir. Banan, olma, xurmo va sitrus mevalarni yetkazib beruvchilar – Misr, Pokiston, Marokash, Polsha va Ukraina kabi mamlakatlar bundan allaqachon foyda ko‘rmoqda. Ammo imkoniyat hali ham katta. Eng katta qiyinchilik – logistika va raqobatni boshqarish, imkoniyat esa – jadal o‘sayotgan bozordir.

“Ilgari faqat mahalliy hosil bilan to‘ladigan bozorlarda endi jahonning har xil lazzatlari bor – bu ochilayotgan va boyib borayotgan mamlakatning belgisi”, – deya qayd etgan nashr.

Ayni paytda, O‘zbekiston eksportdagi yetakchi mavqeyini mustahkamlayapti – 2024 yilgi 658 mln dollar buni ko‘rsatib turibdi. Biroq import 250 mln dollarga yetib, tez sur’atda o‘sib borar ekan, muvozanat o‘zgarayotgan ko‘rinadi. Shunisi aniq: O‘zbekistonning meva savdosi endi faqat mashhur bog‘lari bilan bog‘liq emas. Savdo farovonlik keltiradi, eksport ham, import ham mamlakatga foyda olib keladi, tadbirkorlar va iste’molchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Mavzuga oid