Iqtisodiyot | 18:57 / 10.06.2025
5117
4 daqiqa o‘qiladi

So‘m 2 haftada 2 foizga mustahkamlandi. Qanday qilib?

AQSh dollarining so‘mga nisbatan Markaziy bank belgilagan qiymati 8 oylik minimumni qayd etdi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, o‘zbek so‘mining qadri oshishi – asosiy savdo hamkorlarning valutalari ham dollarga nisbatan mustahkamlanayotgani fonida yuz bermoqda. Pul o‘tkazmalari, oltin va boshqa eksport tovarlar hamda kapital oqimlarining so‘nggi haftalardagi dinamikasi bo‘yicha hali ochiq ma’lumotlar yo‘q.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursini 11 iyun uchun 12 674,37 so‘m deb belgiladi. Bu – 2024 yil 5 sentabrdan keyingi davr uchun minimum ko‘rsatkich bo‘ldi.

So‘nggi 2 haftada so‘m dollarga nisbatan 2 foizga mustahkamlanib, 1 AQSh dollari 265 so‘mga arzonlashdi. Yil boshiga nisbatan dollarning arzonlashishi 1,8 foizni tashkil etmoqda.

Bugun, 10 iyun kuni Amerika valutasi aksariyat tijorat banklarida 12 750 so‘mdan 12 780 so‘mgacha bo‘lgan qiymatda sotildi.

So‘nggi bir yillikdagi dinamika

So‘mga nima bo‘lyapti?

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev so‘mning o‘rtacha kursi so‘nggi 7 sessiyada 0,8 foizga mustahkamlangani sabablarini sanab o‘tdi.

Hamkor davlatlar valutalari. So‘nggi kunlarda hamkorlarimiz valutalarining nisbatan mustahkamlanish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xususan, iyun oyi boshidan buyon rublning o‘rtacha kursi oldingi 6 sessiyadagi o‘rtacha kursga nisbatan 0,4 foizga mustahkamlangan. May oyidagi o‘rtacha kursga nisbatan esa 1,5 foizga mustahkamlandi.

Tengening o‘rtacha kursi mayga nisbatan 0,3 foizga mustahkamlangan (oy boshi va 10 sana o‘rtasidagi mustahkamlanish esa 0,5 foiz atrofida). Hamkorlarimiz valutalarining mustahkamlanishi ulardan pul o‘tkazmalarining o‘sishiga va milliy valutamiz mustahkamlanishiga zamin yaratadi.

So‘nggi haftada dollar indeksi nisbatan barqaror saqlanayotgan bo‘lsa-da, haligacha nisbatan qadrsizlanish fazada qolmoqda. Xususan, oy boshidan buyon biroz 0,1 foizga qadrsizlangan bo‘lsa-da, so‘nggi bir oyda 2,5 foiz atrofida qadrsizlanganligini ko‘rish mumkin. Dollarning global qadrsizlanishi esa so‘mning nisbatan barqaror qolishi va mustahkamlanishiga zamin yaratadi.

Bulardan tashqari, pul o‘tkazmalari (rubl mustahkamlanishi fonida tezlashgan bo‘lsa kerak), oltin va boshqa eksport tovarlarining o‘zgarishi, kapital oqimi kabi omillar so‘m kursining o‘zgarishiga ta’sir o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkin, lekin bu omillar bo‘yicha ma’lumotlar hozircha mavjud bo‘lmaganligi uchun ularning aniq ta’siri haqida xulosa berish qiyin.

Oy boshidan buyon so‘mning boshqa valutalarga nisbatan o‘zgarishiga e’tibor qaratsak, ko‘ramizki (6 ta sessiya), so‘m dollardan tashqari iyena (0,37 foizga), funt (0,31 foiz) kabi zaxira valutalariga nisbatan mustahkamlangan. Yevroga nisbatan esa barqaror qolgan (biroz qadrsizlangan). Bu holat global tendensiyalarning so‘mga ta’sirini ko‘rsatadi. Ya’ni global miqyosda yevroning dollarga nisbatan mustahkamlanishi kuzatilmoqda (oy boshidan buyon yevro dollarga nisbatan 0,8 foizga mustahkamlangan, o‘rtacha kurs emas).

Bundan tashqari, so‘m qo‘shnilarimiz valutalaridan tengega nisbatan 0,7 foizga, somga nisbatan 0,6 foizga mustahkamlangan bo‘lsa, somoniga nisbatan 1,3 foizga qadrsizlangan. Rublga nisbatan esa 0,4 foizga qadrsizlangan. Bu ham mintaqaviy tendensiyalarni o‘zida namoyon etadi. Ya’ni rublning mustahkamlanishi mintaqadagi boshqa valutalarning ham dollarga nisbatan mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda, ammo ular rublga nisbatan qadrsizlanmoqda.

Shuningdek, ilk 4 oydagi yuqori darajadagi oltin eksporti (5,6 mlrd dollar) natijasida yig‘ilib qolgan zaxiralar ham so‘mning mustahkamlanishida rol o‘ynayotgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid