So‘m 5 kunda 2 foizga mustahkamlandi. Bunga nimalar ta’sir qilyapti?
AQSh dollarining so‘mga nisbatan Markaziy bank belgilagan qiymati 15 oylik minimumni qayd etdi va 12 500 so‘mdan pastga tushdi. Yil boshidan buyon milliy valuta AQSh valutasiga nisbatan qariyb 3,2 foizga mustahkamlandi. Qanday qilib?

O‘zbekiston Markaziy banki 23 iyundan xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi. AQSh dollari kursi kunlik savdolar yakuniga ko‘ra yana 62 so‘mga o‘z qiymatini yo‘qotdi.
Umuman olganda, dollar kursi ketma-ket beshinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, 264 so‘mga yoki 12 760 so‘mdan 12 496 so‘mga arzonlashdi. Bu – 2024 yilning 29 fevralidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.
Yil boshidan buyon milliy valuta AQSh valutasiga nisbatan qariyb 3,2 foizga mustahkamlandi. Taqqoslash uchun: 2024 yilning yanvar-iyun oylarida so‘m 2,2 foizga qadrsizlangandi.
So‘m nega mustahkamlanyapti?
Birinchidan, dollarning o‘zi global valuta sifatida qadrsizlana boshladi. Xususan, yillik nisbatda dollar indeksi 6,8 foizdan ko‘proqqa qadrini yo‘qotdi. Chunki Trampning prezidentlikka kelishi va u tomonidan joriy qilingan savdo tariflari global iqtisodiy barqarorlik bo‘yicha noaniqliklarni kuchaytirdi. Natijada investorlarning AQSh iqtisodiyoti bo‘yicha kutilmalari yomonlashdi. Bu esa fond hamda valuta bozorlariga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning iqtisodiy ko‘rsatkichlari ham so‘mning mustahkamlanishiga yordam beryapti. Jumladan, global noaniqliklar va Yaqin Sharqdagi siyosiy vaziyatning yomonlashishi fonida oltin narxining keskin o‘sishi davom etyapti. Xususan, yil boshidan beri qimmatbaho metall narxi 28 foizga oshdi. O‘zbekiston esa eng yirik oltin eksportyorlaridan biri hisoblanadi. 2025 yilning dastlabki 4 oyida 26 tonna sof oltin sotuvi amalga oshirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari tarkibida oltinning o‘rni judayam katta hisoblanadi. Mazkur qimmatbaho metall narxining o‘sib borayotgani fonida O‘zbekiston zaxiralar hajmi yil boshiga nisbatan 8,48 mlrd dollarga oshdi va 49,66 mlrd dollarga yetdi. Bu mamlakat tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir. Zaxiralarning o‘sishi o‘z-o‘zidan Markaziy bankka valuta bozoriga ta’sir qilish uchun ko‘proq imkoniyat yaratadi.
Uchinchidan, eksportning keskin o‘sishi va tashqi savdoda taqchillikning qisqarish tendensiyasi yuz beryapti. Jumladan, joriy yilning 4 oyida eksport hajmi 12 mlrd dollarni tashkil etib, oldingi yilning mos davriga nisbatan 35 foizga ko‘paydi. Oltin eksporti esa 62 foizga o‘sib, 5,6 mlrd dollarga yetdi. Eksportning bunday yuqori o‘sishi fonida tashqi savdo defitsiti 846 mln dollargacha qisqardi. Fevral, mart va aprel oylarida tashqi savdoda profitsit kuzatilyapti. Bu esa milliy valuta uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston bilan asosiy iqtisodiy hamkor davlatlar milliy valutalarida ham mustahkamlanish yuz beryapti. Bu xorijdan pul o‘tkazmalarining o‘sishiga hissa qo‘shishi, shuningdek, so‘m kursini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Birgina 2025 yilning boshidan beri rubl kursining dollarga nisbatan 23 foizdan ko‘proqqa muztahkamlanishi kuzatildi. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining o‘sishini tezlashtirdi. Joriy yilning birinchi choragida pul o‘tkazmalari hajmi 3,3 mlrd dollarni tashkil etib, oldingi yilning mos davriga nisbatan 32 foizga o‘sgan.
Shuningdek, S&P va Moody’s kabi xalqaro agentliklar O‘zbekiston kredit reytingi prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi. Mazkur hodisa ham iqtisodiyot bo‘yicha kutilmalarning yaxshilanishiga xizmat qiladi. Bu ham valuta kursiga ijobiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Mavzuga oid

16:29 / 19.06.2025
So‘m dollarga nisbatan 4 kunda qariyb 1,6 foizga mustahkamlandi

16:51 / 18.06.2025
Dollarning rasmiy kursi oxirgi 10 oylikdagi eng past darajaga tushdi

18:57 / 10.06.2025
So‘m 2 haftada 2 foizga mustahkamlandi. Qanday qilib?

15:08 / 01.06.2025