Fan-texnika | 16:46 / 10.06.2025
3042
8 daqiqa o‘qiladi

iPhone yangi dizayni, Siri’da kechiktirilgan o‘zgarishlar, iOS26 va Games – Apple WWDC25’da nimalar taqdim qildi?

Apple kompaniyasi WWDC 2025 yillik konferensiyasida barcha qurilmalari uchun operatsion tizimlar dizayni va qo‘shimcha funksiyalar bilan bog‘liq yangilanishlarni taqdim qildi. Mutaxassislarga ko‘ra, texnologiya olamidagi o‘yinchilar o‘z qurilmalariga AI’ni integratsiya qilish bilan band bo‘lganda, Apple mahsulotlarining tashqi ko‘rinishiga e’tibor qaratmoqda.

Taqdimotda chiqish qilgan Apple kompaniyasining bosh ijrochi direktori Tim Kuk. Foto: Justin Sullivan / Getty Images

9 iyun kuni Apple kompaniyasi o‘zining yillik Worldwide Developers Conference (WWDC25) tadbirida bir qancha yirik yangilanishlarni taqdim etdi. Xususan, Apple mahsulotlari operatsion tizimlari dizaynining yangilanishi, iPhone, iPad, Mac, AirPods va boshqa qurilmalar uchun yangi funksiyalarni e’lon qildi. Quyida ularning eng muhimlarini sanab o‘tamiz.

Operatsion tizimlar yangi nomlanishga o‘tdi

The Verge nashrining yozishicha, Apple, kutilganidek, barcha operatsion tizimlarining versiya raqamlarini chiqarilgan yil bilan moslab yangiladi. Endi yangi operatsion tizimlar: iOS 26, macOS 26 va watchOS 26 kabi nomlar bilan chiqadi. Bu nomlar 2025 yil oxirida chiqarilishi rejalashtirilgan va raqamli nomlardan (iOS 19, watchOS 12, macOS 16) eslash osonroq bo‘ladi.

Ushbu operatsion tizimlar hozircha ishlab chiquvchilar, dasturchilar uchun beta-versiyada mavjud, ommaviy foydalanuvchilar uchun esa bu kuzda chiqariladi.

Liquid Glass dizayni: barcha platformalarda yangi ko‘rinish

Apple interfeyslarni yangilash bo‘yicha «Liquid Glass» deb nomlangan umumiy dizayn tilini taqdim etdi. U butun OS’larda tugmalar, slederlar, matn, media-boshqaruvlarda shaffoflik va staklangan effektlardan foydalanadi. Bu bir nechta vizual elementlar (matn, tugma, slayder, fon va h.k.) ustma-ust va shaffof ko‘rinishida bo‘lishini bildiradi.

Xususan, iOS 26’ning qulf ekraniga ham bu ko‘rinish kiradi, bu fon rasmiga yangicha ko‘rinishda effekt qo‘shadi.

Kuzda iOS 26’ni qabul qiladigan iPhone’lar ro‘yxati

Dastur ichidagi dizayn yangilanishlari

Safari ilovasi to‘liq ekranli ko‘rinishga ega bo‘ladi. Kamera ilovasi endi ikki asosiy rejim bilan — foto va video taqdim etiladi, qolgan rejimlar ustki panel orqali ko‘rinadi.

Telefon ilovasi esa Favorites, Recent, va Voicemail funksiyalarini bitta panelda birlashtiradi; pastki bo‘limda esa Calls, Contacs va Keypad mavjud.

Messages ilovasida suhbatlarning fon rasmlarini o‘zgartirish, guruh chatlarda ovoz berish (poll), “yozilmoqda” (typing) indikatorlari va noma’lum raqamlardan kelgan xabarlarni alohida katalogda ko‘rish funksiyalari taqdim etildi.

iPadOS 26: windowing va multitasking’ni takomillashtirish

iPadOS 26’da ko‘p oyna (multi window) imkoniyatlari jiddiy kengaytirildi: oynalarni o‘lchash, turli joylarga joylashtirish va bir nechta oynani bir vaqtning o‘zida ochish mumkin – bu amaldagi Mac’larga juda o‘xshab ketadi.

Shuningdek, Mac’dagi Preview ilovasining iPad versiyasi mavjud — rasm va fayllarni ko‘rib, belgilash mumkin bo‘ladi.

Yangi Games ilovasi

Apple Arcade va App Store’dagi o‘yinlarni bitta joyda ko‘rib chiqish imkonini beruvchi Games ilovasi e’lon qilindi. Bu o‘yinlar uchun markaziy platforma bo‘lib xizmat qiladi, foydalanuvchilar do‘stlari bilan birga o‘ynashi va avvalgi o‘yinlarda qayerda to‘xtaganini eslab turishi osonlashadi.

iOS26’dagi barcha o‘zgarishlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple o‘tgan yili o‘yinlardan 43,7 milliard dollar daromad ko‘rgan, shundan 13,1 milliard dollari kompaniyaning o‘zida qolgan.

macOS Tahoe26: Spotlight, Phone va Games

macOS Tahoe26 kengaytirilgan dizayn tilini o‘z ichiga oladi, ekran pastki qismidagi menyu satri to‘liq shaffof bo‘ldi. Spotlight qidiruvda shaxsiy filtrlash va harakatlar qo‘shildi, real vaqt e’lon, yozish, elektron pochta funksiyalari bilan.

Shuningdek, Phone va Games ilovalari ham macOS’ga ko‘chirildi.

Apple Intelligence va Live Translation

iOS 26dagi Apple Intelligence ekranda ko‘rgan narsalaringizni skrinshot tugmasi orqali AI yordamida izlash imkoniyati taqdim etildi. Bunda ChatGPT va Google yordamida vizual qidiruvlardan foydalanish mumkin. Bunday funksiya Android qurilmalari uchun allaqachon mavjud.

Matn va audio uchun real vaqtda tarjima: Messages, FaceTime va Telefon ilovalarida ishlaydi. Shuningdek, ChatGPT asosidagi Image playground, Genmoji kabi vizual AI texnologiyalari ham qo‘shildi. Siri yangilanishlari esa 2026 yilga qoldirilmoqda.

watchOS 26: bilak belgisi va Workout Buddy

watchOS 26’da «wrist flick» – bilak tebratish yordamida bildirishnomalarni tez rad etish mumkin. AI vositasi orqali Workout Buddy bilan individual mashqlar bo‘yicha maslahat va rag‘bat beriladi.

Masalan, yuguruvchilar Apple Watch bilan AirPods juftlaganida foydalanuvchiga «Zo‘r yugurish! O‘rtacha tezligingiz bir milga 9 daqiqa 7 soniya» kabi iltifotlar aytiladi.

AirPods yangilanishlari

Yangi yangilanishlar: AirPods stemiga bosish orqali iPhone/iPad bilan foto yoki video olish, ovoz izolyatsiyasi bilan «studiyaviy darajada» vokal yozish funksiyalari taqdim etildi. Bu xususiyatlar AirPods 4, AirPods 4 ANC va AirPods Pro 2 uchun mavjud bo‘ladi.

Bu yangilanishlar Apple ekotizimi va qurilmalari dizayni hamohangligi, AI integratsiyasini kuchaytirishga yo‘naltirilganligi bilan muhim ahamiyatga egaligi aytilmoqda.

Nima uchun katta shov-shuv qila olmadi?

New York Times nashri kolumnistlarining yozishicha, texnologiya sohasi qurilmalarga yangi sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish bilan band bo‘lgan bir paytda, Apple mahsulotlarining tashqi ko‘rinishini chiroyliroq qilishga e’tibor qaratmoqda.

2025 yilda qo‘shilgan yangiliklar o‘tgan yilgi ishlab chiquvchilar konferensiyasida va’da qilingan yangilanishlarga qaraganda kichikroq. Xususan, o‘tgan safar AI asosiy mavzu bo‘lgandi.

2024 yil yozida Appleʼning eng katta va’dalaridan biri — Siri virtual yordamchisini yaxshilash bo‘lgan. U telefondagi ma’lumotlarni, masalan, kimningdir safar jadvaliga oid xabarni, internetdagi ma’lumotlar bilan birlashtira olishi kerak edi (masalan, samolyot kelish vaqti). Biroq mart oyida Apple bu funksiyani bahorda chiqarishni kechiktirdi va u yil oxirigacha tayyor bo‘lmasligini bildirdi. Siri jamoasida ham rahbariyat almashdi.

macOS’da kutilayotgan o‘zgarishlar

Creative Strategies tadqiqot firmasining bosh tahlilchisi Karolina Milanesi buning oqibatlari haqida shunday dedi:

«Qisqa muddatda odamlar Apple Intelligence yetarlicha ishlamayapti deb iPhone yoki Mac sotib olishni to‘xtatmaydi. Ammo katta xavf shundaki, foydalanuvchilar ChatGPT yoki boshqa muqobil mahsulotlarga o‘tib ketishlari mumkin».

Taqdimotdan so‘ng Apple aksiyalari 1 foizdan ko‘proqqa tushdi, S&P 500 esa ozgina ko‘tarildi.

iPadOS’da kutilayotgan o‘zgarishlar

Jurnalistlarning yozishicha, bu funksiyalar Apple bosh direktori Tim Kuk kompaniya uchun eng muhim mahsulot — iPhone savdolarini foydali va kundalik hayotga tegishli yangiliklar bilan oshirmoqchi ekanini ko‘rsatmoqda. «Garchi bu yangiliklar butun texnologiya sohasini band qilgan AI trendiga mos bo‘lmasa-da, Apple yangi texnologiyaga kechroq qo‘shilgan taqdirda ham uni keng ommaga yoyish imkoniga ishonmoqda», deyiladi NYT xabarida. 

Mavzuga oid