O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 50 mlrd dollarga yetdi
2025 yilning 1 iyun holatiga O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 49,66 mlrd dollarga yetdi. Bu kuzatuvlar tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir. Zaxiralarning keskin oshishi jahon bozorida oltin narxlarining qimmatlashishi fonida yuz beryapti.
O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1 iyun holatiga 49,66 mlrd dollarni tashkil etib, 1 may holatiga nisbatan 410 mln dollarga oshdi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan hisobotda keltirib o‘tilgan.
Keskin o‘sish ketma-ket beshinchi oy davom etyapti. Yil boshidan buyon umumiy o‘sish 8,48 mlrd dollarni (+20,6 foiz) tashkil etib, kuzatuvlar tarixidagi rekordlar bir necha bor yangilandi.
O‘tgan oyda xorijiy valutadagi zaxiralar 412 mln dollarga oshdi – 11,03 mlrd dollardan 11,44 mlrd dollargacha. bu 2022 yil dekabr oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
O‘z navbatida zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 11,46 mln troya unsiyadan 11,43 mln troya unsiyagacha, qiymati esa 37,65 mlrd dollardan 37,56 mlrd dollargacha kamaygan.
“O‘zbekiston Respublikasining yalpi xalqaro zaxiralari hajmi 2025 yil may oyida 410,1 mln dollarga oshdi. Xususan, oy davomida oltin narxining 3284,3 dollardan 3293,55 dollargacha oshishining ta’siri 105,8 mln dollarni tashkil etdi”, deyiladi MB izohida.
Bundan tashqari, o‘tgan yildan Markaziy bank aktivlarni diversifikatsiya qilish doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlarni sotib olishni ham boshlagandi. Aprel oyi yakuniga kelib zaxiradagi bunday qimmatli qog‘ozlar hajmi 706 mln dollarga yetgan.
Mavzuga oid

22:21 / 09.06.2025
Italiyalik erkak bir yil davomida ish joyidan salkam 2 kilo oltin o‘g‘irladi

17:35 / 04.06.2025
O‘zbekiston ketma-ket uchinchi oy eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi

18:41 / 29.05.2025
Samarqandda 15 davlat Markaziy banklari rahbarlari moliyaviy inklyuzivlik va “yashil moliya” bo‘yicha muloqot o‘tkazdi

20:59 / 28.05.2025