Argentina sobiq prezidenti Kristina Kirshner 6 yillik qamoqqa hukm qilindi
72 yoshli Kirshner yo‘l qurilishi bilan bog‘liq korrupsiya ishi bo‘yicha aybdor deb topildi.

Foto: AP
10 iyun kuni Argentina Oliy sudi mamlakatni 2007-2015 yillarda boshqargan Kristina Kirshnerni korrupsiyada aybdor deb topdi. U 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi va unga davlat lavozimlarida ishlash umrbod taqiqlandi. Endi u saylovlarda qatnasha olmaydi.
Hozir ozodlikda bo‘lgan Kristina Kirshner sudga borishi va 18 iyunga qadar hibsga olinishi kerak. Uning advokatlari 6 yillik qamoq jazosini Buenos-Ayresdagi uyida o‘tashini talab qilmoqda. 70 yoshdan oshgan barcha mahkumlar bunday huquqqa ega. Kristina Kirshner hozir 72 yoshda.
Kirshner aybdor deb topilgan «Avtomobil yo‘li ishi» 2008 yilda bir necha muxolifat deputatining shikoyati bilan boshlangan. Birinchi sud majlisi 2019 yilda bo‘lib o‘tdi, Kristina Kirshner va yana 13 kishi 2003 yildan 2015 yilgacha Argentina janubidagi Santa-Kruz provinsiyasida yo‘llar qurish orqali noqonuniy ravishda boyib ketganlikda ayblandi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2003 yildan 2015 yilgacha Santa-Kruz provinsiyasida davlat tomonidan moliyalashtiriladigan yo‘l qurilishi bo‘yicha tenderlarning 80 foizini Austral Construcciones kompaniyasi yutib olgan. U 50 dan ortiq loyihalarni o‘z zimmasiga oldi, ularning yarmi boshlandi va chala tashlab ketildi. Qurilish viloyat budjeti hisobidan to‘liq moliyalashtirilgan, biroq nazorat qiluvchi organlar ko‘pincha ishning yarmi ham tugallanmaganiga e’tibor bermagan. Austral Construcciones kompaniyasini Kirshner oilasi do‘sti, biznesmen Lazaro Baes boshqargan.
Sud davomida Kristina Kirshner «Avtomobil yo‘li ishi» siyosiy ekanini ta’kidladi.
Oliy sud o‘z hukmini milliy parlamentga saylov kampaniyasi o‘rtasida chiqardi. Ovoz berish 2025 yil oktabr oyiga rejalashtirilgan. Endi Kristina Kirshner o‘zi rejalashtirganidek, deputatlikka nomzodini qo‘ya olmaydi. Oliy sud hukmi e’lon qilingandan so‘ng, Kristina Kirshnerning minglab tarafdorlari Argentinaning turli shaharlari ko‘chalariga chiqdi.
Argentinaning amaldagi prezidenti, libertar Xaviyer Miley ayni damda Isroilda bo‘lib turibdi. U Buenos-Ayresdan kelgan xabarni olqishladi va adolat qaror topganini ta’kidladi.
Mavzuga oid

20:15 / 12.06.2025
Pasayishlar ko‘tarilishlardan ko‘p: O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday o‘zgaryapti?

16:44 / 04.06.2025
Samarqandda 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi

15:13 / 02.06.2025
“Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqadamiz” - senator odil sudlov masalasida

18:39 / 31.05.2025