Jahon | 11:33 / 13.06.2025
2405
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga TAURUS raketalarini yetkazib berish haqida «o‘ylamayapti»

Ukraina uzoq vaqtdan beri Germaniyadan 500 kmdan ortiq masofaga uchadigan TAURUS raketalarini yetkazib berishni so‘rab keladi. Ammo Germaniya mudofaa vaziri Pistorius tashrifi chog‘ida Ukraina rahbariyatining umidlarini so‘ndirgan.

Foto: Defense Ministry/ZUMAPRESS.com/picture alliance

Germaniyaning amaldagi hukumati hozirda Ukrainaga TAURUS qanotli raketalarini yetkazib berish masalasini «ko‘rib chiqmayapti», dedi Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius. 12 iyun, payshanba kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida bu haqda so‘ralganda, Pistorius shunday javob berdi: «Siz mendan bunday imkoniyatni ko‘rib chiqyapmizmi, deb so‘radingiz, javobim - yo‘q».

Ukraina uzoq vaqtdan beri 500 kmdan ortiq masofaga uchuvchi TAURUS raketalarini yetkazib berishni talab qilib keladi, ular yordamida Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba berilishi mumkin.

Shu bilan birga, Boris Pistorius Ukrainaga uzoq masofali qurollarni sotib olish uchun qo‘shimcha keng ko‘lamli yordam ko‘rsatishga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Kiyevni zarur tizimlar bilan tezroq ta’minlamoqchi. Oxirgi oylarda tasdiqlangan 7 milliard yevrodan tashqari yana 1,9 milliard yevro ajratish rejalashtirilmoqda, dedi u. Bu mablag‘lar qisman Ukrainada ishlab chiqariladigan uzoq masofali qurollar uchun to‘lovga sarflanishi mumkin. «Dastlabki tizimlar, ehtimol, yaqin oylarda olinadi», deb va’da berdi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakati Germaniyadan Iris-T zenit-raketa komplekslari va ular uchun ehtiyot qismlarni kelgusida yetkazib berishga umid qilayotganini aytdi. «Kelgusi uch yil uchun yetkazib berish rejamiz bor», dedi u. «Bundan tashqari, mudofaa sanoati sohasida hamkorlik chuqurlashadi. Biz Germaniya va Ukrainada qo‘shma korxonalar ko‘proq bo‘lishini istaymiz», — deya ta’kidladi Zelenskiy. 

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Germaniya bilan faol hamkorlikka qaramay, Vashington qo‘llab-quvvatlovini butunlay almashtirib bo‘lmasligini tan oldi. Masalan, Patriot zenit-raketa komplekslari faqat AQShda ishlab chiqariladi, hatto Germaniya bu tizimlarni Kiyevga boshqa davlatlarga qaraganda ko‘proq yetkazib bergan bo‘lsa ham, dedi Zelenskiy.

Mavzuga oid