Eronning Isroilga javobi: Tel-Avivda vayrongarchiliklar, yaralanganlar bor
Tel-Aviv va Quddusda portlashlar kuzatildi, 40 dan ortiq kishi yaralangani haqida xabar berilgan.
Eron 13 iyun kuni kechqurun Isroil yo‘nalishida yuzlab ballistik raketalar uchirdi. «Xavfni qaytarish uchun mudofaa tizimlari ishlamoqda. Aholidan himoyalangan joylarga yashirinish va keyingi buyruqlargacha o‘sha yerda qolish so‘raladi», – deyilgan Isroil mudofaa armiyasi bayonotida. Hujum mahalliy vaqt bilan soat 21:00 atrofida boshlangan. Dastlabki zarba ortidan Eron yana bir necha bor Isroil tomon raketalar uchirdi.

Leo Correa / AP / Scanpix / LETA
TSAHAL Eron ikki to‘lqindagi zarba davomida Isroil bo‘ylab kamida 100 ta raketa uchirganini ma’lum qildi (avvaliga harbiylar raketalar soni 150 ta bo‘lganini aytayotgandi). Eronning IRNA agentligi baholashicha, Eron Isroil tomon yuzlab ballistik raketalar uchirgan. Soat 22:00 atrofida Isroilning frontorti qo‘mondonligi isroilliklar boshpanalarini tark etishi mumkinligini ma’lum qildi, shu bilan birga, aholiga bunday joylardan uzoqqa ketmaslik tavsiya etilgan.
Poytaxt Tel-Aviv Eron raketalari eng ko‘p uchib kelgan manzil bo‘ldi. Guvohlar Reuters muxbiriga shaharda portlashlar ro‘y berganini tasdiqlagan. Zarba kelib tushishi videolarda aks etgan: kadrlarda «Temir gumbaz» tizimi hujumni qaytarish uchun ishga tushgani, keyin raketalardan biri turar joylar joylashgan hududga tushgani aks etgan.
Tel-Aviv aglomeratsiyasida zarba oqibatida turar joy binolaridan biri vayron bo‘lgan. Shahar chekkasidagi hududda odamlar yonayotgan bino ichida qamalib qolgan. O‘t o‘chiruvchilar bu yerda vayron bo‘lgan binolardan birining ichida qolib ketgan ikki kishini olib chiqishgan. Politsiya Tel-Avivda bir necha bino shikastlangani haqida ma’lumot bergan.
Tel-Aviv aglomeratsiyasida kamida yettita joyda raketa kelib urilishi qayd etildi, deb xabar bergan «Yediot Axronot». «12-kanal» esa, Isroilda to‘qqiz nuqtada raketa zarbasini qayd etgan (katta ehtimol bilan, ko‘p hollarda gap urib tushirilgan raketa parchalar tushishi haqida ketadi). Ijtimoiy tarmoqlarda Tel-Aviv hududidagi portlashlar aks etgan 20 ga yaqin videoyozuv tarqalgan.
Eronning bir nechta raketasi Isroil Milliy xavfsizlik vazirligi binosiga kelib tushdi, deb xabar berdi Eronning IRNA agentligi. Xabarda qayd etilishicha, vazirlikning Tel-Avivdagi shtab-kvartirasi vayron bo‘lgan. Bu xabarda katta ehtimol bilan Mudofaa vazirligi binosi nazarda tutilgan, chunki Milliy xavfsizlik vazirligi Quddusda joylashgan. Isroil tomoni hozircha bu ma’lumotga izoh bermadi.
Eron zarbasi oqibatida yaralanganlar bor. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 41 kishi jabrlangan, ularning aksariyati yengil jarohat olgan, ikki kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Avvaliga hujum oqibatida qurbonlar yo‘qligi aytilgandi. Keyinroq New York Times so‘nggi zarbalardan keyin Tel-Aviv yaqinidagi Ramat-Ganuga zarba berilishi oqibatida bir ayol halok bo‘lganini xabar qildi.

Isroil rasmiylari Eronning aksariyat raketalari nishonga yetib bormaganini ma’lum qildi. Isroil armiyasi vakili ta’kidlashicha, Eron hujumi paytida raketalarning aksariyati urib tushirilgan yoki nishonga yetib bormagan, faqat bir nechta aniq zarbalar bor. AQSh Isroilga Eron raketalarini tutib olishda yordam berdi, deb xabar berdi Axios nashri Isroil rasmiysiga tayanib.

Eronning Isroil bo‘ylab javob zarbasi «Haqiqiy va’da-3» nomini oldi, deb xabar berdi Islom inqilobi muhofizlari korpusi. Eron qurolli kuchlari Isroil hududidagi o‘nlab nishonlar bo‘ylab, jumladan harbiy va aviabazalarga zarbalar yo‘lladi, deyiladi korpus bayonotida. Mazkur harbiy tuzilma vakili Eron Isroilning harbiy-sanoat obektlarini ham o‘qqa tutganini ma’lum qilgan. Eronning «Haqiqiy va’da» nomidagi oldingi ikki amaliyoti 2024 yilning aprel va oktyabr oylarida o‘tkazilgan – bu amaliyotlar ham Isroilga yopirilma raketa zarbalari ko‘rinishida bo‘lgandi.
Isroil tomoni Eron turar joy kvartallariga hujum qilish orqali «qizil chiziq»ni kesib o‘tganini ma’lum qildi. «Eron Isroildagi tinch aholi yashaydigan hududlarga raketa uchirishga jur’at etganida qizil chiziqni kesib o‘tdi», – dedi Isroil mudofaa vaziri Israel Kats. U «oyatulloh rejimi o‘zining jinoiy harakatlari uchun og‘ir tovon to‘lashi»ga va’da berdi. Avvalroq «12-kanal» manbasi «Fuqarolik hududlarini o‘qqa tutgani uchun Eron haddan tashqari katta to‘lov qilishi»ni aytgandi. «Biz Isroil [Erondagi nishonlariga berilgan zarbalarda] qaysi nuqtalarni aniq nishonga olganini bilamiz va Isroil qayerlarga zarba bermaslikka qaror qilganini ham bilamiz. Va bu keyingi qadam», – dedi manba. Turli taxminlarga ko‘ra, Isroil Eronning energetika va infratuzilma obektlariga yoki Eronning siyosiy rahbariyatiga zarba berish bilan tahdid qilgan.

Eron Isroilga TSAHALning Eron obektlariga bergan zarbalariga javoban hujum qildi. Isroil mudofaa kuchlari Eronning harbiy va yadroviy infratuzilmasiga zarba berdi, natijada yuqori martabali harbiylar, olimlar, shuningdek, tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Dastlab, Eron Isroilning havo hujumlariga javoban Isroilga dronlar uchirgan, ammo ular yo‘ldaligidayoq, Iroq, Iordaniya va Suriya hududlarida tutib qolingandi.
Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy davlat televideniyesi orqali bayonotida Isroilning zarbalarini urush e’lon qilish deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil o‘z hujumi bilan «urush boshlagan» va undan keyin «bezarar qolishi»ga yo‘l qo‘yilmaydi. «Sionistik rejim (Isroil) o‘z jinoyati oqibatlaridan jazosiz qolmaydi. Eron millati bizning javobimiz chala bo‘lmasligiga ishonchi komil bo‘lishi kerak», – degan Xominaiy.