Javob raketalarni otgan Eron va Isroilga yordam berayotgan AQSh – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Eron Isroilga javob zarbalari berdi
Juma kuni kechasi Eron Isroilga qarshi javob havo hujumlarini amalga oshirdi, portlashlar mamlakatning eng yirik ikki shahri – Quddus va Tel-Avivda eshitildi. Tel-Aviv osmonida raketalar ko‘rindi, harbiylar Eron ikki to‘lqinda o‘t ochganini bildirdi. Isroil armiyasi Eron 100 tadan kam raketa otganini va ularning aksariyatini «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimi tutib qolganini aytdi. Reuters nashriga ko‘ra, AQSh armiyasi ham Isroilga qarab yo‘nalgan Eron raketalarini urib tushirishda yordam bergan.
Hujumda bir nechta raketalar binolarga yetib keldi. Jumladan Tel-Aviv yaqinidagi Ramat Gandagi turar joy mahallasida joylashgan ko‘p qavatli bino va markazidagi boshqa bir binoga sezilarli zarar yetkazildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 41 kishi jabrlangan, ularning aksariyati yengil jarohat olgan, ikki kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Avvaliga hujum oqibatida qurbonlar yo‘qligi aytilgandi. Keyinroq New York Times so‘nggi zarbalardan keyin Tel-Aviv yaqinida zarba berilishi oqibatida bir ayol halok bo‘lganini xabar qildi.
Kun davomida Isroil tomonidan Eronga qilingan hujumlar va Eronning javob zarbalari mintaqaviy miqyosdagi kengroq to‘qnashuv xavfini oshirmoqda. Dastlab, Eron Isroilga dronlar uchirgan edi, ammo ular yo‘ldaligidayoq — Iroq, Iordaniya va Suriya hududlarida tutib qolingandi.
Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Xomanaiy Isroilni urushni boshlaganlikda aybladi. Eronning yuqori martabali rasmiysi Isroilda hech bir joy xavfsiz bo‘lmasligini va qasos og‘riqli bo‘lishini aytdi.
«Tsionistik rejim o‘z jinoyati oqibatlaridan jazosiz qolmaydi. Eron millati bizning javobimiz chala bo‘lmasligiga ishonchi komil bo‘lishi kerak. Bolalarni o‘ldiruvchi rejim uchun do‘zax darvozalari ochiladi», – degan Xominaiy o‘z murojaatida.
Eronning Isroil bo‘ylab javob zarbasi «Haqiqiy va’da-3» nomini oldi, deb xabar berdi Islom inqilobi muhofizlari korpusi. Eron qurolli kuchlari Isroil hududidagi o‘nlab nishonlar bo‘ylab, jumladan harbiy va aviabazalarga zarbalar yo‘lladi, deyiladi korpus bayonotida. Mazkur harbiy tuzilma vakili Eron Isroilning harbiy-sanoat obektlarini ham o‘qqa tutganini ma’lum qilgan. Eronning «Haqiqiy va’da» nomidagi oldingi ikki amaliyoti 2024 yilning aprel va oktabr oylarida o‘tkazilgan – bu amaliyotlar ham Isroilga yopirilma raketa zarbalari ko‘rinishida bo‘lgandi.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, Eron mintaqada deyarli yolg‘iz o‘yinchi bo‘lib qolgan. Asad rejimining ag‘darilishi, Livanda Hizbulloh va Yamanda husiylarning zaiflashuvi Eronga mintaqadagi proksi kuchlari orqali qurol bilan javob qaytarish imkoniyatini sezilarli darajada kamaytirib yuborgan.
Eron ushbu hujumlari yadro obektlariga berilgan zarbalariga javob edi. Isroilning dastlab boshlagan hujumlari oqibatida Eronning yuqori martabali harbiylari, olimlari, shuningdek, tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. O‘ldirilgan generallar orasida Qurolli Kuchlar shtab boshlig‘i general mayor Muhammad Bog‘yeriy va Inqilobiy Gvardiya rahbari Husseyn Salomiy ham bor edi.
AQSh va Isroilning reaksiyasi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa bu hujumga Eronni yadroviy qurol yasashdan to‘xtatish uchun ruxsat berganini aytdi. Shuningdek, Netanyahu Tehronning zarbalari vaqtida Eron xalqini isyonga chaqirdi.
«Chiqing va ovozingizni eshittiring. Rejim hozir o‘zining eng zaif holatida. Eron xalqi biz siz bilanmiz. Sizni deyarli 50 yildan beri zulm ostida ushlab turgan rejim hozirda Isroil davlatini yo‘q qilish bilan tahdid qilmoqda», degan Isroil bosh vaziri.
Eron yadroviy dasturi faqat tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlab kelmoqda. BMTning yadro nazoratchisi esa bu hafta Eron global yadro tarqalmaslik shartnomasidagi majburiyatlarini buzganini xulosa qildi. Shu orada AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga erishish orqali Isroil bombardimonini to‘xtatishi uchun hali ham kech emasligini aytdi.
Tramp Reutersʼga telefon orqali bergan intervyusida Tehron va AQSh o‘rtasida yakshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan yadroviy muzokaralar hanuz kun tartibida ekani, biroq ularning ro‘y berishiga ishonchi yo‘qligini bildirdi.
«Biz hamma narsani bilardik. Men Eronni tahqirlash va halokatdan saqlab qolishga harakat qildim. Men ularni juda jiddiy qutqarishga urinib ko‘rdim, chunki men kelishuvga erishilganini ko‘rishni xohlagan edim,» degan Tramp Isroilning hujumlari haqida.
«Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng kuchli va o‘ldiruvchi harbiy uskunalarni ishlab chiqaradi va bu jihatdan hech kim uning yoniga yaqinlasha olmaydi. Men Eronga Isroilda ularning juda ko‘pi borligini, yana ko‘plari yo‘lda ekanini aytdim – va ular bu uskunalardan qanday foydalanishni bilishadi.
Ayrim eronlik ashaddiylar jasorat bilan gapirishdi, ammo ular nimalar bo‘layotganini bilmasdi. Ularning barchasi endi O‘LDI va bu faqat yomonlashadi! Hujumlar bundan-da shafqatsizroq bo‘lishidan oldin, to‘xtatish uchun hali vaqt bor», deb yozgan Tramp o‘zining sahifasida.
Isroil milliy xavfsizlik maslahatchisi Tzaxi Hanegbi harbiy harakatlarning o‘zi Eron yadroviy dasturini yo‘q qilolmasligini, biroq bu «AQSh boshchiligida uzoq muddatli kelishuvga olib keluvchi shart-sharoitlarni yaratishi mumkinligini» aytgan.
Isroil xavfsizlik manbasining aytishicha, hujumdan oldin Mossad agentlari Eron hududida faoliyat yuritgan va uning strategik raketa tizimlariga qarshi bir qator maxfiy operatsiyalarni amalga oshirgan. Xususan, Isroil Tehron yaqinida hujumchi dronlar bazasini tashkil etgan hamda Eronning havo mudofaasi tizimlariga hujum qilgan. Bu xuddi ukrainlar Rossiya ichidan «Pautina» operatsiyasini amalga oshirganga o‘xshaydi.
Yaqin Sharqda boshlangan navbatdagi keskinlik, garchi neft ishlab chiqarish yoki zaxiralar zararlangani haqida hech qanday xabar bo‘lmasa ham, qora oltinning narxini keskin oshirib yubordi.
Germaniya: NATOga yangi maqsadlar uchun 60 minggacha qo‘shimcha askar kerak bo‘ladi
Germaniya NATOning mudofaa qobiliyatini oshirish bo‘yicha yangi rejalari doirasida 60 ming qo‘shimcha askar qo‘shish zarurati bilan duch kelishi mumkin, dedi Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Bryusselda jurnalistlarga.
«Ochig‘ini aytganda, bu taxminiy hisob, ammo Qurolli kuchlarning hozirgi tarkibidan kelib chiqqan holda, bizga yana 50-60 ming kishi kerak bo‘lishi mumkin», dedi u. Ta’kidlanishicha, yaqin yillarda Germaniya ham yangi harbiy xizmat modeli qanchalik samarali ishlashini aniqlashi kerak.
Shu bilan birga, Pistoriusning ta’kidlashicha, hozirda majburiy harbiy xizmatga qaytish tavsiya etilmaydi. «Bizda infratuzilma yetarli emas — kazarmalar, o‘quv markazlari yo‘q. Shuning uchun, birinchi navbatda, bu imkoniyatlarni kengaytirish kerak. Ungacha tizim ixtiyoriy asosda ishlaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Savollarga javob berar ekan, vazir Germaniyada uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) ishlab chiqarishni rivojlantirish va Qurolli kuchlarni ulardan foydalanishga o‘rgatish rejalarini ham tasdiqladi. Bundestagning Bundesver bo‘yicha komissari Xenning Otte Tagesspiegel gazetasiga aytishicha, qisman majburiy harbiy xizmatga o‘tmasdan va armiyani xizmat joyi sifatida jozibador qilmasdan turib, NATOning sezilarli darajada ortib borayotgan talablarini qondirish qiyin.
Tramp: «Aftidan, Putinga Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari ahamiyatsiz»
Rossiya Ukrainaga qarshi urushda haftasiga 5000 askarini yo‘qotmoqda, biroq bu jangni davom ettirish niyatida bo‘lgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ta’sir qilmayapti, dedi AQSh prezidenti Donald Tramp. «U parvo qilmayapti. U juda ko‘p qo‘shinlarini yo‘qotmoqda, Ukraina ham. Ko‘ramiz, keyin nima bo‘ladi», — dedi Tramp Pod Force One podkastida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida ma’lum yutuqlarga erishilgan, biroq keyin «ular bombardimon qilinmasligi kerak bo‘lgan narsani bombardimon qilgan». Bu «o‘zgarishlarning oxiri» edi, dedi Oq uy rahbari. Avvalroq, The Atlantic'ning Oq uydagi manbalari Tramp Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU)ning «O‘rgimchak to‘ri» shifrlangan operatsiyasidan norozi ekanini ma’lum qilgandi.
O‘z atrofidagilar bilan suhbatda Tramp bu mojaroning kuchayishiga olib kelishi mumkinligini va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy namoyishkorona operatsiyalar o‘rniga Istanbuldagi Rossiya bilan muzokaralarga e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi.
Mavzuga oid

13:54 / 13.06.2025
Eron yadroviy obektlariga hujum boshlagan Isroil, Hindistonda dahshatli aviahalokat va Xitoy bilan kelishgan Tramp – kun dayjesti

13:22 / 12.06.2025
Iroqdagi fuqarolarini evakuatsiya qilayotgan AQSh, FSB va Telegram mojarosi hamda inqirozga yuzlanayotgan Isroil armiyasi – kun dayjesti

14:20 / 10.06.2025
Suriyaga hujum qilgan Isroil, Los-Anjyelesga dengiz piyoda qo‘shinlarini yuborgan Tramp va G‘azoda yana o‘qqa tutilgan falastinliklar – kun dayjesti

13:05 / 09.06.2025