Jahon | 08:31
11125
2 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu eronliklarni hukumatga qarshi chiqishga chaqirdi

Isroil bosh vaziri Eron xalqiga murojaatida Tehrondagi rejim «hech qachon bunchalik zaif bo‘lmaganini» aytdi. «Bu sizning o‘rningizdan turish va ovozingizni eshitish imkoniyatidir», dedi Netanyahu.

Foto: Xinhua/dpa/picture alliance

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «Eronning mag‘rur xalqi»ni Islom Respublikasi rahbariyatiga qarshi chiqishga chaqirdi. Netanyahu 13 iyun, juma kuni kechqurun e’lon qilingan videomurojaatida: «Rejim unga nima urganini yoki urishini bilmaydi. U hech qachon bunchalik zaif bo‘lmagan. Bu sizning o‘rningizdan turib, ovozingizni eshitish imkoniyatidir», dedi

«Sizlarga salkam 50 yildan beri zulm qilgan islomiy rejim mamlakatimizni vayron qilish bilan tahdid qilmoqda», dedi Netanyahu. Uning ta’kidlashicha, Eronga qarshi harbiy amaliyotdan maqsad «islomiy rejim tomonidan kelayotgan yadroviy va ballistik tahdidning oldini olish».

Isroil Mudofaa vaziri Israel Katsning aytishicha, Tehron «Isroildagi tinch aholi punktlariga raketa otishga jur’at qilganidan keyin qizil chiziqlarni kesib o‘tgan». Kats Isroil «oyatulloh rejimi o‘zining qabih harakatlari uchun juda katta narx to‘lashini» ta’minlashiga ishontirdi.

Ayni paytda, Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining nomi oshkor etilmagan rasmiysi, agar Isroilning bo‘lajak hujumlarida Eronning muhim infratuzilmasi zarar ko‘rsa, Isroilga uning iqtisodiy va energetika infratuzilmasiga zarba berish bilan tahdid qildi, deya xabar bermoqda Fars davlat agentligi.

Mavzuga oid