O‘zbekiston | 22:03 / 18.06.2025
1107
6 daqiqa o‘qiladi

Boysun o‘rmonida yirik yong‘in, muammoli avtobus bekatlari, vasiy tayinlangan yuzlab bolalar – mahalliy dayjest

Boysun o‘rmon hududida yirik yong‘in yuz berdi, yong‘in-qutqaruv ekipajlari ofat bilan tonggacha kurashdi. Raqobat qo‘mitasi O‘zbekiston bo‘ylab 2800 ta avtobus bekatini tanlanma usulida tekshirdi va ko‘plab kamchiliklar hamda muammolarni aniqladi. O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun bojsiz olib kiriladigan tovarlar qiymati kamaytirildi, ba’zilari ikki barobargacha. Ota-onasi chet davlatlarda bo‘lib turgan 361 nafar voyaga yetmagan bolaga vasiy va homiy tayinlandi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Boysun o‘rmon hududida yirik yong‘in yuz berdi

17 iyun kuni kechga yaqin Surxondaryo viloyati Boysun tumani «Kengdala» o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli archazorlarga tutash hududda yong‘in chiqdi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borib, ertasi kuni tongda yong‘inni o‘chirdi.

Yong‘inni bartaraf etishga viloyat FVBdan 85 nafar shaxsiy tarkib, 4 ta texnika, o‘rmon xo‘jaligi bo‘limidan 40 nafar xodim, 4 ta texnika, IIBdan 6 nafar xodim, Mudofaa vazirligidan 20 nafar harbiy xizmatchi va bitta harbiy vertolyot, mahalliy aholidan 40 nafar ko‘ngilli jalb etildi. Shuningdek, yong‘in o‘chog‘ini monitoring qilish uchun chegara qo‘shinlari dronidan unumli foydalanildi.

Raqobat qo‘mitasi ko‘plab avtobus bekatlari talabga javob bermasligini ma’lum qildi

O‘zbekiston bo‘ylab 2800 ta avtobus bekati tanlanma usulida tekshirilganida, ko‘pchiligida kutish zallarida elektr yoritgichlar yo‘qligi, nogironlar uchun maxsus ko‘tarma panduslar o‘rnatilmagani, yo‘lovchilar issiq va sovuq havodan himoyalanmagani aniqlangan. Shuningdek, bekat nomi yozilgan ko‘rsatkich qo‘yilmagan, ba’zi holatlarda yo‘nalishning tartib raqami mavjud emas.

Raqobat qo‘mitasi aniqlagan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Transport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklariga tegishli ko‘rsatmalar yuborgan.

Ayrim tovarlarni O‘zbekistonga bojsiz olib kirish normalari o‘zgartirildi

Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘i bilan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun bojsiz olib kiriladigan tovarlar qiymati kamaytirildi.

Endi xalqaro aeroportlar orqali qiymati 1000 AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlarni bojsiz olib kirish mumkin (avval 2000 AQSh dollari edi). Temiryo‘l va daryo bojxona chegaralari orqali esa 500 AQSh dollarigacha (avval 1000 AQSh dollari edi).

Qoidalar keyingi oydan kuchga kiradi.

Ota-onasi xorijda yurgan 361 nafar bolaga vasiy tayinlandi

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti ma’lum qilishicha, «Dolzarb 90 kunlik» tadbirlari doirasida bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, ota-onasi chet davlatlarda bo‘lib turgan 361 nafar voyaga yetmagan bolaga vasiy va homiy tayinlandi. Bu orqali ularning huquqiy va ijtimoiy muhofazasi ta’minlanishiga e’tibor qaratiladi.

Andijon do‘ppisi va So‘qoq somsasi geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Adliya vazirligining ta’kidlashicha, Andijon do‘ppisi bosh kiyimi o‘zining yuqori sifatli matolari, nozik naqshlari, o‘ziga xos shakli, shuningdek, ramziy va estetik mazmuni bilan ajralib turadi. So‘qoq somsasi esa tabiiy masalliqlari, xususan, faqat So‘qoq tog‘larida o‘sadigan xalq orasida «mador» nomi bilan tanilgan o‘simlik yoki ismaloqdan tayyorlanishi, shuningdek, betakror ta’mi va xamirining o‘ziga xos usulda tayyorlanishi bilan nom qozongan.

Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi ularning kelib chiqish manbasini belgilaydi hamda sifati va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan himoya qiladi.

O‘zbekistonda uch kishilik oilalar ulushi ortib borayotgani ma’lum bo‘ldi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar-may oylarida O‘zbekistonda 3 kishi yashaydigan uy xo‘jaliklari ulushi 11,2 foizni tashkil etdi.

Bunday oilalar soni yil sayin ortib borayotgani ma’lum bo‘ldi: 2010 yil – 9,4 foiz;

2015 yil – 9,9 foiz; 2020 yil – 10,2 foiz; 2024 yil –11,1 foiz; 2025 yil (yanvar-may) –11,2 foiz.

Dori-darmonlar savdosi bilan bog‘liq yirik qonunbuzarliklar aniqlandi

Respublika bo‘yicha 200 dan ortiq dorixona 2,6 milliard so‘mdan ortiq asossiz daromad olgani aniqlanib, ularni qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi, deb xabar berdi Raqobat qo‘mitasi. Narxlarni asossiz oshirish alomatlari bo‘yicha dorixonalarga nisbatan qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, Toshkentning Olmazor tumanidagi xonadon yerto‘lasida umumiy qiymati 1 mlrd so‘mdan ortiq «Trenaksa», «Sumamigren», «Femileks» kabi jami 72 nomdagi 3615 quti sifati kafolatlanmagan dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahridagi dorixonalardan birida sotish uchun saqlab qo‘yilgan, sifati kafolatlanmagan 3,5 mlrd so‘mlik dori vositalari aniqlandi. Holat yuzasidan dorixona mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid