O‘zbekiston | 09:42 / 18.06.2025
645
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

"O‘zbekinvest" EISK AJ va Slovakiyaning EXIMBANKA SR o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi

Toshkentda shu yilning 9 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Slovakiya biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasining davlat eksport-kredit agentligi - "O‘zbekinvest" EISK AJ hamda Slovakiya Eksport-import banki (EXIMBANKA SR) o‘rtasida muhim hamkorlik bitimi imzolandi. Bu qadam O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi tobora mustahkamlanib borayotgan savdo-iqtisodiy aloqalarning natijasi bo‘lib, ikki davlat milliy eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi istiqbollarni ochdi.

Foto: O‘zbekinvest

Mazkur bitim eksport-import operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini rivojlantirishga, jumladan o‘zbek va slovak eksportchilariga moliyaviy va sug‘urta yordamini ko‘rsatishga qaratilgan. Hujjat doirasida tomonlar eksport xatarlarini sug‘urtalash, qayta sug‘urtalash, tajriba va ilg‘or amaliyotlarni almashish sohalarida o‘zaro hamkorlik qilish, shuningdek xalqaro savdoni rag‘batlantirishga xizmat qiladigan yangi sug‘urta va moliyaviy vositalarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishib oldilar.

Xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirishga, tahliliy va statistik ma’lumotlar almashishga, shuningdek, tashqi bozorlarda faoliyat yuritayotgan investorlar manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ushbu hujjatning imzolanishi nafaqat O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar uchun, balki O‘zbekiston iqtisodiyotining Yevropa va jahon ta’minot zanjirlariga yanada kengroq qo‘shilishi uchun ham muhim strategik ahamiyatga ega. Bu Yevropa mamlakatlarining Markaziy Osiyo mintaqasidagi ishtirokini kengaytirishga bo‘lgan qiziqishini va O‘zbekistonning eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini namoyon etadi.

"O‘zbekinvest" sug‘urta kompaniyasi respublikamiz eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish milliy tizimining asosiy elementi sifatida eksport shartnomalarini sug‘urta qilish, investitsiya kafolatlari hamda muayyan tarmoq va yo‘nalishlarga mos individual yechimlarni o‘z ichiga olgan keng xizmatlar doirasini taklif etib kelmoqda.

Xalqaro hamkorlikni doimiy ravishda kengaytirib borgan holda, «O‘zbekinvest» xalqaro standart va amaliyotlarni faol joriy etmoqda, bu esa o‘z navbatida, o‘zbek bozorida ishlashdan manfaatdor bo‘lgan eksportchilar, investorlar va moliyaviy institutlar uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.

EXIMBANKA SR bilan tuzilgan kelishuv «O‘zbekinvest»ning xalqaro darajada ishonchli va malakasi baland hamkor sifatidagi nufuzi tobora oshib borayotganini namoyon etmoqda. Kompaniya o‘zbek korxonalarining xalqaro bozorlarga chiqishiga samarali ko‘maklashish qobiliyatiga ega ekanini yana bir bor isbotladi.

Koll-markaz: (+998) 71−207−60−001160

Sayt | Facebook | Instagram | Telegram | YouTube

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid