Jahon | 21:20 / 19.06.2025
3677
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil mudofaa vaziri Eron rahbarini yo‘q qilish kerakligini aytdi

Isroil armiyasi Erondagi maqsadlarining barchasiga erishishi uchun bu odam, shubhasiz, endi yo‘q bo‘lishi kerak, dedi Kats.

Foto: Flash90

Eron oliy rahnamosi Ali Xominaiy «tirik qolishi mumkin emas», dedi Isroil mudofaa vaziri Israel Kats 19 iyun kuni ertalab Eron zarbalaridan jabr ko‘rgan markaziy Xolon shahrida.

«[Eronga qarshi] urushning maqsadlari yadroviy tahdidni bartaraf etish, vayronagarchilik manbalarini yo‘q qilish va raketa tahdidlarini zararsizlantirishdir. Bu haqda Isroil armiyasiga ko‘rsatma berilgan va u biladiki, bu maqsadlarning barchasiga erishish uchun bu odam, shubhasiz, endi yo‘q bo‘lishi kerak», dedi Kats.

Mudofaa vaziri, shuningdek, Eron rahbarini «zamonamiz Hitleri» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Isroil armiyasi fashistlar Germaniyasi tomonidan sodir etilgan Xolokost paytida Adolf Hitler yashiringan bunkerga yetib bora olgan bo‘lsa, buni «yahudiy xalqining dushmanini qo‘lga olish va uning yahudiylarni yo‘q qilish rejasini barbod qilish» uchun bajargan bo‘lardi.

«Biz Isroil armiyasini yuborib, uni olib chiqib, yo‘q qilgan bo‘lardik. Men hozirgi vaziyatni shunday ko‘raman: Xominaiy – zamonamiz Hitleri», deb ta’kidladi Kats.

Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilga Eron rahbari Ali Xominaiyni o‘ldirishga ruxsat bermagani haqida ma’lum bo‘ldi. Eronliklar biror amerikalikni o‘ldirmagan ekan, Eron siyosiy rahbariyatining biror a’zosini yo‘q qilish g‘oyasi hatto muhokama qilinmayapti, deyildi Oq uyda.

Keyinroq, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eron oliy rahbari Ali Xominaiyni o‘ldirish bo‘yicha operatsiyani istisno qilmadi. «Bu mojaroni keskinlashtirmaydi, aksincha, unga barham beradi», dedi u.

Mavzuga oid