O‘zbekiston | 13:45 / 20.06.2025
692
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va YuNIDO qo‘shma "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga kelishib oldi

BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkilotining (YuNIDO) Vena shahrida joylashgan qarorgohida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov va tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova tarkibidagi mamlakatimiz delegatsiyasining mazkur tashkilot rahbariyati bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

TIV ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tadbirda YuNIDOning bosh direktori o‘rinbosari Siyong Chjou, tashkilotning innovatsiyalar, iqtisodiy transformatsiya masalalari bo‘yicha ijrochi direktori Gyunter Beger, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalarni moliyalashtirish, iqlim o‘zgarishi va mintaqaviy boshqarmalari mas’ullari ishtirok etdi.

Muloqot davomida YuNIDO bilan hamkorlikda mamlakatda amalga oshirilayotgan loyihalar holati muhokama etildi va ustuvor yo‘nalishlar, yaqin va o‘rta kelajakdagi rejalar to‘g‘risida fikrlar almashildi.

YuNIDO vakillari bugungi kunda O‘zbekistonda yengil sanoat, xususan to‘qimachilik sohasi, sanoat zonalarini zamonaviy eko-sanoat parklarga aylantirish, Orolbo‘yi mintaqasi ekotizimi va sanoatini tiklash kabi yo‘nalishlarda yirik loyihalar bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, xorijiy donor davlatlar va moliyaviy tashkilotlar ishtirokida texnik hamkorlik orqali respublikada energetika, raqamlash­tirish va dekarbonizatsiya sohalarida yangi loyihalarni ishlab chiqib, ularni hayotga tatbiq etishga tayyorliklarini bildirdi.

Amalga oshirilayotgan barcha loyihalar respublika sanoati salohiyatini kuchaytirish, chet eldan investitsiyalarni jalb qilish maqsadida sohalarni ekologik va texnologik jihatdan tayyorlash va O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga yo‘naltirilgan.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston hukumati va YuNIDO o‘rtasida hamkorlikni tizimli rivojlantirish maqsadida qo‘shma "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va tashkilot rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirishga kelishib olindi.

Mavzuga oid