Jahon | 19:22 / 21.06.2025
3076
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus muxolifati vakili Sergey Tixanovskiy qamoqdan ozod etildi

Lukashenkoning siyosiy raqibi Svetlana Tixanovskayaning eri AQSh maxsus elchisi Kit Kellog tashrifidan so‘ng, qo‘yib yuborildi.

Foto: Telegram / tsikhanouskaya

Belarusda 14 nafar siyosiy mahbus, jumladan Svetlana Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i Sergey Tixanovskiy qamoqdan ozod etildi, deb xabar berdi Meduza.

AQSh maxsus elchisi Kit Kellogning yordamchisi Jon Koul ham siyosiy mahbuslar ozod etilganini e’lon qildi. 21 iyun kuni Kit Kellog Minskka borib, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi.

«Prezident Trampning kuchli rahbariyati natijasida bugun Belarusda 14 mahbus ozod etildi. Litva hukumatiga hamkorlik va yordam uchun rahmat — ular haqiqiy do‘st va ittifoqchi bo‘lib qolaveradi», dedi Koul.

«Nasha Niva» xabariga ko‘ra, Tixanovskiy allaqachon Belarusni tark etgan.

Sergey Tixanovskiy 2020 yilda hibsga olindi. Shundan so‘ng, uning turmush o‘rtog‘i Svetlana Tixanovskaya Aleksandr Lukashenkoga qarshi Belarus prezidentligiga nomzodini qo‘ydi. Saylov natijalariga ko‘ra, Lukashenko o‘z lavozimida qolgani ma’lum bo‘lgach, mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi. Shundan so‘ng, muxolifat vakillari ta’qibga uchradi. Tixanovskaya Belarusni tark etib, Litvaga ko‘chib o‘tdi.

Sergey Tixanovskiy 2021 yil dekabr oyida 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. U ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, adovatni qo‘zg‘ash, Markaziy saylov komissiyasi ishiga to‘sqinlik qilish kabi jinoyatlarda aybdor deb topildi. Hukm G‘arb davlatlarining keskin reaksiyasiga sabab bo‘ldi: AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xalqaro Amnistiya jazoni siyosiy sabablarga ko‘ra qoraladi.

Mavzuga oid