Jahon | 13:16
4369
5 daqiqa o‘qiladi

«Bu safar Yevropa yordam bera olmaydi» – Yevropa vakillarining Eron bilan muzokaralari samarasiz yakunlandi

Jyenevada Britaniya, Fransiya, Germaniya va YeI tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashgan Abbos Araqchiy «Isroil hujumlarni to‘xtatmagunicha Eron hech kim bilan muzokaraga kirishmasligini» ma’lum qildi. Donald Trampning aytishicha, Eron Yevropa bilan gaplashishni xohlamaydi. «Ular biz bilan gaplashishni istaydi», dedi AQSh yetakchisi.

Jyenevadagi muzokaralar jarayoni / Foto: Farsnews

20 iyun kuni Jyeneva shahrida Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya tashqi ishlar vazirlari, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas hamda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu Eron va Isroil o‘rtasida bir hafta avval boshlangan harbiy harakatlar avj olganidan keyin Tehron vakillari bilan oliy darajadagi birinchi diplomatik uchrashuv bo‘ladi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy yevropalik hamkasblari bilan Jyenevada o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng Isroil hujumni davom ettirsa, Eron hech bir tomon bilan hech qanday muzokaraga kirishmasligini aytdi.

«Isroil hujumlari davom etayotgan bir paytda biz hech kim bilan muzokara qilmaymiz. Shu bilan birga bizning yadro dasturimiz mutlaqo tinchlikparvar xususiyatga ega. Biz Yevropa uchligi (E3) bilan suhbatlarni davom ettirishga tayyormiz. Diplomatik jarayonning davom etishi uchun Isroil tajovuzi darhol to‘xtatilishi kerak», – deya Eron bosh diplomatining so‘zlarini keltirmoqda Mehr axborot agentligi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy

Shuningdek, Eron o‘zining «qonuniy o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanishda davom etishini» bildirdi. «Men ochiq aytaman: Eronning mudofaa salohiyati muzokaraga yotmaydi», - dedi Araqchiy.

Yevroittifoq tashqi siyosat idorasi Araqchiy bilan uchrashuvdan so‘ng bayonot berib, Yaqin Sharqda keskinlik kuchayayotgani borasida chuqur xavotir bildirgan hamda Isroil xavfsizligiga sodiqligini qat’iy tasdiqladi.

«Tomonlar mintaqada keskinlikni yanada kuchaytiradigan harakatlardan tiyilish zarurligini ta’kidladi va Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi yoki uni qo‘lga kiritmasligi uchun muzokarali yechim topilishi lozimligini urg‘uladi», deyiladi YeI bayonotida.

Yevropa Ittifoqi oliy vakili Kaya Kallas / Foto: European Union

Yevropa vakillariga ko‘ra, Eronning yadro dasturini kengaytirayotgani bu – tinch maqsadlarga ega bo‘lmagan va Qo‘shma harakatlar rejasining deyarli barcha bandlarini buzayotgan holat hisoblanadi.

Reutersʼning yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Jyenevadagi muzokaralar katta siljish bermaganini ta’kidladi va sulhga erishilishi borasida shubha bildirdi.

«Eron Yevropa bilan gaplashishni xohlamaydi. Ular biz bilan gaplashishni istaydi. Bu safar Yevropa yordam bera olmaydi», dedi Tramp.

AQSh prezidenti Donald Tramp / Foto: The New York Times

Tramp, shuningdek, Isroilga hujumlarni kamaytirish taklifi bilan chiqish ehtimoli kamligini bildirdi:

«Ayni paytda bunday iltimos qilish qiyin. Agar kimdir yutayotgan bo‘lsa, bunday taklif qilish qiyinroq bo‘ladi. Ammo biz tayyormiz, xohlaymiz va qodirmiz, biz Eron bilan gaplashyapmiz, nima bo‘lishini ko‘ramiz».

Eronning yuqori lavozimli rasmiysi Reutersʼga bergan intervyusida muzokaralarga tayyorligini aytgan:

«Eron uran boyitishni cheklash bo‘yicha muzokaralarga tayyor, biroq uni butunlay to‘xtatishni o‘z ichiga olgan taklifni rad etadi, ayniqsa hozir, Isroil zarbalari ostida».

BBC'ning yozishicha, muzokara tomonlaridan biri bo‘lgan Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bu boradagi ogohlantiruvni tasdiqladi. U AQSh mojaroni hal qilish uchun «juda qisqa vaqt» berganini, Yaqin Sharqdagi vaziyat esa «o‘ta xavfli va jiddiy» ekanini aytdi.

Foto: Yevropa vakillari Eron bilan muzokaralar oldidan

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro esa Eron tashqi ishlar vaziriga «zarbalar tugashini kutmasdan» AQShni ham o‘z ichiga olgan har tomonlama muzokaralarni ko‘rib chiqishni taklif qilganlarini bildirdi.

«Eron yadroviy muammosiga harbiy yo‘l bilan yechim topib bo‘lmaydi. Eron rejimini harbiy yo‘l bilan almashtirish xavfli bo‘lishi mumkin», — dedi Barro.

Bir kun oldin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron muzokaralar yadroviy qurol yaratilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan uranni boyitish jarayonini butunlay to‘xtatish, shuningdek, Eronning raketa faoliyati va terrorchi guruhlarni moliyalashtirishni cheklashga qaratilgan bo‘lishi kerakligini aytgandi.

Mavzuga oid