Fan-texnika | 00:03
1036
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning «Amerika smartfoni» aslida xitoyniki bo‘lib chiqdi - OAV

U 100 foiz Amerikada ishlab chiqarilgan smartfon sifatida taqdim qilingan edi.

Foto: Wccftech

Donald Trampning The Trump Organization kompaniyasi o‘zining Trump Mobile T1 smartfonini dabdabali tarzda taqdim etdi. Kompaniya qurilmani «100 foiz Amerikada ishlab chiqarilgan» deb reklama qilmoqda, biroq bu da’vo juda shubhali.

Wccftech portali mutaxassislarga tayanib yozishicha, «oltin trampofon» aslida Xitoyning Wingtech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan T-Mobile REVVL 7 Pro 5G arzon Android telefonining rebrendingi. Shunday qilib, qurilma mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulot sifatida qimmatroq narxda taqdim etilgani ma’lum bo‘ldi.

Aslida smartfonni dastlab Apple kompaniyasi masxara qilishi kerak edi. Chunki u Designed by Apple in California (Kaliforniyada Apple tomonidan ishlab chiqilgan) shiori ostida taqdim etildi, garchi barcha iPhone smartfonlari Xitoy va Hindistonda yig‘iladi.

XDA Developers insayderi va muharriri Maks Vaynbax so‘zlariga ko‘ra, «Trampofon» yangi korpus va logotip olgan bo‘lsa-da, aslida oddiy OEM qurilma bo‘lib qolmoqda. T1 smartfonining ma’lum bir qismi Qo‘shma Shtatlarda yig‘iladi, lekin aksariyat qismlar hali ham chet eldan yetkaziladi, chunki Osiyo ta’minot zanjiri ancha yaxshi rivojlangan.

Trump Mobile T1 sotuvi sentabr oyida boshlanishi va’da qilingan. Smartfon 6,8 dyuymli AMOLED displey, 12 + 256 Gb xotira, 50 + 2 + 2 MP kameralar va 5000 mA·soat akkumulyatorga ega bo‘ladi. Narxi 499 dollar.

Bundan tashqari, smartfon bilan birga taqdim etilgan Trump Mobile aslida an’anaviy virtual operator hisoblanadi. U Verizon, AT&T va T-Mobile kabi yirik operatorlar infratuzilmasidan foydalanadi va shunchaki tayyor mahsulotni qayta sotadi, garchi ritorika bularning barchasini «haqiqiy amerikaliklar» uchun muqobil tanlov sifatida taqdim etayotgan bo‘lsa-da.

Mavzuga oid