Jahon | 22:13 / 22.06.2025
1254
2 daqiqa o‘qiladi

Havo sharlari yordamida Le-Burjye aviasaloni o‘tkazilishini buzmoqchi bo‘lgan faollar hibsga olindi

Ular geliy to‘ldirilgan havo sharlarini uchirib, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Le-Burjyega qo‘nishiga xalaqit berishni rejalashtirgan.

Foto: AP

Parij politsiyachilari Le-Burjyeda aviasalon o‘tkazilishini buzishni rejalashtirgan yetti nafar o‘ta so‘l faolni hibsga oldi. Tintuv davomida ularning yonidan geliy balonlari va 200 ga yaqin havo sharlari musodara qilingan, deb yozadi Le Figaro.

Qayd etilishicha, aviasalonda Isroil kompaniyalari ishtirok etayotganiga qarshi bo‘lgan faollar ikkita harakat ssenariysini tayyorlagan. Ulardan birinchisi juma kuni — aviasalon keng ommaga ochilganda havo sharlarini uchirish bo‘lgan. Bu Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Le-Burjyega qo‘nishiga xalaqit berishi kerak edi. U esa Kanadada o‘tkazilgan G7 sammiti sabab aviasalon ochilishiga tashrif buyura olmagan.

Ikkinchi ssenariy bo‘yicha shanba kuni tushdan keyin havo sharlarini uchirish rejalashtirilgan. Ammo huquq-tartibot organlari fitna ishtirokchilarini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan.

Hibslar 20 va 21 iyun kunlari amalga oshirilgan. Hozirda gumonlanuvchilar qamoqda. Ular havo makoni va havo kemalari harakatini buzishga urinishda ayblanishi mumkin.

Mavzuga oid