Jahon | 13:33
7158
10 daqiqa o‘qiladi

AQSh bazalariga zarba bergan Eron, urush tugashini e’lon qilgan Tramp va Putinga topshirilgan maktub – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Eron AQSh harbiy bazasiga «zaif» zarba berdi

23 iyun kuni Eron armiyasi AQShning Qatardagi bazalariga oltita raketa yordamida zarba berdi. Bu zarbalar AQSh tomonidan Eronning yadro obektlariga qilingan hujum ortidan berilmoqda.

Doha janubi-g‘arbida Al-Udeyd harbiy-havo bazasi joylashgan. U yerga AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligining (CENTCOM) tezkor shtabi joylashtirilgan.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi bayonotida aytilishicha, Eron Amerikaning Qatardagi Al-Udeyd harbiy-havo bazasiga raketa zarbalarini bergan. Bu AQSh armiyasining mintaqadagi «eng yirik strategik aktivlaridan biri» hisoblanadi.

Eron Milliy xavfsizlik kengashi zarba yo‘llashda AQSh oldinroq qancha bombadan foydalangan bo‘lsa, shuncha raketani qo‘llagan. Eron nishoniga aylangan Amerika bazalari Qatar aholisi yashaydigan shahar obektlaridan uzoqda joylashgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron zarbalar berishdan oldin ogohlantirgani tufayli insoniy talofatlar bo‘lmaganini aytib, bunga minnatdorchilik bildirdi.

«Eronliklar bizga qo‘ng‘iroq qilib, «Qarang, bizda boshqa iloj yo‘q. Sizga zarba berishimiz kerak. Chunki biz o‘zimizni hurmat qilamiz», dedi. Men ularni tushundim. Biz ularga zarba berdik — ular qandaydir javob qaytarishi kerak edi.

Eron yadro obektlarining yo‘q qilinishiga juda zaif tarzda javob berdi, biz aynan shuni kutgan edik va bu hujumni juda samarali tarzda qaytardik», — dedi Tramp. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ham Qatardagi bazada hujum oldidan harbiy texnikalar yashirib qo‘yilgani yoki olib ketilgani ko‘rinadi.

O‘z navbatida Qatar mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron «hujumini muvaffaqiyatli qaytargani»ni ma’lum qildi. Qatar TIV va uning qo‘shnilari Eron zarbasini qoraladi.

Avvalroq, Eron va Iroq nashrlari Suriyaning Kasruk hududidagi Amerika harbiy bazasiga hujum uyushtirilgani haqida xabar bergandi. Aytilishicha, baza minomyotdan o‘qqa tutilgan. Kim o‘q uzgani noma’lum. Hujum ortidan AQSh bazalarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. AQSh rasmiylari Suriyadagi o‘z bazasiga qilingan hujum haqida xabar bermadi va Eron agentliklarining bayonotlarini sharhlamadi.

Tramp Eron va Isroil «to‘liq otashkesimga» kelishganini e’lon qildi

Qatarga berilgan zarbalar ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil «to‘liq va mutlaq» o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani, bu bir necha soat ichida kuchga kirishini yozdi.

«BARChAGA TABRIK! Isroil va Eron o‘rtasida to‘liq va mutlaq O‘T OChIShNI TO‘XTATISh bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu kelishuv taxminan 6 soatdan so‘ng kuchga kiradi – ayni paytda har ikki tomon yakuniy harbiy operatsiyalarini tugatmoqda. Kelishuvga ko‘ra:

  • Eron birinchi bo‘lib o‘t ochishni to‘xtatadi,
  • 12 soatdan so‘ng Isroil ham o‘t ochishni to‘xtatadi,
  • 24-soatda esa «12 KUNLIK URUSh»ning rasman yakunlangani butun dunyo tomonidan e’tirof etiladi», deb yozgan AQSh prezidenti Donald Tramp.

Oq uy mansabdorining bildirishicha, Prezident Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Eron rasmiylari bilan suhbatdan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni e’lon qilgan. Muzokaralarga Qatar vositachilik qilgan.

New York Times nashriga ko‘ra, kelishuv AQSh sharqiy soatiga ko‘ra 18:00 da e’lon qilingan va bu xabar Tramp ma’muriyatining ayrim yuqori lavozimli amaldorlarini ham hayratga solgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Trampning gaplaridan so‘ng, rasmiy bayonot berib urushni boshlagan Eron emas, Isroil ekanligini eslatdi. Uning aytishicha, hozircha otashkesim haqida hech qanday kelishuv bo‘lmagan, Isroil hujumlarni to‘xtatsa, Eron ham to‘xtaydi.

«Hozircha hech qanday «o‘t ochishni to‘xtatish» yoki harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy kelishuv mavjud emas. Biroq, agar Isroil rejimi Tehron vaqti bilan soat 04:00 dan kechiktirmay o‘z tajovuzlarini to‘xtatsa, biz ham keyinchalik javob harakatlarini davom ettirish niyatida emasmiz», dedi Eron bosh diplomati.

Tramp bayonotidan uch soat o‘tib, Isroil yana Eronga hujum boshlagan. Bu esa barcha tomonlar kelishuvga rozi bo‘lganmi, degan savollarni keltirib chiqarmoqda. Shu paytgacha Isroil ham bu kelishuvni rasmiy tasdiqlamagan.

Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchi Umar Rahmon Al-Jazeera'ga bergan izohida, Trampni Isroil foydasiga aldovlar qilishda aybladi. Tramp birinchi Isroil hujumidan bir necha soat oldin AQSh diplomatiyaga sodiqligini bildirgan edi. O‘tgan hafta esa Tramp AQSh urushga qo‘shiladimi-yo‘qmi degan qarorni ikki hafta ichida bildirishini aytgandi, ammo oradan ikki kun o‘tib Eronni nishonga oldi.

YuNICeF: G‘azoda mojaro boshlanganidan beri 50 ming bola halok bo‘lgan yoki yaralangan

YUNISEF ijrochi direktori o‘rinbosari Kitti van der Xeyden Yaponiyaning NHK telekanaliga bergan intervyusida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi janglar boshlanganidan beri G‘azo sektorida 50 mingga yaqin bola halok bo‘lgan yoki yaralanganini bildirdi.

U G‘azoda odamlar, ayniqsa bolalarning to‘yib ovqatlanmaslik holatlari kuchayib borayotganini va sog‘liqni saqlash tizimi tanazzul yoqasida ekanligini ta’kidlash barobarida, mart oyida Isroil to‘liq blokada o‘rnatganidan beri, BMT boshchiligidagi yordamchi kuchlar "bizga muhtoj bo‘lgan bolalarga etib borolmaganini" qo‘shimcha qildi.

YuNICeF vakili mojaroning barcha tomonlarini zo‘ravonlikni to‘xtatishga va BMT xodimlariga "bolalar nihoyat ozgina umid topishi uchun" G‘azoga yordam yetkazishni davom ettirishga ruxsat berishga chaqirdi. Kitti van der Xeyden, shuningdek, hozirgi global vaziyatni "bolalik uchun eng yomon vaqt" deb ta’rifladi.

Shuningdek, kuni-kecha Isroil armiyasining G‘azo sektori turli hududlariga bergan zarbalari natijasida kamida 6 nafar falastinlik, jumladan, uch bola halok bo‘ldi.

Falastinning Wafa rasmiy axborot agentligi xabariga ko‘ra, zarbalardan biri G‘azoning markaziy qismidagi tarqatish punktida gumanitar yordam olishni kutayotgan bir guruh falastinliklarga berilgan.

27 maydan beri Isroil BMT va xalqaro gumanitar tashkilotlarni chetlab o‘tib, Isroil va AQSh ko‘magida yaratilgan G‘azo gumanitar yordam jamg‘armasi nomli tuzilma orqali insonparvarlik yordamini tarqatmoqda. Biroq, bu tuzilma BMT tomonidan tan olinmagan va Falastin guruhlari tomonidan rad etilgan. HAMAS uni «o‘lim tuzog‘i» deb ataydi.

Putinga Eron oliy rahnamosi Ali Xominaiyning maktubi topshirildi

23 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchini qabul qildi. U uchrashuvda Eronga berilgan zarbalar asossiz tajovuz ekanligini va ularni umuman oqlab bo‘lmasligini aytgan.

«Siz Rossiyaga mintaqadagi va mamlakatingiz atrofidagi vaziyat keskinlashib borayotgan og‘ir vaqtda tashrif buyurdingiz. Hozirgi voqealar bo‘yicha bizning pozitsiyamiz hammaga ma’lum, buni Rossiya nomidan TIV bildirgan. BMT Xavfsizlik Kengashida qanday pozitsiyani egallaganimiz ham sizlarga ma’lum», dedi Putin Aroqchiga yuzlanib.

Putinning fikricha, Rossiya Eronga yordam berishga harakat qilmoqda. Xususan, Putin mintaqadagi mavjud vaziyatdan chiqishning ehtimoliy yo‘llari haqida birgalikda o‘ylab ko‘rishni taklif qildi.

Reutersʼning yozishicha, Eron tashqi ishlar vaziri Putinga oliy rahnamo Ali Xominaiyning maktubini topshirgan. Unda Tehron AQSh zarbalaridan keyin Rossiyadan yordam so‘ragan.

Dunyo bo‘ylab AQSh fuqarolariga ehtiyot bo‘lish tavsiya qilindi

AQSh Davlat departamenti xorijda yashovchi yoki sayohat qilayotgan amerikalik fuqarolarga ogohlantirish berib, Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli ehtiyotkorlikni kuchaytirishni tavsiya qildi.

«Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro Yaqin Sharqda transport harakatida uzilish va havo hududining vaqti-vaqti bilan yopilishiga olib keldi. Xorijda AQSh fuqarolari va manfaatlariga qarshi namoyishlar o‘tkazilishi mumkin. Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab AQSh fuqarolariga ehtiyotkorlikni kuchaytirishni tavsiya qiladi», — deyiladi Davlat departamenti saytida.

Unda AQShning Erondagi yadroviy inshootlarga hujumlari haqida hech qanday gap yo‘q, deb yozadi AFP. Ogohlantirish butun dunyo bo‘ylab amal qiladi.

Mavzuga oid