AQSh Kongressida WhatsApp ilovasidan foydalanish taqiqlandi
Kiberxavfsizlik boshqarmasi messenjerni foydalanuvchilar uchun «yuqori xavfli ilova» deb belgiladi, chunki, unda «foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilishda shaffoflik yo‘q va ma’lumotlarni saqlashda shifrlash mavjud emas».

Foto: Jakub Porzycki/NurPhoto via Getty Images
AQSh Kongressi Vakillar palatasida WhatsApp messenjeridan foydalanish taqiqlandi. Bu haqda AQSh parlamenti quyi palatasi xodimlariga yuborilgan eslatmada ma’lum qilindi, deb yozdi The Guardian.
AQSh Kiberxavfsizlik boshqarmasi messenjerni foydalanuvchilar uchun «yuqori xavfli ilova» deb belgiladi, chunki, unda «foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilishda shaffoflik yo‘q va ma’lumotlarni saqlashda shifrlash mavjud emas».
Kongressmenlarga boshqa «xavfsizroq ilovalardan» foydalanish tavsiya qilingan: Teams (Microsoft), Wickr (Amazon), Signal, iMessage yoki Facetime (Apple). WhatsApp ilovasi Facebook egasi Meta korporatsiyasiga tegishli.
Avvalroq Pentagon o‘z xodimlarini texnik zaifliklari sababli Signal ilovasidan foydalanish xavfsiz emasligidan ogohlantirgan edi. NPR ma’lumotlariga ko‘ra, 18 mart kuni chiqarilgan maxsus operativ xavfsizlik byulleteni rossiyalik hakerlik guruhlari Signal ilovasidagi zaiflikdan josuslik uchun foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Pentagonning umumiy eslatmasida aytilishicha, Signal kabi xabar almashish ilovalarida maxfiy bo‘lmagan ma’lumotlarni almashishga ruxsat berilgan, ammo «ommaviy bo‘lmagan» maxfiy ma’lumotlarni uzatish taqiqlangan.