Jahon | 20:59 / 25.06.2025
12855
7 daqiqa o‘qiladi

Isroil–Eron urushi: xulosalar

Isroil Eronga hujum qilib, 12 kun davomida bombaladi. Shundan keyin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bayonot berib, urushni to‘xtatishi, chunki “qo‘yilgan maqsadlarga erishilgani”ni bildirdi. Aslida ham shundaymi? Isroil o‘z maqsadlariga erishdimi? Netanyahuning “biz maqsadlarimizga erishdik” degan bayonoti, eng kamida noto‘g‘ri, chunki qo‘yilgan maqsadlarga erishilmadi. Aksincha, teskari natijalar ham kuzatildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil urush boshida ikki maqsadni ko‘zladi: birinchisi – Eron yadro dasturini yo‘qotish, ikkinchisi – Eron siyosiy tizimini yiqitish.

Yadro dasturi yo‘q qilindimi? Aniq javob hozircha yo‘q, lekin yadro dasturi yo‘q qilinmagani ehtimoli yuqoriroq. Amerika tomonidan bombalangan Eron yerosti yadro inshootlarining real ahvoli to‘g‘risida aniq ma’lumotlar yo‘q. Lekin, ko‘plab ekspertlar fikricha, Eron bu bunkerlarni aynan mana shunday bombalashlarni hisobga olib qurgan edi. Qolaversa, eng keng tarqalgan versiyalarga ko‘ra, Eron bu bunkerlarga hujumlarni oldindan bilgan va boyitilgan uranni boshqa, xavfsiz joylarga olib chiqib ketishga ulgurgan.

Xo‘sh, unda Isroilning Erondagi siyosiy tizimni o‘zgartirish rejasi amalga oshdimi? Yo‘q, mutlaq teskarisi yuz berdi. Isroilning hujumlarini eronliklar “siyosiy tizimga hujum” sifatida emas, Eron xalqiga va davlatiga hujum sifatida qabul qildi. Eron xalqi hukumat atrofida jipslashdi. Buning ichki va tashqi sabablari bor. Isroilning reputatsiyasi Yaqin Sharqning barcha davlatlarida, musulmon jamiyatlarida o‘ta salbiy. Ayniqsa, keyingi bir yarim yildan ortiq vaqt davom etayotgan G‘azodagi genotsid, etnik tozalash siyosati fonida. Shu sabab, eronliklar hukumatga qarshi bosh ko‘tarish uyoqda tursin, uning atrofida birlashdi.

Jumladan, Isroilning Eron televideniyesiga hujumi ham eronliklarning kuchliroq nafratiga sabab bo‘ldi. Isroil bamisoli Eron davlat propagandasiga hujum qilganini aytib, o‘zini oqlashi mumkin. Lekin bu hujum sabab Eron jurnalistlari Isroilga yanada qattiq g‘azabda bo‘lishdi. Bu hujum bilan Isroil o‘zini o‘zi Eron OAVning nishoniga aylantirdi.

Demak, Isroil o‘z oldiga qo‘ygan ikki asosiy maqsadga erisha olmadi. Eron yadro dasturi saqlanib qolmoqda. Eron siyosiy tizimi yiqilmadi, balki mustahkamlandi. Chunki Eron dunyo ko‘z o‘ngida agressiya qurboni bo‘ldi, musulmon davlatlari unga hamdardlik va hamkorlik bildirdi. Musulmon xalqlari Eron tomonida bo‘lishdi. Bir vaqtlar nisbatan izolyatsiyada bo‘lgan Eron, eng kritik vaziyatlarda ham vazminlik namoyish etishga qodirligini isbotlashi bilan, ishonch va hurmat qozondi.

Xo‘sh, Isroil dunyo ko‘z o‘ngida o‘zini “to‘g‘ri yo‘ldagi davlat” deya ko‘rsata oldimi? Uning hujumlarini dunyo jamoatchilik fikri “to‘g‘ri ish” deya qabul qildimi? Yo‘q, Isroil va AQSh bu kutilmagan hujumlari bilan xalqaro qonunchilikni juda qo‘pol ravishda buzdi. Buning oqibatlari hali ancha vaqt bilinadi. Chunki AQSh va Isroil Eronni “muzokaralar” bilan aldab, uni chalg‘itib, kutilmaganda hujum uyushtirishdi, Eron davlat mulozimlari va mulklariga hujum qilib, insoniy va moddiy talofat yetkazishdi.

Shunday bo‘lsa-da, AQSh ham, Yevropa davlatlari ham Netanyahuning keskin talablarini qo‘llab-quvvatlamadi, ya’ni to‘laqonli urush qilish loyihasiga qo‘shilmadi. AQShning strategik borbardimonchi samolyotlari Eronning yerosti bunkerlarini portlatib, to‘g‘ri AQShga qaytib ketishdi. Mana shu fonda g‘arb davlatlari ham Eron bilan savdo qilish niyatida ekanini bildirishi – aslida Isroilga katta salbiy signal hisoblanadi.

Isroil Eronning havo sarhadlarini tezda nazoratga olishga erishdi. Eronning havo mudofaa tizimi ancha zaif ekani ma’lum bo‘ldi. Isroil Eronning istagan joylarini bombalay oldi. Lekin bu urush mobaynida Isroilning eng katta loyihasi – afsona ekani ma’lum bo‘ldi. Bu – “Temir gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimi edi. Eronning gipertovushli raketalari Isroilning uchta xalqadan iborat “Temir gumbaz”ini bemalol yorib o‘tib, Tel-Aviv va Hayfa shaharlarini vayron qilib tashladi.

Eron hujumlari natijasida Isroil iqtisodiyoti ma’lum vaqt deyarli to‘xtab qoldi. Juda ko‘plab binolar o‘nlab bo‘lmas ahvolga keldi. Yetkazilgan zararlarni tiklash uchun Isroil o‘nlab milliard dollar sarflashi, yillar davomida qurilish qilishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, Eronning raketalar hujumi natijasida “Isroilning havo mudofasidan pashsha ham uchib o‘ta olmaydi” degan gap afsona bo‘lib chiqdi. Isroil tarixiy talafotlar oldi.

Eron bu urushda sovuqqonlikni yo‘qotmadi. Hatto javob hujumlari borasida Tramp bilan ham kelisha oldi. Qatardagi AQSh harbiy bazasiga Eron hujumi kelishilgani ma’lum bo‘ldi. Bu kelishuv orqali, Tehron urushning haroratini pasaytirib, harbiy harakatlarni to‘xtata oldi.

Bu urush orqali, Netanyahu o‘z siyosiy mavqeyini mustahkamlamoqchi edi. O‘z koalitsiyasini saqlab qolmoqchi edi. Biroq, Eron zarbalari sabab, endi u Isroil elitasi va xalqi oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.

Bu urush natijasida, Eron davlatchiligi yiqilmadi. Lekin Isroil ancha yakkalanib qoldi. Hatto AQSh ham Isroilning bu urushiga tortilish niyatida emasligini bildirdi.

AQSh ichkarisida esa aksil-isroil kayfiyatlari yanada kuchaydi. Xulosa shuki, bu urush Isroilni va Netanyahuni kuchaytirmadi, aksincha, saiflashtirdi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid