Jahon | 22:45 / 25.06.2025
12453
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ukrainadagi vaziyat nazoratdan chiqib ketganini ma’lum qildi

AQSh prezidenti urushni 24 soat ichida to‘xtatish haqidagi va’dasi «sarkazm» bo‘lganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Putin «juda murakkab inson» va Zelenskiy bilan ham «muammolar bo‘lgan».

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi vaziyatni «butunlay nazoratdan chiqib ketgan» deb hisoblaydi. Bu haqda u NATOga a’zo davlatlar yetakchilarining yopiq majlisida ma’lum qildi.

Bloomberg manbasining so‘zlariga ko‘ra, Tramp ittifoqchilarga buni nimadir qilish kerakligini aytgan. U ortiqcha tafsilotlarga to‘xtalmagan bo‘lsada, bu Ukraina uchun ijobiy signal sifatida qabul qilingan.

Tramp Kiyevga qo‘shimcha Patriot havo hujumidan mudofaa majmualarini topshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, ushbu qurollar AQShning o‘ziga ham, Isroilga ham kerak. Ammo u Ukraina uchun imkoniyat topilishiga umid bildirgan. Shu bilan birga, Tramp AQSh Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish yoki ettirmasligiga oydinlik kiritimagan.

Bundan tashqari, Tramp urushni 24 soat ichida to‘xtatish va’dasi «sarkazm» bo‘lganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin «juda murakkab inson» va Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan ham «muammolar bo‘lgan». Tramp ushbu urush «boshqa barchalaridan qiyinroq bo‘lib chiqqanini» tan oldi. U dunyodagi boshqa mojarolar, jumladan, Eron va Isroil, Hindiston va Pokiston, Serbiya va Kosova o‘rtasidagi to‘qnashuvlar muvaffaqiyatli hal etilganini bildirdi.

Tramp yana bir bor Putin rostdan ham urushni yakunlash bo‘yicha kelishuvga erishishga intilayotganiga ishonch bildirdi. «U mazkur vaziyatdan chiqishni istagan bo‘lardi. U uchun bu tartibsizlik… Men uni shunchaki chalkashib qolgan inson deb hisoblayman. Aslida men juda hayratdaman. Biz barchasini osonlikcha hal etamiz deb o‘ylagandim», — deydi AQSh prezidenti.

Tramp yana bir bor Putin bilan gaplashishga urinishini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy ham 25 iyun kuni unga barchasi tezroq yakunlanishini xohlayotganini aytgan.

Mavzuga oid