Jahon | 18:50 / 25.06.2025
4671
2 daqiqa o‘qiladi

MDH ayrim davlatlari tarix darsligida Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat bor – Rossiya ta’lim vaziri

Rossiya ta’lim vazirligi MDH davlatlarining tegishli vazirlari bilan yagona tarixiy o‘tmishni talqin qilish bo‘yicha yondashuvlarni kelishish ustida ishlamoqda.

Foto: Global Look Press

Rossiya ta’lim vaziri Sergey Kravsov Davlat Dumasidagi majlisda so‘zga chiqib, MDH ayrim mamlakatlaridagi tarix darsliklarida Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat bildirilgani, ayniqsa, bu sovet davriga to‘g‘ri kelishini aytdi.

«Tarix darsliklariga kelsak, bir qator davlatlar tarixini ko‘rib chiqishda tarixiy materialni tarixiylik va xolislik tamoyillariga rioya qilmasdan taqdim etishda ma’lum qiyinchilik va muammolar mavjud. Bu, birinchi navbatda, bizning umumiy o‘tmishimizga, respublikalar hududining Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan davriga taalluqlidir, bu esa, umuman olganda, Rossiyaga nisbatan salbiy xususiyatga ega», dedi Kravsov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ta’lim vazirligi MDH davlatlarining tegishli vazirlari bilan yagona tarixiy o‘tmishni talqin qilish bo‘yicha yondashuvlarni kelishish ustida ishlamoqda.

U gap qaysi davlatlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi. Kravsovning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya ushbu davlatlar bilan birgalikda «yagona ta’lim, madaniy va ruhiy makon qurmoqda» va shunga mos ravishda «hamma bir-birini tushunadigan va yaxshi qo‘shnichilikka sodiq bo‘lgan Yevroosiyo qit’asining kelajagini ham».

Kravsov boshqa mamlakatlardagi tarix darsliklari haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. Avvalroq, u «qator mamlakatlarning bir qator tarix darsliklarida tarix buzib ko‘rsatilganini» ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tarix darsliklarida «hech qanday tajovuz, dushmanlik ruhi yo‘q», faqat «faktlar taqdimoti, tarixiy haqiqat» bor.

Mavzuga oid