Jamiyat | 21:25 / 25.06.2025
1211
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda qator avtobus yo‘nalishlari vaqtincha o‘zgartirildi

Ohangaron yo‘li ko‘chasining Qorasuv ko‘chasidan Birlashgan ko‘chasigacha bo‘lgan bir tomonlama qismi vaqtincha yopildi. Shu bois bir qator avtobus yo‘nalishlari harakati o‘zgartirildi.

Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi Ohangaron yo‘li ko‘chasining Qorasuv ko‘chasidan Birlashgan ko‘chasigacha bo‘lgan bir tomonlama qismi vaqtincha yopilishi sababli ushbu manzil orqali harakatlanuvchi avtobus yo‘nalishlarining harakati o‘zgartirildi. Bu haqda poytaxt Transport bosh boshqarmasi xabar berdi.

Xususan:

  • 95, 110, 128-sonli avtobus yo‘nalishlari harakati Ohangaron shohko‘chasidagi qo‘shimcha mahalliy yo‘l orqali o‘zgartirildi;
  • 18, 30, 44, 49, 119, 129-sonli avtobus yo‘nalishlari harakati Qorasuv, Aviasozlar, Beshariq ko‘chalari orqali o‘zgartirildi.

«Yo‘l ta’mirlash ishlari jarayonida harakat cheklanishi va uzoq muddatli transport tirbandliklari yuzaga kelishi holatlariga ko‘ra avtobus yo‘nalishlari harakatiga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qilamiz», - deyiladi xabarda.

Shuningdek, yo‘l ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli 97- va 157-sonli avtobus yo‘nalishlari qatnov yo‘li vaqtinchalik o‘zgartirildi.

Har ikki yo‘nalish Amir Temur va Bog‘ishamol ko‘chalari kesishmasidan ortga qayrilib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakatni davom ettiradi.

97-sonli avtobus yo‘nalishi:

  • Toshkent vokzalidan Yunusobod dehqon bozoriga borishda Amir Temur va Bog‘ishamol kesishmasigacha harakatlanadi va u yerdan ortga qayrilib, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakatni davom ettiradi.

157-sonli avtobus yo‘nalishi:

  • Paxtakor metro bekatidan Yunusobod 19-dahaga borishda xuddi shu kesishmaga yetib boradi va ortga qayriladi.

Ta’kidlanishicha, yo‘l ta’mirlash ishlari yakunlangach, avtobuslar avvalgi yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishni davom ettiradi.

Mavzuga oid