XVJ daromad solig‘ini tabaqalashtirishga chaqirdi. Iqtisodchi bunga qarshi to‘rtta sabab keltirdi
Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining amaldagi tartibini progressiv shkalaga o‘tkazishni tavsiya qildi. Mazkur tizim daromad miqdorining ortib borishi bilan soliq stavkasining ham oshib borishiga asoslangan. Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, bu juda yomon va antiijtimoiy taklif.

Xalqaro valuta jamg‘armasi soliq bazasini kengaytirish va soliq tushumlarining YaIMga nisbati pasayishi tendensiyasini to‘xtatish maqsadida jismoniy shaxslarning daromadi solig‘ini amaldagi 12 foizlik bir xil stavkadan oshib boruvchi tabaqalangan shkalaga o‘tishni taklif qildi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, XVJning ushbu taklifiga aslo va aslo rozi bo‘lmaslik kerak.
«Birinchidan, oxirgi yillarda daromad solig‘idan tushumlar ulushda ham, summada ham tezroq o‘smoqda, birinchi chorakda ham bu tendensiya davom etgan. Ya’ni mehnat bozori oqarishdan, daromad solig‘i to‘lovchilar soni o‘sishdan to‘xtagani yo‘q, buni rasmiylar ham parlamentdagi oxirgi chiqishida tan olgan. O‘sib boruvchi shkalaga o‘tish soliq tushumlarini bir martalik o‘stirishi mumkin, lekin mehnat bozorining oqarishi taqa-taq to‘xtaydi, yana ommaviy konvertga qaytish boshlanadi.
Ikkinchidan, yuqori daromad egalari, ya’ni boylar O‘zbekiston sharoitida daromadlarini korporativ xarajatlar orqali yoki dividend orqali chiqarib olishadi, aslo ish haqi orqali emas. Shuning uchun, ijtimoiy adolat haqida gap ketsa, dividend solig‘ini oshirish (daromad solig‘i stavkasigacha) yoki shaxsiy iste’molga ketayotgan korporativ xarajatlarni soliq bazasiga kiritishni ilgari surish lozim. O‘zi nima uchun mehnatkash daromadidan 12 foiz, burjuy esa dividendidan 5 foiz (undayam mingta imtiyoz) soliq to‘lashi kerak? Shumi ijtimoiy adolat?
Uchinchidan, agar daromad solig‘i stavkalari oshirilsa va progressiv shkalaga o‘tilsa, tinimsiz o‘sayotgan qarzlarni to‘lash yukini xalq bo‘yniga soliqlarni oshirish ko‘rinishida (tariflar ko‘rinishida ilinishi allaqachon boshlangan) ilinishi tezisi amalda tasdiqlanadi. Bu yana tiyiqsiz oshayotgan qarzlar va ularning samarasizligi masalasini ko‘ndalang qo‘yadi.
To‘rtinchidan, ijtimoiy siyosatni kuchaytirish uchun soliq tushumlarini ko‘paytirish kerakmi? Albatta, kerak. Lekin mehnatkashlar hisobidan emas. Yashirin va noqonuniy imtiyozlarni qo‘lga kiritgan, umuman boj to‘lamagan, shuning hisobidan oxirgi 8 yilda dollardagi milliarderlarga aylangan shovvozlar nihoyat soliqqa tortilishi kerak. Qani o‘zbek gaz va neft konlarini egallab olganlar, karrasiga soliq stavkasi pasaytirilganlar? Shularning cho‘ntagini bo‘g‘ish payti kelmadimi? Qani bojsiz mashina olib kirib sotayotganlar? Shulardan hisob so‘rash kerakmasmi?» deya yozdi Bakirov.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning may oyida Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Timur Ismoilov Qozon shahrida o‘tgan iqtisodiy forumdagi chiqishi doirasida O‘zbekistonda daromad solig‘ini hisoblashda vaqti kelib tabaqalashtirilgan tizimga qaytilishi mumkinligini aytgandi. Shundan so‘ng qo‘mita bu borada hech qanaqa rejalar yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Progressiv soliq tizimi nima?
Progressiv soliq tizimi – daromad miqdorining ortib borishi bilan soliq stavkasining ham oshib borishiga asoslangan. Ya’ni qancha ko‘p daromad olinsa, soliq stavkasi ham shuncha balandroq bo‘ladi.
Masalan, AQShda daromad solig‘i qat’iy belgilangan stavkaga ega emas. To‘lovlar odamlarning daromad miqdori va oilaviy ahvoliga bevosita bog‘liq. Minimal soliq stavkasi 10 foiz bo‘lib, yillik daromadi 11 ming dollargacha bo‘lganlar uchun qo‘llanadi. Maksimal stavka – 37 foiz. Yiliga 578 ming dollardan ortiq pul topadiganlar shuncha miqdorda daromad solig‘i to‘lashi kerak. O‘rtacha ish haqi oladigan odamlar esa o‘z daromadining 22 foizi miqdorida soliq to‘laydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham 2019 yilgacha jismoniy shaxslarning daromadlarini soliqqa tortish bo‘yicha 7,5 foizdan 22,5 foizgacha bo‘lgan tabaqalashtirilgan tizim amal qilgan. Ayni paytda hamma bir xil – 12 foizdan daromad solig‘i to‘laydi.
Mavzuga oid

13:54 / 01.07.2025
XVJ Ukraina uchun yarim milliard dollarlik transhni ma’qulladi

12:21 / 26.06.2025
Pensiya yoshini oshirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan - Pensiya jamg‘armasi

14:05 / 25.06.2025
O‘zbekiston pensiya tizimi islohotga muhtoj - XVJ

14:40 / 20.06.2025