Jahon | 14:13
3348
10 daqiqa o‘qiladi

Eronliklarni g‘alaba bilan tabriklagan Xominaiy, AQSh zarbasini shubhaga qo‘ygan razvedka va sulhga ishonmayotgan Xitoy – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xominaiy Eron xalqini g‘alaba bilan tabrikladi

26 iyun kuni Eron oliy rahbari Ali Xominaiy xalqqa murojaat qilib, so‘nggi 12 kunlik urushda AQSh va Isroil mag‘lub etilganini aytdi.

«Sizlarni Eronning Amerika rejimi ustidan qozongan buyuk g‘alabasi bilan tabriklayman. Amerika rejimi urushga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirdi, Chunki ular buni qilmasa, tsionistik rejim butunlay yo‘q bo‘lib ketishini tushundi va urushga kirdi, lekin hech narsaga erisha olmadi», deya Xominaiyning so‘zlarini keltirmoqda Mehr News.

Xominaiy shuningdek, Eron hech qachon taslim bo‘lmasligini ta’kidladi va agar kimdir yana mamlakatga hujum qilishga urinsa, jiddiy javob berilishini ma’lum qildi.

«Eron tomonidan berilgan bu zarbalar dushmanlar tasavvuriga ham kelmagan edi, ammo ular haqiqatga aylandi. Eronning javobi ularga shuni ko‘rsatdiki, bizga har qanday tajovuz og‘ir narxga tushadi», — dedi u.

Shuningdek, AQShning Eron yadroviy obektlariga uyushtirgan hujumlari xalqaro sudlarda alohida huquqiy ish sifatida ko‘rib chiqilishi lozimligini ta’kidladi. Oyatulloh Xominaiy AQSh prezidenti Donald Tramp holatni noodatiy tarzda oshirib ko‘rsatganini aytib, bu uning bunga ehtiyoji borligini ko‘rsatadi, dedi.

Uning aytishicha, Eron Qatardagi AQShning eng muhim bazalaridan biri — Al-Udayd harbiy bazasini nishonga oldi va zarar yetkazdi. «Eron istagan paytda AQShning asosiy bazasini nishonga olish imkoniyatiga egaligi — oddiy voqea emas. Bunday hujumlar yana takrorlanishi mumkin va dushman uchun buning narxi og‘ir bo‘ladi», — dedi u.

Trampning «bo‘ysunish kerak» degan so‘zlariga to‘xtalar ekan, Oyatulloh Xominaiy shunday dedi:

«Ammo bunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayonot AQSh prezidentining og‘ziga «sig‘maydi». Har safar yangi bahona bor: inson huquqlari, demokratiya, ayollar huquqi, uranni boyitish, raketalar. Ammo bu bahonalarning orqasida yagona maqsad bor — Eronni bo‘ysundirish.

Eron qadimiy sivilizatsiyaga ega buyuk bir mamlakat. Madaniy merosi AQSh va unga o‘xshaganlardan ancha boy. Bunday ulug‘ millatga nisbatan ‘bo‘ysunishʼ haqida gapirish mutlaqo mantiqsizdir», — dedi Xominaiy.

Razvedka ma’lumotlari va Trampning postlari

Xominaiy xalqni g‘alaba bilan tabriklab turgan shu kunlarda AQShning Eron yadro obektlariga bergan zarbasi samaradorligiga shubha ortib bormoqda.

Xususan, Yevropa razvedka ma’lumotlari Trampning bombardimon Eronning yadroviy dasturini «yo‘q qildi» degan bayonotiga qaramay, Eron yadro bombalarini yaratish uchun yaroqli bo‘lgan boyitilgan uran zaxiralarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Financial Times razvedka ma’lumotlaridan xabardor yevropalik ikki amaldorga tayanib xabar berdi.

Dastlabki baholashlarga ko‘ra, Tehron 60 foizgacha boyitilgan uran zaxirasining katta qismini (408 kilogramm atrofida) ko‘chirib, hujumdan olib chiqishga ulgurgan. Material Eronning Fordodagi asosiy ikkita boyitish obektlarining birida emas, balki boshqa manzillarga taqsimlangan bo‘lgan.

Hafta boshida AQShning o‘z razvedkasi va Isroil razvedkasi ham shunga o‘xshash xulosasi bilan bo‘lishgandi. Eronning yadroviy dasturi bor-yo‘g‘i bir necha oyga orqaga surildi, deya AQSh razvedkasi ma’lumotlarini tarqatgan nashrlarni Trampning o‘zi haqorat qilgandi.

«Fordo yadroviy majmuasidan hech nima olib chiqilmadi. Bu juda ko‘p vaqt talab qilgan bo‘lardi, juda xavfli va tashish juda og‘ir!» — deb yozdi prezident Tramp keyinroq.

Tramp sizdirilgan razvedka ma’lumotlarini tarqatgan OAVlardan jahli chiqqach, Markaziy razvedka boshqarmasi rasmiy bayonot bilan chiqdi.

«Markaziy razvedka boshqarmasi Eronning bir qator yadroviy obektlari vayron qilingani va ularni qayta tiklash bir necha yil davom etishi haqidagi xulosaga kelgan axborot o‘z ichiga «ishonchli va aniq manba/usuldan olingan yangi razvedka ma’lumotlari»ni oladi», — deyiladi MRB direktori Jon Retkliffning bayonotida.

Isroil armiyasi zarbalari natijasida G‘azoda 21 kishi halok bo‘ldi

Al Jazeera nashrining xabar berishicha, Isroil Mudofaa armiyasi tomonidan G‘azo sektorida 26 iyunga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujumlar natijasida kamida 21 kishi halok bo‘lgan.

Isroil harbiylari G‘azo shahri shimolidagi ko‘chirilgan fuqarolar uchun mo‘ljallangan chodirli lagerga hamda Falastin anklavining markaziy hududlariga aviazarbalar bergan.

G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar 18 martdan keyin Isroil sulhni buzgach qayta boshlangan. O‘shanda Isroil armiyasi anklav hududiga keng ko‘lamli hujumlarni boshlagan va shu tariqa yanvardan buyon amal qilayotgan otashkesimni bekor qilgan edi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning ofisi bergan bayonotda aytilishicha, harbiy operatsiyaning qayta boshlanishiga sabab — HAMASning xalqaro vositachilar va AQSh prezidenti maxsus vakili Stiven Uitkoff ishtirokidagi muzokaralarda ilgari surilgan takliflarni rad etgani bo‘lgan. Bayonotda, shuningdek, harbiy kampaniyaning asosiy maqsadi – barcha garovda ushlab turilgan fuqarolarni ozod etish ekani ta’kidlangan. O‘z navbatida, HAMAS vakillari ziddiyatning kuchayishi uchun javobgarlikni Isroil va AQSh zimmasiga yukladi.

Yaqin Sharqdagi urush Rossiya-Xitoy gaz quvuri g‘oyasini jonlantirdi

Xitoy Rossiyaga haddan tashqari energetik qaramlik bo‘yicha xavotirlarga qaramay, Rossiya tabiiy gazini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish uchun «Sila Sibiri – 2» gaz quvurini qurish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga tayyor. Bu haqda Xitoy hukumatidagi manbalariga tayanib The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi.

«Sila Sibiri - 2» gaz quvuri loyihasi narx va mulkchilik shartlari bo‘yicha bahslarda qolib ketgandi», — deb yozadi gazeta. Biroq Isroil va Eron o‘rtasidagi urush Xitoy rasmiylariga Yaqin Sharqdan neft va gaz yetkazib berish ishonchliligini qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘ldi, chunki ular bu davlatlar o‘rtasidagi «mo‘rt sulh»ga ishonmaydi, deyiladi maqolada.

WSJ tomonidan keltirilgan Rystad Energy konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Qatar va BAAdan suyultirilgan gaz (STG)ning taxminan 30 foizini Eron urush paytida yopish bilan tahdid qilgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali import qiladi. «Harbiy vaziyatning beqarorligi va oldindan aytib bo‘lmasligi Xitoy rahbariyatiga quruqlik quvurlari orqali barqaror yetkazib berish geosiyosiy afzalliklarga ega ekanini ko‘rsatdi», — degan Xitoy-Rossiya munosabatlari bo‘yicha ekspert Aleksandr Gabuyev. «Rossiya bundan foyda ko‘rishi mumkin», — deydi ekspert.

KXDRda jahon darajasidagi kurort ochildi

Butun dunyo Yaqin Sharq bilan ovora, OAVda tilga olinmay qolgan Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bu safar raketa bilan emas, balki kurort bilan “keldi”. Kim Vonsan port shahrida jahon darajasidagi sohilbo‘yi kurortini ochib berdi.

Yangi majmuada yuzlab obektlar — 20 ming o‘rinli mehmonxona va qator kichikroq mehmonxonalar, akvapark, sport maydonchalari, madaniyat markazlari, savdo va ko‘ngilochar obektlar, hattoki o‘z aeroporti ham bor.

«KXDRda milliy turizm modeli» deb nom olgan kurort mavsumdan qat’i nazar mehmonlarni 1 iyuldan boshlab qabul qila boshlaydi. Majmua bir vaqtning o‘zida 100 ming turistni qabul qila oladi. Bu yerda suzish mavsumi iyun oyining o‘rtalaridan sentabr oyining o‘rtalariga qadar davom etadi.

Qurilish KXDR rahbarining shaxsiy nazorati ostida amalga oshirilgan. Lekin Shimoliy Koreyaga chet eldan kimdir borib bu kurortda dam olishi mumkinmi yoki bu janubliklar uchun “sahna ko‘rinishimi”, bunisi noma’lum.

Tramp Rossiya hech qachon NATOga hujum qilmasligiga va’da berdi – The Washington Post

Haagadagi NATO sammitining asosiy sessiyasi chog‘ida Donald Tramp «Rossiya u prezident bo‘lganida NATOga hech qachon hujum qilmasligiga va’da berdi», deb yozadi The Washington Post Yevropaning uch rasmiy vakiliga tayanib.

Sammitning asosiy mavzusi NATO davlatlarining mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirish bo‘lib, bu borada ittifoq a’zolari kelishib oldi. Bundan tashqari, Tramp sammitda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi.

Tramp muloqot paytida o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilmaganini aytdi — u Zelenskiyning «ishlari qanday ketayotganini ko‘rmoqchi bo‘lgan». Keyinroq Ukraina prezidenti «jang maydonidagi vaziyat haqida gaplashganini» ma’lum qildi va Trampga «haqiqatan ham joylarda nima bo‘layotganini» aytgan. Sammitning yakuniy deklaratsiyasida Ukrainadagi urush haqida hech narsa aytilmagan.

Mavzuga oid