Jahon | 17:57 / 28.06.2025
1340
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda OAV xodimlariga bayram munosabati bilan 66 ta uy topshirildi

Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan «Qozog‘iston Prezidenti tashabbuslari jamg‘armasi» tomonidan media sohasida ishlaydigan 66 nafar xodimga kvartira sovg‘a qilindi. «Bu fuqarolarga ijtimoiy ko‘makni kuchaytirishga qaratilgan davlat siyosatining bir qismidir», degan To‘qayevning maslahatchisi.

2025 yil 28 iyun kuni Ostona shahrida Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston Prezidenti tashabbuslari jamg‘armasi — «Dara» fondi tomonidan mamlakatda faoliyat yuritayotgan OAV xodimlariga Qosim Jo‘mart To‘qayev nomidan kvartiralar berildi.

«Media sohasi vakillarini uy-joy bilan ta’minlash tashabbusi fuqarolarga ijtimoiy ko‘makni kuchaytirish va jamiyatda barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli davlat siyosatining bir qismidir», deyiladi fond xabarida.

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istonda 2023 yilda 5 ta davlat OAVdan 65 nafar xodimga bepul mulk topshirish shartnomasi asosida kvartira berilgan. 2024 yilda esa 68 ta kvartira, 2025 yilda yana 66 nafar turli media sohasi xodimlariga yangi uylar topshirildi.

Shuningdek, To‘qayevning maslahatchisi – Prezident matbuot kotibi Ruslan Jyeldibay OAV vakillarini kasb bayrami bilan tabrikladi:

«Uchinchi yildirki, davlat rahbari Qosim Jo‘mart To‘qayev topshirig‘iga binoan ushbu tadbir an’anaviy tarzda o‘tkazilmoqda. Bu esa prezident mahalliy OAV xodimlarini doimiy qo‘llab-quvvatlashini namoyon etadi. Bu yil uy faqat jurnalistlargagina emas, balki rejissyorlar, operatorlar, korrektorlarga va boshqa media mutaxassislariga ham berilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlarga ham alohida e’tibor qaratildi — uy egalarining orasida ko‘p farzandli oilalar va nogiron farzandli oilalar ham bor. Kasbdoshlarim muvaffaqiyatidan chin dildan xursandman va yurakdan muborakbod etaman», — dedi Ruslan Jyeldibay.

Uy-joy sertifikatlariga Qozog‘istonning davlat OAVlari, shu bilan bir qatorda xususiy OAVlari xodimlariga ham berilgan. Kvartira egasi bo‘lganlar orasida korrektorlar, operatorlar, muharrir va rejissyorlardan tortib sifatli mahsuloti yaratilishini ta’minlayotgan professional jurnalistlargacha bor.

Eslatib o‘tamiz, kecha 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekistonda ham «Oltin qalam» milliy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgan edi.  

Mavzuga oid