YeI sammitida Isroil G‘azoda inson huquqlarini poymol etayotganiga urg‘u berildi
Antonio Koshta Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarini iyul oyida Isroil bo‘yicha qaror qabul qilishga chaqirdi.

Foto: AP
Yevropa Ittifoqi Kengashi raisi Antonio Koshta Isroil xalqaro huquqni va Yevropa Ittifoqi Assotsiatsiya kelishuvi shartlarini buzganini aytib, iyul oyida Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashi yig‘ilishida qaror qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi.
Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI sammiti ortidan Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zlagan Koshta uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘lgan G‘azodagi vaziyatga to‘xtaldi.
«Isroil bizning do‘stimiz, biz do‘stlarimiz bilan ochiq, aniq va halol gaplashishga majburmiz. Televizorda ko‘rayotgan va matbuotda o‘qiganimizga hech kim ko‘z yuma olmaydi. G‘azodagi gumanitar vaziyat bilan bog‘liq holatni qabul qilib bo‘lmaydi», — dedi Koshta.
Uning qayd etishicha, tahlil natijalari Isroil Assotsiatsiya shartnomasining inson huquqlari va xalqaro huquq normalariga rioya qilishni nazarda tutuvchi 2-moddasini ochiqdan ochiq buzayotganini ko‘rsatdi. «G‘azoda inson huquqlari Isroil tomonidan muntazam ravishda poymol qilinmoqda», deb ta’kidladi Yevropa kengashi rahbari.
Koshta Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasga YeI tashqi ishlar vazirlarining 15 iyulda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan navbatdagi yig‘ilishi uchun bu masala bo‘yicha qaror tayyorlashni topshirganini, shu bilan birga, Isroil bilan muloqot davom etishini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqi Isroilga qo‘yayotgan shartlar orasida o‘t ochishni to‘xtatishga rioya qilish, G‘azoga insonparvarlik yordami kirishini ta’minlash, inson huquqlarini to‘liq hurmat qilish va bosib olingan Falastin hududlarida noqonuniy turar joy qurish faoliyatini to‘xtatish bor.
Mavzuga oid

08:40
Vladimir Putin: Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro ortda qoldi

20:14 / 27.06.2025
Isroil qiruvchilari «Hizbulloh»ning Livan janubidagi obektiga zarbalar berdi

15:26 / 27.06.2025
Eronning Isroilga bergan zarbalaridan ko‘rilgan zarar 3 mlrd dollarni tashkil qildi

07:31 / 27.06.2025