Jahon | 21:53 / 29.06.2025
1677
2 daqiqa o‘qiladi

Eron bir necha oy ichida boyitilgan uranni ishlab chiqarishga qaytishi mumkin - MAGATE rahbari

Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossining ta’kidlashicha, Eronda «hanuz sanoat va texnologik salohiyat mavjud» va «agar ular xohlasa, hammasini yana ishga tushira oladi».

Foto: Flickr

Eron boyitilgan uran ishlab chiqarishni qayta tiklash imkoniyatini saqlab qolgan va «bir necha oy ichida» bunga qaytishi mumkin. Bu haqda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) rahbari Rafael Grossi CBS’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Grossi jurnalistning MAGATE Eron yadro obektlariga zarbalar oqibatini qanday baholashi va Tehronning boyitilgan uranni ishlab chiqarishni tiklash qobiliyati haqidagi savolga javob qaytardi. «Ularda imkoniyatlar bor», — deydi Grossi.

«Aytish mumkinki, ular bir necha oy ichida yoki undan ham oldinroq yana bir necha sentrifuga kaskadlarini ishga tushirib, boyitilgan uran ishlab chiqarishni boshlay oladi. Ammo oldin aytganimdek, barchasi yo‘q qilingani va hech narsa qolmaganini tasdiqlab bo‘lmaydi», — deya qo‘shimcha qiladi MAGATE rahbari.

Grossining so‘zlariga ko‘ra, Eronda «hanuz sanoat va texnologik salohiyat mavjud» va «agar ular xohlasa, hammasini yana ishga tushira oladi».

Avvaliga Isroil, so‘ng AQSh bombardimonchilari tomonidan Eron yadro obektlariga zarbalar berilganiden keyin Donald Tramp ular «butunlay yakson qilingani»ni aytgandi. CNN va The New York Times razvedkadagi manbalariga tayanib yozishicha, Amerika zarbalari Eron ishlanmalarini bir necha oy ortga surgan xolos. Shundan so‘ng Tramp ularni keskin tanqid qildi. MRB rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Eron yadro dasturiga «jiddiy zarar» yetkazilgan. Financial Times manbalarining ta’kidlashicha, AQSh zarbalaridan keyin ham Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralari asosan tegilmagan holda qolgan.

Mavzuga oid