Jahon | 12:28
3984
11 daqiqa o‘qiladi

«Qotil» ekologiya, mashhurlar ortiga yashiringan firibgarlik va amaldorlarga majburiy til

Markaziy Osiyoda iflos havo – odamlarning qotiliga aylandi, har yili 65 ming kishi ekologiya sabab vafot etmoqda. Qirg‘izistonda davlat tilini bilmagan amaldorlar endi jarimaga tortiladi. Qozog‘istonda taniqli media vakillarining reklamasiga uchib aldanayotganlar soni ko‘payib ketdi. Eron-Isroil urushi fonida Turkmaniston 50 dan ortiq davlatlarga fuqarolarini olib chiqib ketish uchun yordam berganini ma’lum qildi. O‘sh shahrida ijtimoiy yotoqxona qurildi, ko‘chada qolib ketganlar bemalol kelib yashab turishi mumkin.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qirg‘iz tilini bilmaganlar jarimaga tortiladi

Qirg‘izistonda davlat tilini bilmagan amaldorlar endi jazolanadi, mamlakatda qirg‘iz tilining maqomi oshirilmoqda. Deputatlar davlat tilini qo‘llash bilan bog‘liq qonun loyihalarini ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qulladi. Yangi tuzatishlarga ko‘ra, parlament deputatlari, Vazirlar Mahkamasi raisi va a’zolari, konstitutsiyaviy, oliy va mahalliy sudlar sudyalari, prokuror tergovchilar, milliy bank, huquqni muhofaza qilish organlari hamda milliy xavfsizlik xodimlari bundan buyog‘iga davlat tilini bilishi shart.

Shuningdek, advokatlar va notariuslar ham qirg‘iz tilini yetarli darajada bilmasa, litsenziya olish huquqidan mahrum bo‘ladi. Televideniye va radiodagi ko‘rsatuv hamda eshittirishlarning kamida 60 foizi davlat tilida bo‘lishi majburiy qilib belgilandi.

Davlat tilini yetarli darajada bilmaslik endi mamlakatda doimiy yashash uchun ruxsatnoma berishni rad etishga asos bo‘ladi. Chet el fuqarolari ham qirg‘iz tilini bilmasa, immigrant maqomini ololmaydi.

Davlat tilida tayyorlangan reklama matni til to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga va imlo qoidalariga muvofiq bo‘lishi lozim. Bunday matnlarni mahalliy hokimiyat organlari ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.

Til qonunchiligini buzgan jismoniy shaxslar 5 ming qirg‘iz somi (taxminan 711 ming so‘m), yuridik shaxslar esa 17 ming som (salkam 2 million 416 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi. Qoidabuzarliklarni ko‘rib chiqish va jarima solish vakolati Davlat tili va til siyosati bo‘yicha Milliy komissiyaga yuklatildi.

Iflos ob-havo yiliga 65 ming kishini o‘ldiryapti

Ifloslangan havo Markaziy Osiyoda aholining qotiliga aylangan, har yili mintaqada 65 ming kishi havo sabab vafot etmoqda. Bu haqida Jahon banki o‘z hisobotida ma’lum qildi. “Markaziy Osiyoda havo sifatini boshqarish” nomli hisobotda kelishicha, har yili PM 2.5 mayda zarralari keltirib chiqargan kasalliklarni deb 65 mingdan ortiq odam vafot etmoqda. Atrof-muhitning ifloslanishi ortidan kelib chiqqan erta o‘limlar mintaqada kamida 17,8 mlrd dollar miqdorida iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelyapti.

Asosiy ifloslanish manbalari – qazib olinadigan yoqilg‘ining yonishi, sanoat jarayonlari va degradatsiyaga uchragan yerlarning changlari. Hajmi 2,5 mikrometrdan kam bo‘lgan bu zarralar oddiy ko‘zga ko‘rinmaydi, lekin ular nafas yo‘llariga chuqur kirib, surunkali yallig‘lanishni keltirib chiqaradi, yurak, o‘pka va qon tomirlarining faoliyatini buzadi, hatto qon oqimiga kirib, tizimli kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Ayniqsa, aholi zichligi va iflos yoqilg‘idan foydalanish nafas olish tizimi uchun xavfli aralashma hosil qiladi. Mintaqaning Toshkent, Olmaota va Dushanbe kabi katta shaharlari – eng xavfli hududlar sifatida ko‘rsatilgan. Hisobotda kelishicha, Markaziy Osiyoda havoning ifloslanishi mintaqaning umumiy yalpi ichki mahsulotiga katta zarar yetkazmoqda. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita iqtisodiy yo‘qotishlarga, jumladan, bronxit, astma, yurak-qon tomir kasalliklari va o‘pka saratoni kabi ifloslangan havoni yutish natijasida kelib chiqadigan kasalliklarni ko‘paytirib, davlatning tibbiyotga xarajatlari oshishiga olib kelmoqda.

Odamlar ko‘proq mehnat qobiliyatini yo‘qotadi, kasallik ta’tiliga chiqadi yoki o‘z ishini to‘liq bajara olmaydi, bu esa inson kapitali samaradorligini pasaytiradi.

Ayniqsa, jismoniy mehnat zichligi yuqori bo‘lgan tarmoqlar – qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligida hosildorlik va umumiy iqtisodiy faollik pasayib bormoqda. 

O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi qisqarmoqda, bu demografik barqarorlik va ishchi kuchining qisqarishida namoyon bo‘ladi.

Turkmaniston 4640 kishiga tranzit bo‘lib berdi

Eron–Isroil urushi fonida Turkmaniston qariyb 5 ming kishining tranziti uchun chegaralarini ochib berdi. Tashqi ishlar vaziri Rashid Meretov hukumat yig‘ilishida qatnashib, dunyoning 50 ta davlatidan 4,6 mingdan ortiq fuqaro Eronni tark etish uchun Turkmaniston hududi orqali o‘tgan gumanitar koridordan foydalanganini ma’lum qildi. Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq, Yevropa, Afrika va Amerika qit’asi davlatlaridan 4640 nafar kishi bizning davlat orqali o‘z yurtiga chiqib ketdi, dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Turkmanistonning doimiy betaraflik va gumanitar sohadagi xalqaro majburiyatlarini bajarish tamoyillariga sodiqligini ko‘rsatadi.

Tranzitni ta’minlash bo‘yicha alohida jamoa ishlagan, jumladan, Turkmaniston–Eron chegarasidagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlarining kecha-yu kunduz ishlashi va Ashxobod xalqaro aeroportida xorijiy samolyotlarga xizmat ko‘rsatish nazoratga olingan. Hafta davomida Eron tashqi ishlar vaziri – Sayyid Abbos Araqchi Turkmanistonga borib, rasmiylar bilan ko‘rishdi. Turkmenportalning yozishicha, Araqchi hamkasbi Meredovga urush davrida Turkmaniston Eronga birdamlik ko‘rsatgani uchun rahmat aytgan. Uchrashuvda, Turkmaniston betaraf ekani, biroq xalqaro nizolarni kuch ishlatish va qurol bilan hal qilish tarafdori emasligi eslatilgan.

Qozog‘istonda firibgarlar mashhurlarning reklamalari ortiga berkindi

Qozog‘istonda qurilish, turar joy binolari savdosi va umuman turli sarmoyaviy loyihalar, soxta xayriyalar va ularni reklama qilish faoliyati jiddiy nazoratga olinadi. Sababi jamoatchilik yaxshi tanigan bloger va jurnalist, san’at vakillari reklama qilgan loyihalar ham firibgarlik bo‘lib chiqmoqda hamda bunga chuv tushganlar soni kun sayin ortyapti. Mahalliy nashr Tengrinews’ga ko‘ra, odamlarning jamoat arboblariga ishonchi, yorqin reklamalar va baland va’dalar firibgarlarning tegirmoniga suv quymoqda. Masalan, jurnalist Asxat Niyozovning Semeydagi DALA SK qurilish kompaniyasini reklama qilgani shov-shuvlarga sabab bo‘lib, odamlar bu blogerga ishongan holda pul to‘lashgan. Biroq kompaniyaning qurilish qilishga ruxsatnomasi bo‘lmagan sud tashkilotni firibgarlar deb topdi. Jurnalist ham aldanganini e’lon qilgan.

“Biz birgemiz Qazaqstan 2030” jamg‘armasi esa odamlarni aldab-ilhomlantirib, go‘yoki suv toshqinidan zarar ko‘rganlarga yordam berish uchun pul yig‘gan. Dastavval biroz xayriya bilan shug‘ullangan jamg‘arma keyinchalik firibgarlik va pul yuvishga o‘tib ketadi. Fondga esa jamoatchilik faoli Perizat Qayrat rahbarlik qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 3.5 mlrd tengedan ortiq pul o‘g‘irlangan. Jamg‘arma ayni paytda tugatilgan va tergov ketmoqda.

Qaskelen shahrida 100 dan ortiq fuqarolar «Nome» turar joy majmuasidan uy xarid qilib, noqonuniy qurilish uchun 972 million tenge sarmoya kiritishgan. Kompaniya litsenziyaga ham ega bo‘lmagan. Shunday holatlarning hammasi qonunchilikni o‘zgartirishni taqozo etdi va Qozog‘iston ulushli qurilish sektorini nazorat qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat prezident stolida, parlament uni ma’qullagan, davlat rahbarining imzosini kutmoqda.

Endi turar joy majmualarini reklama qilish, agar ishlab chiqaruvchining aksiyadorlar mablag‘larini jalb qilish uchun ruxsati bo‘lmasa, yagona operator bilan tuzilgan shartnoma va loyihani moliyalashtirish taqiqlanadi. Tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida reklama joylashtirishga yo‘l qo‘yilishi to‘g‘risidagi qoida chiqarib tashlanadi, obekt va uning holati haqida iste’molchilarni chalg‘itishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘shda tekin ijtimoiy yotoqxona

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida qiyin ahvolda ko‘chada qolib ketgan odamlar uchun ijtimoiy yotoqxona ochildi. Endi bu binoda 45 tagacha oila vaqtincha yashab tursa bo‘ladi. Shahar hokimligining xabar berishicha, eski ma’muriy bino qayta jihozlangan.

O‘sh hokimi Toktorbayevning aytishicha, og‘ir hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar tushayotgani sabab hokimlik bunday odamlarni qo‘llash – jamoatchilik hamda davlatning burchi deb hisoblagan. Loyihani amalga oshirishga prezident Japarov va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Tashiyev yordamlashgan, tezlashtirgan.

Uch qavatli yotoqxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Unda oshxona, dam olish xonalari, hammom va hojatxonalar mavjud. Turar joy hovlisi o‘ralgan, bolalar maydonchasi, avtoturargoh mavjud, hududi obodonlashtirilgan. 45 oilaga mo‘ljallangan binoning qurilishi shu yilning aprelida boshlangan edi, mahalliy budjetdan 34 million som sarflangan.

Afg‘onlar quvilmoqda: Eron va Pokiston qariyb 400 ming afg‘onni haydadi

Shu yilning 5 oyidayoq Eron va Pokistondan 400 mingga yaqin afg‘onlar deportatsiya qilindi. Bu haqida BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi e’lon qildi. Afg‘onistonga qaytganlar esa insonparvarlik yordamlarining yetishmasligi sabab ijtimoiy inqiroz yanada kuchayishiga sababchi bo‘lmoqda. 2023-2025 yillarda Pokistonning o‘zi 1 milliondan ortiq afg‘onlarni ushlab, davlatdan chiqarib yuborgan. Hattoki Tojikiston ham mamlakatdagi 300 ga yaqin afg‘onni deport qildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lum qilishicha, 2026 yilda dunyo bo‘ylab 2,5 million qochqin boshqa joyga ko‘chirilishi kerak bo‘ladi. Bunday qochqinlarning eng ko‘pi afg‘onlar, undan keyin suriyaliklar, janubiy sudanliklar, sudanliklar, rohinjalar va kongoliklar ekani ma’lum qilingan. Media bilan gaplashgan faol afg‘onlarga ko‘ra, ular yaxshiroq hayot va ta’lim istab, bu davlatlarga borgan. Agar Afg‘onistonning o‘zida yaxshiroq hayot ta’minlansa, biz davlatdan chiqib ketmasdik, degan ular.

Afg‘oniston hisob-kitobiga ko‘ra, oxirgi 2 yilda kamida 2 million afg‘onlar Afg‘onistonga majburan ko‘chiritilgan. Qaytib kelganlar qashshoqlik, uysizlik va ijtimoiy zaiflik kabi yangi inqirozlarga duch kelmoqda.

Mavzuga oid