Yilning eng uzun o‘yini: «Chelsi» va «Benfika» bahsi boshlanganidan 4,5 soat o‘tib yakunlandi
Amerikada o‘tayotgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ob-havo tufayli muammolar davom etmoqda. Uzoq to‘xtalishdan keyin davom ettirilgan o‘yinda g‘olib chiqqan «Chelsi» endi chorakfinalda «Palmeyras» bilan o‘ynaydi.

Foto: Getty Images
Brazillar to‘qnashuvi
«Palmeyras» – «Botafogo» 1:0 (ekstra-taymlarda)
Gol: Paulinio 100.
«Palmeyras»: Veverton, Pikeres, Fuks, Gomes, Giay, Martines (Moreno, 91), Maurisio (Torres, 84), Rios, Allan (Mayke, 81), Vitor Roke (Paulinio, 63, Mikael, 103), Estevao (Luiji, 63).
«Botafogo»: Viktor Jon, Aleks Telles (Kuyabano, 66), Barbosa, Jair (Kayo, 83), Vitinio, Barbosa (Nevton, 83), Freytas (Kabral, 102), Allan (Montoro, 66), Savarino (Korrea, 71), Igor Jyezus, Artur.
Ogohlantirishlar: Gomes, 40, Pikeres, 85, Moreno, 120+3 – Barbosa, 3, Aleks Telles, 35, Artur, 65, Montoro, 105+3.
Chetlatish: Gomes, 116.
Pley-off Braziliyaning «Palmeyras» va «Botafogo» klublari o‘yini bilan boshlandi, bu jamoalar o‘tgan mavsumda mamlakat chempionligi uchun o‘zaro qattiq kurash olib borgandi. Ular bir-birini juda yaxshi bilishadi, shuning uchun mas’uliyatli uchrashuvda tomoshaboplik kutish qiyin edi. Qolaversa, «Botafogo» turnir guruh bosqichida natijani ustun qo‘yib o‘ynadi va ikkinchi raqamda harakatlanishdan uyalmadi. Lekin «PSJ»ga qarshi boshqacha o‘ynab ham bo‘lmasdi. Uchinchi turda «Atletiko» bilan hal qiluvchi o‘yinda ham oxirgi daqiqalarga qadar darvoza daxlsizligi saqlab turildi, guruhdan chiqish uchun esa muhimi yirik hisobda yutqazmaslik edi.
Renatu Payva «Palmeyras»ga qarshi o‘yinda uslubni o‘zgartirishi to‘g‘ri bo‘lmasdi. Shunday ekan, o‘yin qanday kechishini oldindan taxmin qilish oson edi. Maydonda yashil-oqlar ustunlik qilishdi, «Botafogo» esa qarshi hujumlarda imkon kutdi. O‘yinni tezkor gol ochib yuborishi mumkin edi, ammo tanaffusga qadar darvozalar qarshisida yaqqol golli vaziyatlar yuzaga kelmadi.
Keyingi mavsumda «Chelsi» safida o‘ynashi aniq bo‘lgan Estevao bu o‘yinda hujum uchligida chap qanotdan o‘rin oldi. Abel Ferreyra raqibni ajablantirmoqchi bo‘lgandi va bu ikkinchi bo‘lim boshida ish berishi ham mumkin edi. Ammo muntazam ravishda o‘z darvozasiga xafvni bartaraf etib turgan Jon Viktor Estevaoning ikkita xavfli zarbasini qaytardi, ko‘p o‘tmay ushbu vunderkind hamda chalqancha uslubdagi zarbasi bilan yodda qolgan Vitor Roke almashtirildi. Zaxira o‘rindig‘i kengligi — «Palmeyras»ning ustunliklaridan biri. Qolaversa, guruhdagi to‘rt gol (avtogol hisobga olinmaganda)dan uchtasini jokerlar urishgan. Jumladan, «Inter Mayami»ga qarshi 0:2 hisobidan chiqib ketilgan o‘yinda ham, bu durang 1/8 finalda «PSJ»dan qochib qolishga imkon berdi.
Almashtirishlar bu safar ham ish berdi. Ancha yoshligida «Bayyer»ga yo‘l olgan, «Atletiko Mineyro»da yulduzga aylangan Paulinio overtaymlarda to‘pni burchakka yo‘lladi hamda dekabr oyida Libertadores kubogi finalidagi mag‘lubiyat uchun «Botafogo»dan o‘ch oldi. O‘yin qahramoni darhol qo‘shimcha himoyachiga almashtirildi va qolgan daqiqalarda jamoalar amalda rollarini almashib olishdi. «Botafogo» ham hujumkor o‘yin ko‘rsata olishini namoyish etdi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati oldidan tarkibga qo‘shib olingan Artur Kabral («Benfika») va Xoakin Korrea («Inter») jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qolish uchun qattiq harakat qilishdi.
Ammo poyezd allaqachon o‘tib ketgandi. «Palmeyras» favorit maqomiga mos tarzda chorakfinalga yo‘l oldi. Lekin keyingi o‘yinda jamoa Braziliya ligasidagi eng yaxshi himoyachi Gomessiz o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Paragvaylik sardor ikkinchi sariq kartochka ishlab oldi va endi yashil-oqlar uchun keyingi o‘yingacha Murilo safga qaytishi muhim.
To‘qqiz sariq va bir qizil kartochka
KJCh. Nimchorakfinal.
«Benfika» – «Chelsi» 1:4
Gollar: Jyeyms (64), Di Mariya (pen, 90+5), Nkunku (108), Netu (114), Dyuzberi-Holl (117).
«Benfika»: Trubin, Dal, Otamendi, Silva, Eursnes (Guveyya, 86), Go‘kchi (Velozu, 85), Florentinu (Prestianni, 70), Barreyro, Di Mariya, Skelerap (Oqturko‘g‘li, 46), Pavlidis (Belotti, 70).
«Chelsi»: Sanches, Kukurelya, Badyashil (Adarabiyoyo, 64), Koluill (Ansenmino, 118), Jyeyms (Gyusto, 80), Kaysedo, Laviya, Palmer, Fernandes (Dyuzberi-Holl, 81), Netu, Delap (Nkunku, 81).
Ogohlantirishlar: Pavlidis (50), Kaysedo (61), Florentinu (63), Go‘kchi (83), Palmer (92), Koluill (102), Silva (90+2), Prestianni (90+6), Guveyya (120+1).
Chetlatish: Prestianni (92).
Braziliyaning ikki klubidan farqli o‘laroq «Benfika» va «Chelsi» o‘n ikki yildan buyon rasmiy o‘yinlarda to‘qnashmagandi — o‘shanda ko‘klar «burgutlar»ni Yevropa Ligasi finalida mag‘lub etgan. Lissabonliklar safida o‘shanda Luizao, Garay, Matich kabilar to‘p surgan, londonliklarga g‘alaba keltirgan golni esa Ivanovich urgandi (2:1). O‘shanda Rori Delap faoliyatidagi so‘nggi mavsumni o‘tkazgan, uning 10 yoshli o‘g‘li Liam esa endigina «Derbi» akademiyasida futbol sirlarini o‘rganishni boshlagan, qachondir «Chelsi» hujumida birinchi raqam bo‘lishini faqat orzu qilardi.
Ushbu yosh futbolchi ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan Jyekson yo‘qligi uchun emas, murabbiyning tanlovi sifatida bu safar ham londonliklarning boshlang‘ich tarkibidan o‘rin oldi. Lekin birinchi bo‘limda lissabonliklar darvozasi oldidagi eng xavfli vaziyatlar lateral Kukurelya tomondan keldi. Birinchi holatda uning yuqori burchak tomon yo‘llagan va qaytarib bo‘lmasdek ko‘ringan zarbasini himoyachi Antoniu Silva bosh bilan to‘sib qoldi. Ikkinchi holatda esa Trubin ajoyib reaksiya ko‘rsatdi. «Benfika» umuman Sanches darvozasi tomon xavf sololmadi va Brunu Lajye chap qanotni jonlantirish uchun tanaffusdan keyinoq Karim Oqturko‘g‘lini maydonga tashlashga qaror qildi.
Faqat bu bilan o‘yinda amalda prinsipial o‘zgarish yuz bermadi. Aurshnes uzatma bermoqchi bo‘lganida to‘p kutilmagan yo‘nalish oldi va darvozabon dog‘da qoldirilishi mumkin edi, ammo Sanches pozitsiyani to‘g‘ri tanladi va to‘pni chiziq ustida to‘xtatib qoldi, Trubin esa Jyeymsning qanot tomondan yo‘llagan jarima zarbasi «jonli devor»ni aylanib o‘tib, yaqin burchakka borib tushishiga qarshilik ko‘rsata olmadi.
Bu vaqtda o‘yinning 64-daqiqasi o‘tib borayotgandi. Besh daqiqa o‘tib inglizlar klubi jarohat tufayli Benua Badyashildan ayrildi. Ko‘p o‘tmay Liam Delap darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatni aniq ijro etdi. Ammo ofsayd holati tufayli gol bekor qilindi. Shundan keyin esa o‘yinga yana Amerika ob-havosi aralashdi. O‘yin 85-daqiqada, stadion ustini qora bulutlar qoplaganida to‘xtatildi. «Chelsi»ning norozi qiyofadagi futbolchilari majburiy pauzaga qanday munosabatda ekanini ko‘rsatib turardi.
Shu tariqa, turnirda oltinchi marta o‘yin noqulay ob-havo sharoiti tufayli to‘xtab qoldi. AQShda barcha darajadagi sport tadbirlariga taalluqli bo‘lgan qoidalar mavjud. Arenadan 10 mil radiusda (16,09 km) chaqmoq qayd etilganida, o‘yin to‘xtatiladi va muxlislar tribunalarni tark etadi. 30 daqiqalik tanaffus e’lon qilinadi, ammo bu vaqt ichida yana bir bor chaqmoq ro‘y bersa, hisoblash qaytadan boshlanadi. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida «Benfika» va «Oklend» ikkinchi bo‘limni birinchi bo‘lim yakunidan keyin qariyb ikki soat keyin boshlagan klublar sifatida rekord qo‘yishgan.
Bu safar ham xuddi shunday uzoq tanaffus yuzaga keldi, ammo futbolchilar hech qayoqqa keta olmagan bo‘lsa, muxlislar uylariga tarqalishdi. Ularni tushunish mumkin edi — referi tomonidan qo‘shib beriladigan vaqt ham qo‘shilganda o‘ynash uchun 10 daqiqa atrofida vaqt qolgandi. Amalda esa futbolchilar ko‘proq o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. O‘yin davom ettirilganida standart vaziyatdan keyin to‘p Gyustoning qo‘liga tegdi va 37 yoshli Di Mariya sovuqqonlik bilan to‘pni darvoza markaziga yo‘lladi va qo‘shimcha yarim soatni ta’minladi. Bu Anxel turnirda aniq ijro etgan to‘rtinchi 11 metrlik jarima zarbasi bo‘ldi.
Birinchi ekstra-taymning ikkinchi daqiqasida portugallar klubi o‘n kishi bo‘lib qoldi. Janluka Prestianni Livaya Koluillning oyog‘iga zarba berdi va qarshisida ikkinchi sariq kartochkani ko‘rdi. «Benfika» himoyaga yotmasdan, to‘liq kuch bilan qarshi hujumga o‘tdi. Ammo Karim Oqturko‘g‘lining zarbasini Sanches bartaraf etdi.
108-daqiqada esa «Chelsi» baribir hisobda oldinga chiqib oldi. Trubin Moyses Kaysedoning zarbasidan keyin to‘pni raqib tomon qaytardi va Kristofer Nkunku to‘pni yaqin masofadan to‘qqizlikka mixladi. Biroz o‘tib Pedru Netu «Benfika» himoyachilaridan qochib ketdi va darvozabonni osonlik bilan dog‘da qoldirdi — 1:3. Ikki daqiqa o‘tib Kirman Dyusberi-Holl Palmerning uzatmasidan keyin to‘pni Trubinning ustidan oshirib tashladi — 1:4.
«Chelsi» endi chorakfinalda «Palmeyras»ga raqib bo‘ladi. «Benfika» safidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazgan Di Mariya esa maydonni ko‘zda yosh bilan tark etdi. 37 yoshli futbolchi keyingi mavsumni Argentinaning «Rosario Sentral» klubida o‘tkazadi.
Mavzuga oid

11:59 / 27.06.2025
Vinisius «Real»ni birinchi o‘rinda olib chiqdi, «Siti» «Yuventus»ga 5 ta gol urdi

12:31 / 20.06.2025
«Inter Mayami» Messining shedevri bilan kambek qildi, «PSJ»da sensatsion mag‘lubiyat

11:48 / 17.06.2025
«Chelsi»ning yangi hujumchisi ishonchni oqlashni boshladi, Di Mariya va Otamendi «Benfika»ni qutqardi

12:00 / 16.06.2025