Ozarboyjonda «rossiyaliklarning ikkita uyushgan jinoiy guruhi» a’zolari qo‘lga olindi
Ular Erondan kontrabanda mahsulotlari hamda giyohvand moddalar olib kirish, shuningdek, kiberjinoyatlar bilan shug‘ullangani aytilmoqda. Ozarboyjon IIV e’lon qilgan kadrlarda qo‘lga olinganlardan ayrimlarining yuzida kaltaklash va qon izlarini ko‘rish mumkin.

Foto: Trend.az
Ozarboyjonda bir guruh Rossiya fuqarolari qo‘lga olindi. Bu haqda respublika Ichki ishlar vazirligiga tayanib, Report.az xabar berdi. IIV versiyasiga ko‘ra, ushbu shaxslar ikkita uyushgan jinoiy guruh tarkibida bo‘lgan va ular Erondan kontrabanda mahsulotlari hamda giyohvand moddalar olib kirish, shuningdek, kiberjinoyatlar bilan shug‘ullangan. E’lon qilingan kadrlarda kamida 10 kishi ko‘ringan, ularning barchasi yosh yigitlar. Qo‘lga olinganlardan ayrimlarining yuzida kaltaklash va qon izlari qolgan.
«Vajniye istorii» qo‘lga olingan ikki kishining shaxsiga aniqlik kiritdi. Ulardan biri 41 yoshli Anton Drachev — Oliy iqtisodiyot maktabi va Drezden universiteti bitiruvchisi. Oldin xej-fond moliyachisi bo‘lgan, 2017 yilda u Airo nomli IT-startapga asos solgan — platforma maishiy xizmatlarni avtomatlashtirishga mo‘ljallangan. Uning loyihasi hozirda Moskva va Piterda 40 mingdan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi, 2024 yilda daromadi yarim milliard rubldan oshgan. Shaxsi aniqlangan ikkinchi fuqaro 30 yoshli Dmitriy Bezugliy — dasturchi, oldin VK va «Yandeks»da ishlagan. 2022 yilda safarbarlik e’lon qilinganidan keyin Rossiyani tark etgan.
Ushbu voqealar Rossiya kuch tuzilmalarining Yekaterinburgdagi xatti-harakatlaridan keyin Moskva va Boku o‘rtasida yuzaga kelgan keskinlik fonida sodir bo‘lmoqda. Iyun oxirida u yerda Ozarboyjonning 50 dan ortiq fuqarosi uzoq yillar oldin sodir etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha qo‘lga olindi. Reyd davomida ikki kishi – aka-uka Ziyoddin va Husayn Safarov halok bo‘ldi. Ozarboyjon Bosh prokuraturasi Safarovlarning o‘limi yuzasidan «qasddan odam o‘ldirish» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Idora oqeada bevosita Rossiya huquq-tartibot organlari xodimlarini aybladi.
Ozarboyjonlik sud-tibbiyot ekspertlari xulosasiga ko‘ra, aka-uka Safarovda burun sinishi, ko‘krak qafasi shikastlanishi, buyrak va jinsiy organlarda gematomalar, qovurg‘alar sinishi kabi ko‘plab jarohatlar aniqlangan.
Ozarboyjon Ichki ishlar vazirligi Rossiya kuch tuzilmalarining harakatini «qabul qilib bo‘lmaydigan zo‘ravonlik» deb atadi. Boku Rossiya bilan birga o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha madaniy tadbirlarni bekor qildi, RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchukni qabul qilishdan bosh tortdi. Bundan tashqari, 30 iyun kuni «Sputnik Ozarboyjon» axborot agentligining Bokudagi ofisida tintuvlar o‘tkazilgan. Operatsiya davomida yetti kishi, jumladan, agentlik ijrochi direktori va shef-muharrir qo‘lga olindi. Ozarboyjon rasmiylarining versiyasiga ko‘ra, ularning ikkisi ham Federal xavfsizlik xizmati xodimlari hisoblanadi.
1 iyul kuni Rossiya va Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida norozilik notalari almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Ikkala tomon ham bir-birini huquq-tartibot organlarining noqonuniy xatti-harakatlarida aybladi.
Mavzuga oid

22:58 / 01.07.2025
Rossiya Bokudagi kayfiyat MDHning boshqa davlatlariga ham yuqishidan xavotirda - siyosatshunos

21:46 / 01.07.2025
Eron «Astraxan porti» ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi mumkin

21:40 / 01.07.2025
Moskva va Boku o‘rtasida nizo davom etmoqda

19:55 / 01.07.2025