Rossiya Bokudagi kayfiyat MDHning boshqa davlatlariga ham yuqishidan xavotirda - siyosatshunos
MDHda gegemon bo‘lishga o‘rganib qolgan Moskva agar bu tirashuvda yon bergudek bo‘lsa, Ozarboyjondagi kayfiyat hamdo‘stlikning boshqa davlatlariga ham ko‘chishidan xavotirda, deydi Jahongir Akramov. Shuhrat Rasulga ko‘ra, o‘tgan yili Putin Bokuga davlat tashrifi bilan borganida, ikki tomon o‘rtasida hammasi yaxshidek ko‘ringandi, lekin keyin ozarlar samolyoti halokatiga Rossiya qilgan munosabat taranglikka sabab bo‘ldi.

Rossiya kuch tuzilmalari Yekaterinburgda o‘tkazgan reydda ozar diasporasi vakillarining vafot etishi Moskva va Boku munosabatlarini yanada taranglashtirdi. Kun.uz studiyasida siyosiy tahlilchilar Shuhrat Rasul va Jahongir Akramov bu boradagi kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuhrat Rasul: Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi oxirgi bir yillik munosabatlarga e’tibor qaratsak. O‘tgan yili Putin prezidentlikka qayta saylangach, avgust oyida Ozarboyjonga ham tashrif buyurgan va samimiy uchrashuvlar bo‘lgandi. O‘shanda Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasida shimol-janub yangi logistik yo‘nalishi taqdimoti o‘tkazilgan va ikki davlat o‘rtasida hammasi yaxshidek edi.
Lekin hamma muammo 2024 yilgi 25 dekabrda Ozarboyjon havo yo‘llari samolyoti Bokudan Checheniston poytaxti Grozniyga yo‘l olganida Rossiya tomonidan urib tushirilgach boshlandi. Ozarboyjon rahbari Ilhom Aliyevning o‘zi: “Ha, bu balki anglashilmovchilik orqali yuz bergandir, biz buni tushunamiz, lekin Rossiya hukumati bu xatoni tan olib, xatolikka yo‘l qo‘ygan harbiylarni jazolashi kerak”, dedi. Undan tashqari, aviakompaniya ko‘rgan zarar va samolyot yo‘lovchilari uchun tovon puli to‘lab berilishi kerakligini talab qildi.
Lekin Rossiya tomoni avvaliga ochiq faktlarni inkor qildi. Keyinchalik Rossiya tomoni o‘sha vaqtda Ukraina uyushtirgan dronlar hujumi fonida samolyotga o‘q uzgani ehtimoli ortib bordi. Lekin shunda ham Moskva ma’suliyatdan qochib, vaqtni cho‘zib yurgandi. Shu orada Rossiya mamlakat ichidagi etnik ozariylarga bosim qila boshladi. Oxir-oqibat Yekaterinburgda 24 yil oldin go‘yoki aka-uka Safarovlar Pashayev degan boshqa bir Ozarboyjon fuqarosining o‘limida ayblanib, hibsga olingan va qiynoq natijasida ular vafot etgan.
Jahongir Akramov: Rossiya bilan Ozarboyjon munosabatlari so‘nggi yillarda juda ham chigal bir davrga kirdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi 2022 yil 24 fevralgacha bo‘lgan munosabatlarning o‘zgargani namoyon bo‘lmoqda. Aslida butun MDH doirasida bu sodir bo‘lyapti, lekin Ozarboyjon bu darajani ko‘tardi va ochiqcha munosabat bildiryapti. Rossiya esa buni qabul qilolmayapti, chunki ruslar sobiq ittifoq davlatlari orasida o‘zini doim gegemon sanab kelgan. Shuni ham unutmaslik kerakki, Ozarboyjon rahbari Ilhom Aliyevning o‘zi diplomatiya sohasidan chiqqan va xalqaro munosabatlarni juda yaxshi biladi. Shuning uchun u ham kichik imkoniyatlardan maksimal foydalanishga harakat qiladi va bunga qiziqadi ham.
Masalan, Qorabog‘ni mamlakat tarkibiga qaytarib, butun Ozarboyjon suverenitetini tiklaganidan keyin G‘arb davlatlari bilan neft-gaz sohalarida katta hamkorlik shartnomalari imzoladi. Transkaspiy yo‘li bo‘yicha Markaziy Osiyodan energetika quvvatlarining ham aynan Ozarboyjon orqali G‘arbga uzatilishi to‘g‘risida shartnomalar imzolandi. Eronning Rossiya uchun ahamiyati oxirgi vaqtlarda oshib borishi omili ham bor, Ozarboyjon ularning o‘rtasida joylashgan. Bu kabi holatlar Boku uchun Moskvani o‘zaro teng munosabatlarga undash uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Rossiya esa Ozarboyjonning bunday oshkora tarzda tenglikka intilishi pretsedentga aylanishidan xavotir oladi. Bu xavotirga ko‘ra, Ozarboyjon rahbari Moskvadagi 9 may paradiga bormasligi, Rossiyaning yumshoq kuchi bo‘lgan “Rus uyi”ning yopishi, matbuotida Rossiyaga qarshi erkin fikrlar bildirilishi – MDHning boshqa davlatlariga, jumladan Markaziy Osiyo davlatlariga ham namuna bo‘lishi mumkin. Rossiya esa bunga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilyapti.
Jonli efirda kechgan suhbatni to‘liq holda Kun.uz'ning YouTube kanalida tomosha qiling.
Mavzuga oid

22:08 / 01.07.2025
Ozarboyjonda «rossiyaliklarning ikkita uyushgan jinoiy guruhi» a’zolari qo‘lga olindi

21:46 / 01.07.2025
Eron «Astraxan porti» ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi mumkin

21:40 / 01.07.2025
Moskva va Boku o‘rtasida nizo davom etmoqda

19:55 / 01.07.2025