Andijonda profilaktika inspektori pichoqlandi, Qo‘yliq yo‘lida megatirbandlik yuzaga keldi - mahalliy dayjest
Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Bokuga bordi. Qo‘yliqda mega tirbandlik yuzaga keldi. Farg‘onadagi portlashda to‘rt jigarini yo‘qotgan ayolga tovon puli berilmayapti. Andijonda erkak profilaktika inspektorini pichoqlab, qochib ketdi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Shavkat Mirziyoyev Bokuga bordi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Boku shahriga bordi.
Poytaxtdagi Haydar Aliyev nomidagi aeroportda davlat rahbarini Ozarboyjon bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Shundan so‘ng, «Zagulba» qarorgohida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Oliy martabali mehmonni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev samimiy kutib oldi. Davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida faxriy qorovul davlat rahbarlari oldidan saf tortib o‘tdi.
Birgalikda suratga tushishdan so‘ng O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Andijonda profilaktika inspektori pichoqlandi
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda qotillik qurboniga aylandi.
Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, 1 iyul kuni soat 20:50 larda tumanning Yuksalish mahallasidagi xonadonda janjal bo‘layotgani haqida 102 qisqa raqamiga kelib tushgan xabar bo‘yicha hudud profilaktika inspektori katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev, mahalla raisi bilan birga voqea joyiga yetib borgan.
Aniqlanishicha, 1960 yilda tug‘ilgan fuqaro Yunusali Xolbozorov mast holda o‘z oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid solayotgan bo‘lgan. Hujumchini zararsizlantirish jarayonida Xolbozorov qo‘lidagi pichoq bilan katta leytenant Abduvaliyevning ko‘krak qismiga zarba berib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Inspektor olgan jarohati natijasida ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining «xizmat burchini bajarayotgan shaxsni qasddan o‘ldirish» moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumondor Xolbozorov voqea joyidan yashiringan. Hozirda uni ushlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Rohat aylanma yo‘lida avtomobil harakati vaqtincha yopiladi
2025 yil 2 iyul kuni Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi Rohat aylanma yo‘lida avtomobil harakati vaqtincha yopiladi.
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, shu sababli ushbu hudud orqali harakatlanuvchi 26-, 54-, 110-, 119-, 128-, 174-sonli avtobus yo‘nalishlari harakati o‘zgartiriladi.
Ta’kidlanishicha, yo‘l ta’mirlash ishlari davomida transport harakati cheklanishi va tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin. Zarurat tug‘ilganda yo‘nalishlarga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritiladi.
Shuningdek, bugun Qo‘yliq bozori yaqinidagi chorraha va ko‘prikda katta tirbandliklar yuzaga keldi.
Tongdan boshlangan tirbandliklar Food City’dan Qo‘yliq bozori tomonga, undan esa Muxtor Ashrafiy ko‘chasiga — xalq tilida aytadigan bo‘lsak, «Risoviy» bozorgacha cho‘zildi.
Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqarolarga ko‘ra, ular bir necha soat ushbu tirbandlikda qolib ketgan.
Farg‘onadagi portlashda to‘rt jigarini yo‘qotgan ayol tovon pulini ololmayapti
2024 yil 17 dekabr kuni Farg‘ona shahri Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan benzin va propan quyish shoxobchasida portlash ro‘y berib, bir necha fuqaro halok bo‘lgan edi. Voqeada aybdor deb topilgan to‘rt kishiga nisbatan sud hukmi chiqarilgan. Asosiy aybdor deb ko‘rilgan, o‘zini shoxobchaning rahbari deb tanishtirgan Mansur Matkarimov 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Mudhish hodisada Jamila Oripova bir qizi va 3 nabirasidan ayrilgan. 1988 yilda tug‘ilgan qizi Sevara Yusupova, uning 4 va 2 yoshli farzandlari, shuningdek, Oripovaning katta qizining 18 yoshli farzandi fojia qurboni bo‘lgan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, hokimlik vakillari tomonida ularga 17 million, quda tomonga esa 30 million so‘m pul berilgan. Shu bilan boshqa yordam ko‘rsatilmagan. «Pensionerman, turmush o‘rtog‘im ham pensioner. Hech qancha pensiya olmaymiz. Zapravka egalari Hayitga xarajat tashlab ketishdi, bu Hayitga ham tashlab ketishdi», — deydi Oripova.
Jamila Oripovaning aytishicha, zapravkaning egasi Azizxo‘ja Mavlonov uning kuyovini chaqirib, odam boshiga 25 ming AQSh dollaridan beraman deb va’da qilgan. Lekin 5 ming dollar berib, shu bilan yo‘q bo‘lib ketgan.
«Zapravkaning haqiqiy egalari Mavlonovlar sudda umuman qatnashmadi. Ularning ishchilari qamalib ketdi. Suddan ko‘nglim to‘lmadi. Shoxobchaning haqiqiy egalari o‘zlari qatnashsin sudda», – deydi Jamila Oripova.
Eslatib o‘tamiz, sud hukmi bilan Mansur Matkarimovdan 4 nafar qurbonning qonuniy vakillariga 310 million so‘mdan jami 1 milliard 240 million so‘m ma’naviy zarar undirish belgilangan.
Mavzuga oid

22:39 / 01.07.2025
O‘zbekiston hududiga shiddatli issiq havo oqimi kirib kelmoqda, Haj mavsumida 8 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi - mahalliy dayjest

22:33 / 30.06.2025
Prezident yoshlar bilan uchrashdi, ko‘chmas mulk savdosi naqdsiz shaklga o‘tkazilishi mumkin va yoshlarga imtiyozli ta’lim krediti beriladi - mahalliy dayjest

22:53 / 27.06.2025
Toshkentda tirbandliklarni prognoz qiladigan markaz ish boshladi, aka 3 yoshli ukasini sotuvga qo‘ydi, Kun.uz jurnalisti «Oltin qalam» bilan taqdirlandi – mahalliy dayjest

21:20 / 26.06.2025