Jahon | 16:00 / 03.07.2025
9280
6 daqiqa o‘qiladi

O‘n birinchisi. Kurskda Rossiyaning yana bir generali halok bo‘ldi

Mixail Gudkov muqaddam Tinch okeani flotining 150-brigadasini boshqargan, uch oy oldin Rossiya harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni o‘rinbosari etib tayinlangandi. U va yana o‘ndan ortiq ofitser oldingi chiziqdagi qo‘mondonlik punktiga ukrainlar tomonidan berilgan zarba qurboniga aylangan.

Foto: Reuters

Kursk oblastida Rossiya harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Mixail Gudkov halok bo‘ldi, deb xabar berdi Primore o‘lkasi gubernatori Oleg Kojyemyako.

O‘z vaqtida Mixail Gudkov qo‘mondonlik qilgan 150-brigadaning bazasi aynan Uzoq Sharqdagi ushbu o‘lkada joylashgandi va Kojyemyako u bilan yaqindan tanish bo‘lgan.

Kojyemyakoning so‘zlariga ko‘ra, Gudkov «polkdoshlari bilan birga zobitlik burchini bajarish chog‘ida» halok bo‘lgan. Gubernator u bilan birga halok bo‘lganlar qatorida ofitser Nariman Shixaliyevni ham sanab o‘tgan. Kojyemyako Gudkov va quroldoshlarining o‘limi tafsilotlari va bu qachon ro‘y berganiga aniqlik kiritmagan.

RF mudofaa vazirligi Gudkovning o‘limini tasdiqlagan. Vazirlikka aloqador «Zvezda» kanalida berilgan xabarda aytilishicha, Gudkov «2 iyul kuni Kursk oblastining chegara hududlaridan birida jangovar vazifalarni bajarish chog‘ida halok bo‘lgan».

Ukrainadagi telegram-kanallar va nashrlar (xususan, «RBK-Ukraina») Gudkov «yo‘q qilingani» haqida yozgan, shu kunlarda u va uning safdoshlari o‘limi haqida rossiyalik propagandachilar ham xabar bergandi. Ayrim telegram-kanallarga ko‘ra, Gudkov boshqa 10 dan ortiq ofitser bilan birga Korenevo rayonida, chegara yaqinidagi qo‘mondonlik punktiga Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yo‘llangan zarba qurboni bo‘lgan, ammo bu qachon ro‘y berganiga aniqlik kiritilmagan.

Dengiz piyodalarining «Tayfun» jamoat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan nekrologda aytilishicha, Ukraina qurolli kuchlari 2025 yil 2 iyul kuni 155-dengiz piyodalari brigadasi qo‘mondonlik punktiga raketa zarbasi yo‘llagan. Korenevoda oldingi chiziqdagi punktga to‘rtta raketa kelib tushishi oqibatida 10 dan ortiq kishi, jumladan, Gudkov va yana bir necha katta ofitserlar halok bo‘lgan.

General-mayor Mixail Gudkov Tinch okeani flotining 155-alohida gvardiyachi dengiz piyodalari brigadasi qo‘mondoni edi. Joriy yil 28 martida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Gudkovni Harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni o‘rinbosari etib tayinlagandi. «Barcha dengiz piyodalari o‘zlarini eng yaxshi tarzda ko‘rsatayotganiga qaramay, barcha bo‘linmalarni siz 155-brigadani olib kelgan jangovar tayyorgarlik va samaradorlik darajasiga yetkazish kerak», — degandi Putin «Arxangelsk» atom suv osti kreyseri dengizchilari bilan muloqot chog‘ida.

Ukrainaga bosqinning ilk davrida 155-dengiz piyodalari brigadasi Kiyev atrofidagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Keyinroq brigada Mariupol shturmida ham qatnashgan. U Kursk oblastining Sudja shahrini qaytarib olish uchun janglarda jiddiy yo‘qotishlarga uchragandi.

BBC 2023 yil dekabrida Ukrainadagi urushning ikki yili davomida elita hisoblanuvchi 155-brigadasining shaxsiy tarkibidan 234 kishi halok bo‘lgani, og‘ir yaradorlar, qurbonlar va bedarak yo‘qolganlar barchasi qo‘shib hisoblanganda yo‘qotishlar soni 1450 kishidan oshadi.

Lekin Putin brigadani eng yaxshilardan biri deb atagan: «Mudofaa vaziri, bosh shtab boshlig‘ining fikricha, general-mayor Gudkov erishgan yutuqlar qurolli kuchlarning boshqa bo‘linmalariga ham tarqalishi kerak».

2023 yilda general Gudkov Rossiya Qahramoni unvonini olgan. U Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon halok bo‘lgan rossiyalik o‘n birinchi general bo‘ldi.

Joriy yil 25 aprelida Moskva yaqinidagi Balashixada avtomobil portlashi oqibatida Bosh shtabning Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yaroslav Moskalik halok bo‘lgandi.

Rossiyalik to‘rt nafar general — Andrey Suxovetskiy, Vladimir Frolov, Kanamat Botashev va Roman Kutuzov — Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinining dastlabki to‘rt oyi mobaynida halok bo‘lgan. O‘shanda ko‘plab qo‘mondonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv chizig‘i yaqinida turar va bu bilan qarorlar qabul qilishda tezkorlikka erishishga harakat qilardi.

Rossiya generallari orasidagi yangi qurbonlar 2023 yil iyundan boshlanadi — bu ukrainlarning qarshi hujumi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi. O‘shanda iyundan noyabr oyigacha yana ikki general halok bo‘ladi — Rossiya 35-umumqo‘shin armiyasi shtabi boshlig‘i, general-mayor Sergey Goryachev hamda Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari, general-leytenant Oleg Tsokov. Ularning ikkisi ham raketa zarbalari qurboniga aylangan.

2023 yil noyabrda esa 14-armiya korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Vladimir Zavadskiy halok bo‘ladi. Xabar qilishlaricha, u front ortidagi pozitsiyalardan birida mina portlashi oqibatida halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Sakkizinchi rossiyalik general — Donetskdagi 5-motoo‘qchilar brigadasi qo‘mondoni Pavel Klimenko — 2024 yil noyabrda halok bo‘ladi. Donetskdagi manbalarga ko‘ra, u mototsikldan yiqilib, o‘limga olib keladigan darajada jarohatlangan. Versiyalardan biriga ko‘ra, general dron zarbasidan qochishga uringan, boshqasiga ko‘ra — mast holatda bo‘lgan.

O‘tgan yilning 17 dekabrida Moskvada Radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i, general-leytenant Igor Kirillov o‘z uyidan chiqayotganida o‘ldiriladi. Portlovchi qurilma o‘rnatilgan va generalning uyi oldiga qo‘yilgan samokat masofadan turib portlatiladi. Kirillov Rossiya hududida suiqasd orqali o‘ldirilgan ilk general bo‘lgandi. Bu amaliyot uchun javobgarlikni Ukraina xavfsizlik xizmati o‘z zimmasiga olgan.

Mavzuga oid