Xususiy oliy ta’lim muassasasi ochish uchun yangi talablar belgilandi
Endilikda xususiy universitet ochish uchun ta’lim jarayoniga mo‘ljallangan bino-inshootlar maydoni 5 ming kv.metrdan kam bo‘lmasligi, OTMning dasturiy ta’minotini o‘z ichiga olgan dastlabki ustav fondi 2 mln dollar ekvivalentdan kam bo‘lmasligi, investor bankka 350 ming dollar depozit qo‘yishi va boshqa yangi shartlarni bajarishi kerak.

Foto: xs.uz
Vazirlar Mahkamasining «Respublikada nodavlat ta’lim xizmatlari sifatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari quyidagilardan iborat:
Talabgor tomonidan tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining konsepsiyasi taqdim etiladi. Konsepsiyada quyidagilar ko‘rsatiladi:
▪️ ta’lim tashkilotining nomi;
▪️ maqomi;
▪️ boshqaruv tizimi va kadrlari;
▪️ asosiy ta’lim va ilmiy faoliyat yo‘nalishlari;
▪️ qabul parametrlari;
▪️ ta’lim sifatini ta’minlash tizimi va vositalari;
▪️ to‘lov-kontrakt miqdori va uning hisob-kitobi;
▪️ ta’lim tashkilotini rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik strategik rejasi;
▪️ ta’lim tashkiloti faoliyatiga oid boshqa muhim masalalar.
Talabgor tomonidan nodavlat oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan moddiy-texnik baza, dasturiy ta’minotni o‘z ichiga olgan dastlabki ustav fondi 2 mln AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantiriladi. Keyinchalik talabalar sonining ko‘payib borishiga mutanosib ravishda ustav fondi oshirib boriladi.
Talabgor tomonidan 350 ming AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘lar tijorat banklaridagi depozitlarga zaxiraga joylashtiriladi.
Tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoniga mo‘ljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming kv/metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Bunda bino universitetning o‘z mulki bo‘lishi shart emas, kamida 5 yil muddatga tuzilgan ijara (tekin foydalanish) shartnomasi asosida ish boshlash ham mumkin.
Oliy ta’lim tashkiloti tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5 yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa kamida 50 foizi mazkur ta’lim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Qaror kuchga kirgunga qadar litsenziya olgan tadbirkorlik sub’yektlari 2026 yil 1 yanvarga qadar o‘z faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.
Mavzuga oid

07:51
Malayziya O‘zbekiston OTMlari uchun ingliz tilidagi ilmiy adabiyotlarni taqdim etdi

15:47 / 01.07.2025
Qirg‘iziston oliygohida mamlakatga umuman kelmagan o‘zbekistonlik talabalar aniqlandi

13:25 / 01.07.2025
Ichki aviareyslar uchun elektron hujjatlar bilan ro‘yxatdan o‘tish mumkin

12:11 / 25.06.2025