O‘zbekiston | 13:25 / 01.07.2025
2552
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki aviareyslar uchun elektron hujjatlar bilan ro‘yxatdan o‘tish mumkin

Endi ichki reyslarga ro‘yxatdan o‘tish uchun pasport yoki ID-kartaning elektron shaklini taqdim etsa ham bo‘ladi. Buning uchun my.gov.uz sayti, MyGov yoki «Ijtimoiy karta» ilovalaridagi shaxsiy kabinetga kirib, "Elektron hujjatlar" bo‘limiga o‘tish va tegishli hujjatning yangilanib turadigan QR-kodini ko‘rsatish kifoya.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab yo‘lovchilar mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron variantidan foydalangan holda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ldi.

Aeroportda ro‘yxatdan o‘tishdan oldin yo‘lovchi my.gov.uz sayti/mobil ilovasi yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetiga kirib, shaxsiy ma’lumotlar sahifasiga o‘tadi va elektron shaklda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tish joyidagi xodimga ko‘rsatadi.

Faqat my.gov.uz sayti/mobil ilovasi yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasidagi joriy ma’lumotlar shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi, shuning uchun ro‘yxatdan o‘tish paytida shu kabi hujjatlarning nusxalari, fotosuratlari, pasport/ID'ning skanerlangan variantlari yoki shaxsiy ma’lumotlar bo‘lgan veb-sayt sahifasining «skrinshot»lari qabul qilinmaydi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tartib shu yil boshida qabul qilingan hukumat qarorida belgilangan.

Qarorga, 2025 yil 1 iyuldan O‘zbekiston hududida shaxsni tasdiqlovchi (ID karta, nikoh va haydovchilik guvohnomasi, ishonchnoma va boshq.) hujjatlarning elektron nusxasi ham davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan majburiy tartibda qabul qilinadi.

Mavzuga oid