Jahon | 13:34
2212
10 daqiqa o‘qiladi

Isroil bilan iqtisodiy aloqalarni uzishga chaqirgan BMT rasmiysi, rasman tan olingan «Tolibon» va Putin bilan qo‘ng‘iroqlashgan Tramp – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroilning genotsid iqtisodiyoti

BMTning bosib olingan Falastin hududlarida inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Franseska Albaneze Isroilning falastinliklarga nisbatan harakatlarini «zamonaviy tarixdagi eng shafqatsiz genotsidlardan biri» deb atadi.

Uning ta’kidlashicha, G‘azodagi gumanitar vaziyat apokalipsisga o‘xshamoqda. BMT Inson huquqlari kengashining yig‘ilishida so‘zga chiqqan Albaneze «Okkupatsiya iqtisodiyotidan genotsid iqtisodiyotiga» nomli hisobotini taqdim etdi. Ushbu hisobotda Isroilning bosib olingan hududlardagi iqtisodiy siyosati ko‘rib chiqilgan.

«Bosib olingan hududlarda yuz berayotgan voqealar oxirat manzarasini eslatadi. Isroil bugungi zamonning eng shafqatsiz genotsidlaridan biri uchun mas’uldir», — deya Albanezening so‘zlarini keltirmoqda Anadolu.

Hisobot Isroil tomonidan falastinliklarning zo‘ravonlik bilan ko‘chirilishi, ularning yakkalanishi va doimiy kuzatuv ostida bo‘lishiga imkon bergan iqtisodiy sharoitlarni ochib beradi.

Albaneze Isroilning harbiy harakatlarni tijoratga aylantirganiga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, Isroil urushlarni qurol-yarog‘ va razvedka texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish poligoniga aylantirgan. Elbit Systems va Lockheed Martin kabi korporatsiyalar jangovar tizimlarni, jumladan ilk bor «to‘liq urush rejimida» qo‘llangan F-35 qiruvchi samolyotlarini sinovdan o‘tkazishdan daromad olayotganini ta’kidladi.

BMT rasmiysi barcha davlatlarni Isroilning harbiy sektori — «genotsid iqtisodiyoti»ning ajralmas qismiga aylangan tizimdan chiqishga va har qanday iqtisodiy aloqalarni darhol uzishga chaqirdi.

Tramp va Putinning suhbati

Kecha, 3 iyul kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida bir soatga yaqin davom etgan telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu Tramp yanvar oyida prezidentlikka qaytgach Putin bilan o‘tkazgan oltinchi ma’lum qo‘ng‘iroq hisoblanadi. Har ikki tomon Ukraina, Eron hamda boshqa ko‘plab masalalar muhokama qilinganini aytdi.

Tramp Putin bilan telefon suhbati Ukraina urushini tugatish yo‘lida hech qanday siljishga olib kelmaganini aytdi va urushning davom etayotganidan «mamnun emasligini» bildirdi.

«Men u bilan hech qanday yutuqqa erisha olmadim», — dedi Tramp jurnalistlarga.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Moskva Eron va uning yadroviy dasturi bilan bog‘liq bahsli masalalarni faqat diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligini ta’kidlagan.

Ukraina bo‘yicha esa Putin muzokaralarga oid murosa qilmas pozitsiyasini takrorlagan. Putin Trampga Rossiya o‘z harbiy maqsadlariga erishish va mojaroning «ildiz sabablari»ni hal qilish uchun harakatda davom etishini aytgan.

Bu ibora odatda Kreml tomonidan quyidagi talablarga ishora sifatida ishlatiladi: Ukraina egallangan hududlaridan voz kechishi, betaraf maqomni qabul qilishi, NATO va boshqa harbiy ittifoqlarga a’zo bo‘lmasligi kabilar...

«Donald Tramp yana harbiy harakatlarni tezda tugatish masalasini ko‘tardi. Vladimir Putin esa, o‘z navbatida, mojaro uchun siyosiy yechim topishga urinishlar davom etayotganini aytdi. Rossiya bu maqsadlaridan voz kechmaydi», — dedi Ushakov, ammo bu maqsadlarni aniq bayon etmadi.

Tramp ma’muriyatining ushbu haftada e’lon qilingan qarori — AQShdan Ukrainaga yetkaziladigan ayrim qurollar, jumladan havo hujumidan mudofaa raketalarini vaqtincha to‘xtatish — Kiyevni og‘ir ahvolda qoldirdi. Rossiya davlat OAVlarining xabar berishicha, bu masala telefon suhbati chog‘ida muhokama qilinmagan.

Tramp telefon suhbatida bu masalani ko‘targanmi, yo‘qmi — bu borada izoh bermadi, ammo qurol yetkazib berishni to‘xtatish qarorini himoya qildi. Unga ko‘ra, sobiq prezident Bayden «AQShdagi deyarli barcha qurollarni ularga [Ukrainaga] berib yuborgan, endi esa o‘zimiz uchun yetarli zaxiraga ega bo‘lishimiz kerak».

Rossiyaning yana bir generali halok bo‘ldi

Kursk oblastida Rossiya harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Mixail Gudkov halok bo‘ldi. U va yana o‘ndan ortiq ofitser oldingi chiziqdagi qo‘mondonlik punktiga ukrainlar tomonidan berilgan zarba qurboniga aylangan.

Mixail Gudkov muqaddam Tinch okeani flotining 150-brigadasini boshqargan, uch oy oldin Rossiya harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni o‘rinbosari etib tayinlangandi. Putin Gudkovning brigadasini eng yaxshilardan biri deb atagan.

RF mudofaa vazirligi Gudkovning o‘limini tasdiqlagan. Vazirlikka aloqador «Zvezda» kanalida berilgan xabarda aytilishicha, Gudkov «2 iyul kuni Kursk oblastining chegara hududlaridan birida jangovar vazifalarni bajarish chog‘ida halok bo‘lgan».

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina armiyasi 2 iyul kuni 155-dengiz piyodalari brigadasi qo‘mondonlik punktiga raketa zarbasi yo‘llagan. Korenevoda oldingi chiziqdagi punktga to‘rtta raketa kelib tushishi oqibatida 10 dan ortiq katta ofitserlar halok bo‘lgan.

2023 yilda general Gudkov Rossiya Qahramoni unvonini olgan. U Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon halok bo‘lgan rossiyalik o‘n birinchi general bo‘ldi.

Hamas sulh taklifini ko‘rib chiqmoqda

Reuters nashrining o‘z manbalari tayanib, xabar berishicha, HAMAS — AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan sulh taklifi G‘azodagi urushga yakun yasashiga kafolat talab qilmoqda.

Seshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil HAMAS bilan 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini yakunlash uchun zarur bo‘lgan shartlarga rozi bo‘lganini aytdi. Bu davr mobaynida tomonlar urushni yakunlash bo‘yicha ishlashi kerak.

HAMAS esa bu sulh oxir-oqibat urushni tugatishiga aniq kafolatlar bo‘lishini talab qilmoqda, dedi harakatga yaqin manba. Ikki isroillik rasmiy bu tafsilotlar hali ham ishlab chiqilayotganini bildirdi.

Juma kuni ertalab bergan bayonotida HAMAS ushbu sulh taklifini boshqa falastinlik guruhlar bilan muhokama qilayotganini, muzokaralar yakunlangach vositachilarga o‘z javobini taqdim etishini ma’lum qildi.

Misr va Qatar vositachilari HAMASni ikki oylik sulh rejimiga ko‘ndirish maqsadida AQSh va xalqaro kafolatlar taqdim etishga harakat qilmoqda, degan Misrdagi xavfsizlik manbalari.

Bosh vazir Benyamin Netanyahuga yaqin isroillik rasmiyning aytishicha, ular HAMASning javobini juma kuni kutmoqda. Agar ijobiy bo‘lsa, Isroil delegatsiyasi bu kelishuvni mustahkamlash uchun bilvosita muzokaralarga qo‘shiladi.

Taklifga ko‘ra, Isroilda qamoqda bo‘lgan falastinlik mahbuslarga almashish tarzida tirik isroillik garovda qolgan shaxslar bosqichma-bosqich ozod qilinadi. G‘azoga darhol yordam kiritiladi va Isroil armiyasi anklavning ayrim hududlaridan bosqichma-bosqich chiqib ketadi. Shundan so‘ng doimiy sulh bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.

Sulh bo‘yicha muzokaralar faollashgan bo‘lsa-da, biroq G‘azoda Isroilning havodan hujumlari to‘xtamayapti. Xususan, Isroil so‘nggi 48 soat ichida G‘azoga 26 marotaba hujum qildi. Falastin ma’muriyatiga ko‘ra, ushbu qirg‘in — lagerlar, uylar va humanitar obektlarga uyushtirilgan hujumlar oqibatida 300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan va yuzlab odamlar yaralangan.

Rossiya rasman Afg‘oniston Islom Amirligini tan oldi

Rossiya payshanba kuni Afg‘onistonda «Tolibon» hukumatini qonuniy hokimiyat sifatida tan olgan birinchi davlatga aylandi. Bu – harakatning deyarli to‘rt yil avval hokimiyatni qo‘lga kiritib, AQShga qarshi urushda g‘alaba e’lon qilganidan so‘ng, xalqaro sahnaga chiqish yo‘lidagi muhim qadamidir.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi Dmitriy Jirnov tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy bilan uchrashuv chog‘ida «Rossiya hukumati Islomiy Afg‘oniston Amirligini rasman tan olganini» bildirganini ma’lum qildi.

Ushbu ma’lumotni Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov tasdiqladi.

«Tashqi ishlar vazirligi tasdiqlaydi», — deya ta’kidlagan Rossiya TIV rasmiysi. «Tolibon» joriy etgan Afg‘oniston bayrog‘i Moskvadagi elchixona binosiga, 2021 yilda harakat hokimiyat tepasiga kelganidan beri ilk bor osib qo‘yilgan.

Rossiyaning Afg‘onistondagi elchisi Dmitriy Jirnovning aytishicha, Afg‘onistonni tan olish qarori Vladimir Putin tomonidan, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning taklifiga binoan qabul qilingan.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy Rossiyaning tan olish qaroriga izoh berar ekan, «Umid qilamizki, boshqa davlatlar ham bu imkoniyatdan foydalanib, Islomiy Amirlikni tan oladi», dedi.

AQSh va G‘arb davlatlarining aksariyati hamon «Tolibon»dan masofa saqlashda davom etmoqda.

Mavzuga oid