Ozarboyjon – Rossiya: sovuqlik fonida Embraer 190 halokatiga oid shov-shuvli tafsilot paydo bo‘ldi
Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi sovuqlik haqida yana bitta video qilamiz deb o‘ylamagandim. Lekin bu «vazn toifasi umuman mos kelmaydigan» ikki davlat o‘rtasidagi sovuqlik hamon davom etmoqda. Shu kunlarda o‘tgan yil oxirida Rossiya harbiylari o‘qqa tutgan Ozarboyjon samolyoti halokatiga oid shov-shuvli tafsilot paydo bo‘ldi. Quyida shu haqda.

Sovuqlashish 2.0
O‘tgan yil 25 dekabr kuni «Ozarboyjon havo yo‘llari» aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyoti Grozniy osmonida Rossiya harbiylari tomonidan o‘qqa tutilgach, Kaspiy dengizi ustidan uchib o‘tib Qozog‘istonga qulagandi. O‘shanda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya manziliga keskin bayonotlar bergan, Moskvadan kechirim so‘rashni va aybdorlarni jazolashni talab qilgandi. Biroq Rossiya ozarlarning fuqarolik samolyotini urgani uchun uzr so‘ramadi. Putin shunchaki «voqea Rossiya osmonida sodir bo‘lganidan afsusdaligini» bildirdi xolos.
Aliyevning achchiq chiqishlaridan keyin o‘shanda vaziyat tinchib ketgan, qora quti ochilganidan keyin ham hech qanday shov-shuvli gap chiqmagan, go‘yoki hammasi bosti-bosti qilib yuborilgandek. Biroq kuni kecha Yekaterinburgda 2001 yilda sodir etilgan qotillikni surishtirish jarayonida ikki ozarboyjonlik Rossiya maxsus xizmati zobitlari tomonidan urib o‘ldirilgach, vaziyat o‘zgardi.
1991 yilgacha Rossiyaga qaram bo‘lgan Ozarboyjon shunaqa ishlar qildiki, hayratdan yoqa ushlaysiz. Bir necha yil avval qaysidir MDH davlati Rossiya propagandachi axborot agentligi mahalliy bo‘limini FSB agenturasi deb topib, uning muxbirlarini qamoqqa olishini, rossiyalik dasturchilarni qanaqadir jinoyatda gumonlab qo‘lga olish jarayonida o‘lasi qilib kaltaklab, namoyishkorona videoga olishlarini tasavvur qila olarmidingiz? Avvalgi videolarimizda aytganimizdek, Rossiya va Ukraina urushi ko‘p pardalarni olib tashladi. Biz ko‘p eslaydigan mashhur serialda «Janoblar, dunyo 11 sentabrgacha va undan keyingi davrga bo‘linadi», deyishadi. Biz esa bu jumlani sal o‘zgartiramiz – dunyo 24 fevralgacha va undan keyingi davrga bo‘linadi. Ishoning, endi hech narsa 24 fevraldan oldingi kabi emas, dunyo ham...
«O‘t och, o‘t och, dedim!»
Xullas, Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasidagi sovuqlashish yangi bosqichga chiqqach, o‘tgan yil dekabrda sodir bo‘lgan aviahalokat haqida shov-shuvli tafsilot paydo bo‘ldi. Ozarboyjonning Minval nashri Embraer 190'ni urishga buyruq bergan rossiyalik ofitserning tushuntirish xati va shunday buyruq berilgan audioni e’lon qildi. Qardoshlarimizdagi matbuot erkinligi qanday holatda ekani inobatga olinsa, bu tafsilot Ozarboyjon harbiylari tomonidan sizdirilgan, shubhasiz. Bu gap ikki davlat munosabatlari sovuqlashgan vaqtda tarqalgani ham fikrimizni quvvatlaydi.
Demak, ozar nashri e’lon qilgan tushuntirish xati halokat kuni osmon xavfsizligi uchun javob bergan havo mudofaasi kapitani Dmitriy Paladichukka tegishli. Uning so‘zlariga ko‘ra, 25 dekabr kuni soat 08:11 da stansiya ehtimoliy nishonni aniqlagan. Ikki daqiqa o‘tib kapitan nishonni yo‘q qilish bo‘yicha buyruq olib, uni operatorga yetkazgan. Birinchi raketa nishonga tegmagach, Paladichuk ikkinchi bor o‘t ochishni buyurgan.
Tushuntirish xatida kapitan samolyotni urgani haqida gap yo‘q. Shunchaki u tuman sabab nishonni yaxshi ko‘rolmaganini aytgan. Minval samolyotga raketa otish buyurilgan audioni ham e’lon qildi. Unda erkak harbiy «O‘t och, o‘t och deyapman. Tegmadi, yana bir bor ot!», degani eshitilgan.
Minval ixtiyoriga yana boshqa audiolar kelib tushgan. Nashr ularni e’lon qilmay matn ko‘rinishda bergan. «Ikki marta otdik. Operativ shtabga komanda berdim. Raketalar tegmagach, bu o‘zimizning samolyot ekanini aytishdi. Qo‘l oyog‘im qaltirab qoldi. Yaxshiyam raketa egri ketdi. Menda balandlik, azimut boshqacha, samolyot esa boshqa yo‘nalishda edi. Raketa portlagach, parchalar samolyotga tekkan bo‘lishi mumkin. Bilmasam endi, men Xudo emasman-ku», degan nashrga ko‘ra rossiyalik ofitser Paladichuk.
Shuningdek, rossiyalik harbiy texnikasi nosoz bo‘lganini aytgan. «Astra» nashri Dmitriy Paladichuk bilan telefon orqali bog‘langan. Harbiy siyosatdan uzoqligi, Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasida nimalar bo‘layotganini bilmasligini aytgan. Jiddiy surishtiruvlar o‘tkazuvchi The Insider nashri tushuntirish xati haqqoniyligini aniqladi. Shuningdek, Paladichukning ovozi uning ishtirokidagi boshqa telefon suhbati bilan solishtirilib haqqoniyligini tasdiqlashdi.
Ana shunaqa gaplar, azizlar. Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi sovuqlik jiddiylashib bormoqda. Hozircha ikki davlat prezidenti ham vaziyatga aralashgani yo‘q. Kreml Ozarboyjon haqida keskin bayonotlar bermayapti. Vaholanki, Boku qiladigan ishlarni Yevropaning biror davlati qilganida, Rossiya propagandasi bu davlatni qay ahvolga tushirishini tasavvur qilavering. Lekin Ozarboyjon Rossiyaning hamkori, ittifoqchisi. Ko‘ramiz vaziyat nima bilan tugarkin. Biz ushbu diplomatik nizo haqida eng ishonchli ma’lumotlarni sizga yetkazib boramiz.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid

20:05
Moskva viloyatidagi Ozarboyjon diasporasi rahbari Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi

19:18
Shavkat Mirziyoyevning Ozarboyjonga tashrifi yakunlandi

17:41
Rossiyada ozarboyjonlik kriminal avtoritet Vagif Bakinskiy ushlandi

16:40