Sport | 11:56 / 07.07.2025
12128
2 daqiqa o‘qiladi

Navbahor Hamidova jahon kubogida g‘olib chiqqan ilk o‘zbekistonlik ayol bokschi bo‘ldi

Navbahor Hamidova finalda Olimpiada va uch karra jahon chempioni turkiyalik Busenaz Surmenelini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. 

Foto: MOQ

Qozog‘istonning Ostona shahrida boks bo‘yicha Jahon kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi va unda 29 davlatdan 250 nafar bokschi qatnashdi. 

O‘zbekiston ayollar boks jamoasi vakili Navbahor Hamidova (-65 kg) finalga chiqib, nomdor raqib, turkiyalik Busenaz Surmenelini mag‘lubiyatga uchratishga erishdi (5:0). Busenaz Surmeneli 2020 yilgi Tokio Olimpiadasi g‘olibi, uch karra jahon chempioni, Yevropa chempioni hisoblanadi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi qayd etishicha, Hamidova mazkur toifadagi musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbekistonlik bokschi qizga aylandi.

«Ushbu g‘alaba bilan Hamidova avvalgi 2 mag‘lubiyat uchun munosib revansh oldi», deya qayd etiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.

O‘zbekiston ayollar jamoasi esa mazkur musobaqani 1 ta oltin va 4 ta bronza medallari bilan yakunladi.

Oltin medal:
-65 kg: Navbahor Hamidova.

Bronza medal:
-54 kg: Feruza Kazakova;
-75 kg: Aziza Zokirova;
-80 kg: Sohiba Ro‘zmetova;
+80 kg: Oltinoy Sotimboyeva.

Mart oyida boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi Serbiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgandi. O‘shanda Navbahor Hamidova kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiliklari finalida ringga ko‘tarilgan birinchi o‘zbekistonlik bokschi qizga aylangandi.

Mavzuga oid