Jahon | 21:16 / 08.07.2025
5507
9 daqiqa o‘qiladi

Starovoyt o‘zini o‘ldirishi Kurskda mudofaa inshootlari qurilishidagi o‘g‘irliklar bilan bog‘lanmoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?

Ushbu ish bo‘yicha kimlar qo‘lga olingan? Tergov versiyasiga ko‘ra qancha pul o‘g‘irlangan?

Roman Starovoyt «ajdaho tishlari» bilan, 2022 yil 7 dekabr

7 iyul tongida Rossiya prezidenti Vladimir Putin transport vaziri Roman Starovoytni iste’foga chiqarish haqidagi farmonini imzoladi. Bir necha soat o‘tib Starovoyt o‘z joniga qasd qildi.

Turli nashrlar transport vazirligi va xavfsizlik kuchlaridagi manbalarga tayanib, voqealar qanday rivojlangani bo‘yicha ikkita versiyani shakllantirdi. Ulardan biriga ko‘ra, Starovoyt o‘zining iste’foga chiqarilishi haqida oldindan xabardor bo‘lgan. Ertalab, iste’fo haqidagi farmon e’lon qilinganida u transport vazirligiga ishga chiqqan – katta ehtimol bilan, seyfdan mukofotga berilgan to‘pponchani olish uchun. Shundan keyin darhol shaxsiy mashinasiga o‘tirib jo‘nab ketgan. U Moskva chekkasidagi Rublevo-Uspenskiy shossesi bo‘yidagi Malevich parkiga kelgan va shu yerda o‘zini otgan.

Boshqa versiyaga ko‘ra, Starovoyt o‘zini iste’fogacha – bir yoki hatto ikki kun oldinroq otgan. Yangi vazirni tayinlaguncha bu fakt sir tutilgani taxmin qilinmoqda. Bu lavozimni Andrey Nikitin egalladi, u 2025 yil fevralida, Novgorod oblasti gubernatori lavozimidan vazirlikka kelgandi. Besh yil davomida Nikitin Starovoytga o‘rinbosarlik qildi – katta ehtimol bilan, bu vaqt mobaynida uni vazir lavozimiga tayyorlashgan.

Starovoytning iste’fosi va joniga qasd qilishiga Kursk oblastida mudofaa inshootlari qurilishidagi korrupsiya ishi sabab bo‘lganiga deyarli hech kim shubha qilmayapti. Starovoyt 2018 yil oktyabridan 2024 yil mayiga qadar Kursk gubernatori bo‘lgandi.

2022 yil oktyabrida Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimini general Sergey Surovikin egallagandi – va uning birinchi ishi 18 oktyabr kuni «oddiy bo‘lmagan qarorlar qabul qilinishini istisno etmasligi»ni e’lon qilishi bo‘lgandi. Bu «murakkab qaror» – Xersondan chekinish haqidaligi ko‘pchilikka sir emasdi va keyingi oy davomida shunday ham bo‘ldi.

Surovikin lavozimga tayinlanganidan bir kun o‘tib Putin Ukrainaning bosib olingan hududlarida harbiy holat rejimi, anneksiya qilingan Qrim hamda Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh oltita regionida, shu jumladan Kursk oblastida o‘rta darajadagi reaksiya ko‘rsatish choralarini joriy etadi. Sodir bo‘layotgan voqealarning umumiy ma’nosi shundan iborat ediki, Rossiya ukrainlarning ehtimoliy qarshi hujumiga, jumladan, o‘zining xalqaro tan olingan chegaralaridagi hududlariga bosqinga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagandi.

22 oktyabr kuniyoq Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov regionda tankka qarshi to‘siqlardan mudofaa chizig‘i barpo etilishi boshlanganini e’lon qiladi, «ajdaho tishlari» – yerga ko‘milgan uchburchak shakldagi beton bloklar dushman zirhli texnikalari harakatiga to‘sqinlik qilishi ko‘zda tutilgandi. O‘shanda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi ham Luhansk oblastining bosib olingan qismida shunday liniya barpo etgandi – uni «Prigojin liniyasi» yoki «Majino liniyasi» (Ikkinchi jahon urushi arafasida Fransiyaning Germaniya bilan chegarasidagi istehkomlar chizig‘i) muqobili sifatida «Prigojinó liniyasi» deb atashgandi.

23 oktyabr kuni Kursk gubernatori Roman Starovoyt regionda ikki qavatli mudofaa chizig‘i qurilgani, uchinchisi 5 noyabrga tayyor bo‘lishini ma’lum qiladi.

2022 yilda hammasi shu bilan tugagandek edi. Starovoyt 2024 yil bahorigacha Kursk oblasti gubernatori bo‘lib qoldi. Rossiya prezidenti lavozimiga qayta saylangan Putin yana Mixail Mishustinni bosh vazir etib tayinladi. U yangi hukumat tuzdi, unda Starovoyt transport vaziri lavozimini oldi. Starovoytning doimiy o‘rinbosari va oblast hukumati rahbari Aleksey Smirnov Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Ya’ni Starovoytning gubernatorligi muvaffaqiyatli deb topildi, u Moskvaga ko‘tarildi va shu bilan birga u xodimini o‘z o‘rniga qoldirishiga ruxsat berildi.

Ammo voqealar kutilmaganda rivojlana boshladi. 2024 yil avgust oyida Ukraina armiyasi Kursk oblastiga bostirib kirdi va bir necha hafta ichida uning ming kvadrat kilometrga yaqin hududini, shu jumladan Sudja rayoni markazini egallab oldi. Mudofaa chizig‘i esa ukrain harbiylarini bir muddat ushlab turishga ham yaramadi.

«Kommersant» ma’lumotlariga ko‘ra, mudofaa inshootlarini qurishdagi suiiste’mollik bo‘yicha tergov 2024 yil may oyida, Starovoyt Transport vazirligiga o‘tganidan so‘ng boshlangan. Ammo haqiqiy tergov kuzda faollashdi – ko‘rinib turibdiki, Kreml Ukraina bosqinidan keyin «parvozlarni tahlil qilish»ni talab qilgan.

Bosh prokuratura tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, bosqin paytida mudofaa chizig‘i amalda qurib bitkazilmagan, tayyor deb taqdim etilgan obektlar esa talablarga javob bermagan. Masalan, o‘sha «ajdaho tishlari» M500 betonidan emas, balki ancha mo‘rt M20 betondan tayyorlangani ma’lum bo‘ldi. Yomg‘ir va qor ularni zaiflashtirgan – va Ukraina zirhli texnikalari og‘irligi ostida shunchaki maydalanib ketgan.

Mudofaa inshootlarini qurish uchun Kursk oblasti federal budjetdan 19 milliard rubldan ortiq mablag‘ olgandi. Qurilish uchun pudrat shartnomalari standart tanlov jarayonlarisiz taqsimlangan. Mablag‘larni taqsimlovchi – hududiy kapital qurilish boshqarmasi, bosh pudratchi – Kursk oblastini rivojlantirish korporatsiyasi edi.

Korporatsiya to‘rtta tadbirkor: Maksim Vasilev, Yuriy Bessonov, Vladislav Martyanov va Ivan Utkin tomonidan nazorat qilinadigan bir nechta kompaniyalar bilan 23 ta shartnoma tuzgan. Keyinchalik sud ular qurilishda jami to‘rt milliard rubldan ortiq – barcha ajratilgan mablag‘larning chorak qismidan ko‘prog‘ini o‘g‘irlagan deb topdi. Shu bilan birga, amaldorlarga 10 foizdan 25 foizgacha miqdorda «otkat» berilgan. Pullarning bir qismi qimmatbaho mashinalar va ko‘chmas mulkka sarflab yuborilgan.

Kursk oblastidagi «ajdaho tishlari»
Mixail Klimentev / TASS / Profimedia

2024 yil noyabr oyida Rivojlanish korporatsiyasi va pudratchi kompaniyalar rahbarlari hibsga olinadi. Korporatsiya bosh direktori Vladimir Lukin, uning o‘rinbosarlari Igor Grabin va Snejana Martyanova (Vladislav Martyanovning singlisi) ham hibsga olingan. Pudratchilardan biri Maksim Vasilev (oblast dumasi deputati va rasman pudratchi kompaniyalardan birining bosh direktori maslahatchisi) o‘shanda mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, «maxsus harbiy operatsiya zonasi»ga yo‘l olib, hibsga olinishdan qutulib qolgan.

Kursk oblastining yangi gubernatori, oktyabr oyida saylovlarda g‘olib chiqib, «v. b.» maqomidan xalos bo‘lgan Aleksey Smirnov 5 dekabr kuni iste’foga chiqadi. Uning o‘rniga Moskvadan Davlat dumasining sobiq deputati Aleksandr Xinshteynni yuborishadi.

2025 yil boshida ish Kurskdan Moskvaga olib ketildi. Hibsga olishning ikkinchi to‘lqini: sobiq gubernator Smirnov va uning o‘rinbosari Aleksey Dedov. Ular firibgarlik yo‘li bilan budjet mablag‘larini o‘zlashtirgan uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilganlikda ayblandi. O‘shanda Vasilevni ham deputatlik vakolatidan mahrum qilib, hibsga olishadi.

Smirnov va Dedov avvaliga aybini tan olishdan bosh tortishdi, ammo keyin tergov bilan hamkorlik qila boshlashdi – va Starovoytga qarshi ko‘rsatma berishdi.

Aftidan, Starovoyt iste’foga chiqarilishi mumkinligini bilgan. U o‘zi rahbarlik qilgan regiondagi muhim qurilishda bunchalik keng ko‘lamli talon-torojlar sodir bo‘layotganidan bexabar qolganiga hech kimni ishontira olmasligi tayin edi. Ammo vazir Putinning uzoq yillik do‘stlari bo‘lgan aka-uka Rotenberglarning homiyligiga umid qilgan bo‘lishi mumkin, ular transport sohasida katta manfaatlarga ega va o‘zlariga yaxshi tanish Starovoytni transport vazirligiga tayinlash uchun lobbichilik qilgandi.

Mavzuga oid