Jahon | 14:23 / 11.07.2025
2680
12 daqiqa o‘qiladi

Qizil dengizda faollashgan husiylar, qo‘shnisiga boj joriy qilgan Tramp va shimol bilan munosabatlarni tiklamoqchi bo‘lgan Koreya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil G‘azoda tibbiy markaz yaqiniga aviazarba berdi

Isroilning G‘azo sektoridagi tibbiy markaz yaqiniga uyushtirgan aviazarbasi natijasida 16 kishi, jumladan 10 nafar bolalar halok bo‘ldi. Bu haqda G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylariga tayanib, Reuters nashri xabar bermoqda.

G‘azo sektorining markaziy qismidagi Deyr al-Balah shahrida ro‘y bergan hujumdan olingan tasdiqlangan videolarda ayollar va bolalarning qon ichida yotgani, chang-to‘zon va qichqiriqlar fonida ko‘rinadi.

«U hech narsa qilmagan, begunoh edi, qasam ichaman. Orzusi urush tugashi va bugun shu e’lon qilinib, maktabga qaytish edi», — dedi portlashda halok bo‘lgan qizining yonida o‘tirgan ayol.

Isroil armiyasi bayonotida aytilishicha, zarba HAMAS a’zosiga qaratilgan bo‘lgan. Endi esa hodisa yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda, chunki tasodifiy jabrlanganlar haqida xabarlar mavjud.

AQShda joylashgan Project Hope insonparvarlik tashkiloti hujum ularning «Altayara» nomli klinikasi yonida sodir bo‘lganini bildirdi. «Dahshat va yurakni ezuvchi alamni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi», — deyiladi tashkilot bayonotida.

Ushbu hujum Isroil va XAMAS vakillarining Qatarda o‘tkazilayotgan 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilishga oid kelishuv bo‘yicha muzokaralari chog‘ida yuz berdi. Muzokaralar doimiy sulhga erishish umidida olib borilmoqda.

Isroilning yuqori martabali rasmiysi chorshanba kuni bergan bayonotida bitimga erishish ehtimoli bir yoki ikki hafta ichida bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSh esa sulhga juda yaqin qolganini ta’kidlamoqda.

Joriy yil mart oyida avvalgi sulhdan keyin Isroil armiyasi harbiy kampaniyani qayta boshladi, natijada har kuni o‘nlab falastinliklar halok bo‘lmoqda. Minglab yaralanganlar esa G‘azoning oz sonli, busiz ham yonilg‘i tanqis bo‘lgan shifoxonalariga katta bosim o‘tkazmoqda.

Isroil armiyasi vakili chorshanba va payshanba kunlari shifoxonalar va boshqa gumanitar muassasalar uchun mo‘ljallangan yonilg‘i G‘azoga kiritilganini bildirdi. Biroq BMT vakili Stefan Dyujarik bu hajmda yonilg‘i yetarli emasligini, hayotiy muhim xizmatlar uchun ancha ko‘proq yoqilg‘i kerakligini ta’kidladi.

Tramp Kanadaga ham 35 foizlik boj stavkalarini joriy qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp kelasi oy Kanadadan olib kiriladigan mahsulotlarga 35 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Tramp payshanba kuni o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan maktubda Kanada bosh vaziri Mark Karniga bu yangi stavka 1 avgustdan kuchga kirishini va agar Kanada qarshi choralar ko‘rsa, boj miqdori yanada oshirilishini ma’lum qildi.

Bu dushanbadan beri Tramp tomonidan dunyo bo‘ylab 20 dan ortiq mamlakatlarga yuborilgan shunday maktublardan biridir. Payshanba kuni e’lon qilingan maktub, Tramp va Karni o‘rtasida iliqlashayotgan munosabatlarga qaramay, e’lon qilindi.

Kanada rahbari 6 may kuni Oq uyga tashrif buyurgan va Tramp bilan Oval ofisda iliq uchrashuv o‘tkazgan edi. Ular o‘tgan oy Kanadada bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» sammitida yana uchrashgan va o‘sha yerda liderlar Trampni og‘ir boj siyosatidan voz kechishga undashgan.

NBC News nashriga bergan intervyusida Tramp «boshqa savdo hamkorlari, hali maktub olmagan bo‘lsa-da, tez orada umumiy boj choralariga duch kelishi»ni aytdi.

«Hamma ham maktub olishi shart emas. Buni siz ham bilasiz. Biz shunchaki boj stavkalarini o‘rnatyapmiz. Qolgan barcha mamlakatlar ham to‘laydi — bu 20 foizmi yoki 15 foizmi, endi shuni aniqlashtiramiz», — deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda nashr.

Husiylar faollashdi: Qizil dengizda ikki kema cho‘ktirildi

Yamandagi Husiylar shu hafta Qizil dengizda ikki kemani cho‘ktirganidan so‘ng, Isroilning Ben-Gurion aeroportiga qarata raketa hujumi uyushtirishga urindi. Al-Jazeera nashrining yozishicha, bu harakatlar guruhning G‘azodagi urushni tugatish maqsadida Isroilga bosimni kuchaytirish va falastinliklarga nisbatan birdamligini namoyish etish siyosatining bir qismi sifatida baholanmoqda. Isroil armiyasi esa bu zarba o‘z kuchlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi.

Kuni kecha esa husiylar Liberiya bayrog‘i ostida suzgan, yunonlar boshqaruvidagi Eternity C nomli kemaga hujum uyushtirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eternity C bortida jami 25 kishi bo‘lgan. Kema seshanba kuni cho‘kib ketganidan so‘ng, 10 nafar ekipaj a’zosi dengizdan tirik chiqarilgan, 11 nafari esa bedarak yo‘qolgan. Ulardan 6 nafari husiylar tomonidan asirga olingani taxmin qilinmoqda.

Eternity C kemasiga uyushtirilgan hujumdan bir kun oldin, husiylar Magic Seas kemasiga zarba berib, uni ham cho‘ktirgan edi. Bu kemadagi barcha ekipaj a’zolari qutqarilgan.

Payshanba kungi chiqishida husiylar yetakchisi Abdulmalik al-Husiy, hech bir kompaniyaga Isroil bilan bog‘liq yuklarni Qizil dengiz, Adan qo‘ltiqlari va Arab dengizi orqali tashishga ruxsat berilmasligini yana bir bor tasdiqladi:

«Bu qaror hech qachon bekor qilinmagan. Bu kuchda bo‘lgan va qonuniy qarordir. Bu hafta ayrim kompaniyalar bu qarorni buzganliklari aniqlandi», dedi u.

Husiylarning so‘nggi harakatlari natijasida yuk tashuvchi kemalar uchun sug‘urta qiymati deyarli ikki baravarga oshdi.

Rubio va Lavrov uchrashuvi

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 10 iyul kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi sammiti doirasida o‘zaro uchrashuv o‘tkazdi. Ular sammitga mehmon sifatida tashrif buyurgan edi.

Uchrashuv taxminan 50 daqiqa davom etdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya TIV qisqa rasmiy press-reliz chiqardi, unda aytilishicha, tomonlar «Ukraina atrofidagi kelishuv, Eron va Suriya atrofidagi vaziyat, shuningdek, bir qator boshqa xalqaro masalalar»ni muhokama qilgan. Lavrov va Rubio Rossiya va AQSh o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash mavzusiga ham to‘xtalgan.

Rubio, o‘z navbatida, o‘n daqiqalik matbuot anjumani o‘tkazib, unda AQSh Rossiyaning Ukraina bilan urushini tugatish bo‘yicha muzokaralarda oldinga siljish yo‘qligidan juda norozi ekani va Donald Tramp ilgari ochiqchasiga bildirgan bu pozitsiyasini Lavrovga yetkazganini ma’lum qildi. AQSh davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, aynan Rossiya-Ukraina urushi suhbatning asosiy mavzusi bo‘lgan.

Rubio muloqot «ochiq ruhda» o‘tganini aytdi, shu bilan birga Oq uy Rossiya tomonidan «moslashuvchanlik» yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidladi. Shuningdek, Rubio Rossiya Ukrainaga nisbatan «yangi va boshqacha yondashuv» taklif qilganini aytdi.

«Biz bu qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligi haqidagi ba’zi g‘oyalarni muhokama qildik. Men buni tinchlikni kafolatlaydigan narsa sifatida tavsiflamayman, ammo bu g‘oyalarni prezidentga yetkazaman va umid qilamanki, buning asosida nimadir qurishimiz mumkin», – dedi AQSh davlat kotibi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy Rossiya rahbariyati bilan kelishmovchiliklarni yashirmaydi, ammo Vashington va Moskva «bir-birini e’tiborsiz ham qoldira olmaydi».

Janubiy Koreya Shimol bilan munosabatlarni tiklamoqchi

Yonhap agentligi xabariga ko‘ra, Janubiy Koreya prezidenti Li Chjye Myon prezident lavozimini egallaganidan so‘ng ilk bor Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishiga raislik qilib, Shimoliy Koreya bilan buzilgan aloqalarni tiklashga chaqirdi:

«Ikki Koreya o‘rtasidagi tinchlik — bu milliy xavfsizligimizni ta’minlashning eng real va amaliy yo‘lidir,» degan u.

Prezidentning fikricha, bunday muloqot milliy xavfsizlikka tahdidlarning oldini olishga xizmat qiladi. U, shuningdek, shimol bilan «barqaror va uzoq muddatli munosabatlar» zarurligini ta’kidladi.

Ayni vaqtda esa Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol hibsga olindi. Sud maxsus prokuraturaning sobiq prezidentni hibsga olish borasidagi so‘rovini qanoatlantirdi. Maxsus prokuror beshta muhim ayblov bo‘yicha order berilishiga erishgan.

Sudya o‘z qarorini sobiq prezident ishga oid dalillarni yo‘q qilishi mumkinligi bilan izohladi. Yun Sok Yol Seuldagi qamoqxonaga joylashtirilgan bo‘lib, u sudning navbatdagi qarorini kutadi.

Koreyada prezidentlar bilan bog‘liq bu «an’ana» o‘tgan asrning oxirgi yillaridan beri bor: Shu kunga qadar kamida Koreyaning 6 nafar sobiq prezidentiga ayblovlar e’lon qilingan va hibsga olingan.

Fransiya va Britaniya yadroviy tiyib turish to‘g‘risida bitimni imzoladi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron har ikki mamlakatning yadroviy tiyib turish vositalari mustaqil ekani, ammo bir-biri bilan muvofiqlashtirilishi mumkinligi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

«Bugun ertalab biz birinchi marta yadroviy tiyib turish bo‘yicha mustaqil kuchlarimizni muvofiqlashtiruvchi deklaratsiyani imzoladik», — dedi Britaniya bosh vaziri. Hujjatga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi uchun favqulodda tahdid yuzaga kelsa, London va Parij birgalikda yadro qurolini qo‘llaydi.

Kiyevda Ukraina xavfsizlik xizmati polkovnigi otib ketildi

Kiyev shahrining Goloseyevskiy rayonida UXX xodimi o‘ldirilishi fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Maxsus xizmatdagi manbaning tasdiqlashicha, otib ketilgan shaxs – polkovnik Ivan Voronich.

Ukraina xavfsizlik xizmati ofitserning shaxsiga aniqlik kiritmagan, biroq qator manbalarda u polkovnik bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Mahalliy pabliklarda kuzatuv kameralaridan olingan va qotillik aks etgan video paydo bo‘ldi. Ukrainalik harbiy va razvedkachi, avvalroq UXXda ishlagan Roman Chervinskiy o‘z hamkasbi o‘ldirilgani haqida yozgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Voronich UXXda «hozirda rossiyaliklar uchun ko‘p muammo tug‘dirayotgan» yo‘nalishga asos solganlardan biri bo‘lgan.

Chervinskiy u ertalab soat 8 da uydan chiqayotganda «yaqin masofadan otilgan beshta o‘q uzish» bilan o‘ldirilganini qayd etgan. Hozirda politsiyachilar Kiyevdagi otishma tafsilotlarini o‘rganmoqda.

Mavzuga oid